Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi UNICEF bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda ko‘p o‘lchamli kambag‘allikni o‘lchash metodologiyasi” bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda. Ishlab chiqilayotgan metodologiya asosida O‘zbekistonda oila farovonligi indeksi joriy etiladi.
29 dekabr kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida tadqiqotning keyingi bosqichi sifatida O‘zbekistonda ko‘p o‘lchamli kambag‘allik tushunchasining xususiyatlari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Unda tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirok etishdi. Shuningdek, UNICEF tadqiqot markazining (Innochenti) xalqaro eksperti Gvizer Ris (Gwyther Rees) zum platformasi orqali onlayn qatnashdi. Ekspert ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha xalqaro tajriba va eng yaxshi amaliyotlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Davra suhbati UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan UNICEFning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi va UNICEF tadqiqot markazi (Innochenti) ko‘magida tashkil etildi.
Ushbu davra suhbatini o‘tkazishdan asosiy maqsad, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan ko‘p o‘lchamli kambag‘allik ta’rifini aniqlash bo‘yicha so‘rovnomaning dastlabki loyihasini muhokama qilishdan iborat.
Loyiha bo‘yicha ekspertlar tomonidan bir qancha asosli va ahamiyatli takliflar berildi. Berilgan takliflarni hisobga olgan holda so‘rovnoma takomillashtirilib, respublikaning barcha hududlarida aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning natijasida ko‘p o‘lchamli kambag‘allikning xususiyatlari aniqlanadi.
2021 yilning may oyi oxirida O‘zbekistonda ilk bor aholining minimal iste’mol xarajatlari (MIX) qiymatining dastlabki hisob-kitoblari e’lon qilindi. MIX bir oila a’zosi uchun kishi boshiga bir oyda 440 000 so‘mni, shundan oziq-ovqat xarajatlari 69 foizni va nooziq-ovqat xarajatlari 31 foizni tashkil etdi. Shunday qilib, mamlakatda monetar kambag‘allikni o‘lchashga harakat qilindi.
“Ma’lumki kambag‘allik atamasi ma’lum bir universal ta’rifga ega emas. Har bitta davlat o‘zining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda milliy ta’rifni yuritadi. Biz ham xuddi shu maqsadda ko‘p o‘lchamli kambag‘allikni O‘zbekiston xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aynan nima tushuniladi, qanday o‘lchamlar kiritib borishi kerakligi bo‘yicha bugungi davra suhbatida muhokama qildik. Xalqaro tajribalardan qaraydigan bo‘lsak, yetarli ozuqaga ega bo‘lish, ma’lum bir standartlarga mos keluvchi uy bo‘lishi, elektr tarmog‘i, sog‘liqni saqlash va ta’lim olish imkoniyatining mavjudligi hisobga olinadi. Lekin bularning hammasi umumiy tushunchalar. Aynan uning minimal darajasi, sifat darajasi qanday bo‘lishi kerakligi milliy konsultatsiyalar orqali aniqlab boriladi. Misol uchun, kambag‘allikni milliy o‘lchovi joriy etilishi O‘zbekistondagi aholini turmush tarziga xos bo‘lgan hususiyatlarni aks ettirgan holda uning farovonlik darajasini o‘lchash imkonini beradi,” – deydi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Ijtimoiy siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Umid Aliyev.
Suhbat davomida ekspertlar tomonidan inson yoki oilaning farovonligi haqida umumiy e’tirof etilgan ta’rifning yo‘qligi qayd etildi. Odatda, bu kabi tushuncha bir necha tarkibiy qismlar: sog‘liqni saqlash, ta’lim, sifatli oziq-ovqat, uy-joy, bandlik va boshqa shunga o‘xshash imkoniyatlardan iborat.
“Nima uchun kambag‘allikni o‘lchash muhim hisoblanadi? Hozirgi kunda dunyo aholisining 9,2 foizi paritet bo‘yicha kuniga 1,9 dollardan kam daromad topadi. Bundan tashqari, 107 ta rivojlanayotgan davlatdagi 1,3 mlrd. aholining hayot tarzi ko‘p o‘lchamli kambag‘al guruhiga mansub. Ya’ni, ko‘p o‘lchamli kambag‘allikni hisoblashda nafaqat daromadlar va xarajatlar bo‘yicha holat, balki sog‘liqni saqlash xizmatlari, sanitariya holati, xavfsizlik darajasi va yashash hududidagi infratuzulma kabi boshqa yashash sharoitlari ham hisobga olinadi. Ular asosan sog‘liqni saqlash xizmatlari, sanitariya holati, xavfsizlik darajasi va yashash hududidagi infratuzulma kabi ko‘plab ko‘rsatkichlar bilan o‘lchanadi.
Bolalar kambag‘alligi tushunchasi va uning ahamiyati katta yoshdagi aholi kambag‘alligi tushunchasiga nisbatan sezilarli darajada dolzarb hisoblanadi. Chunki yoshlikda orttirilgan nuqson insonning butun hayoti davomidagi faoliyatiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Xususan, ilmiy tadqiqotlar natijasida kambag‘allikning inson miya faoliyatiga salbiy ta’siri aniqlangan bo‘lib, kambag‘al bolalarda o‘zlashtirish darajasi nisbatan pastroq bo‘ladi. Qolaversa, butun hayot faoliyati davomida daromad topish ko‘rsatkichlari nisbatan past bo‘lganligi ham isbotlangan. O‘zbekiston aholisining 1/3 qismini bolalar va yoshlar tashkil etganligi sababli bolalar orasida kambag‘allikni o‘lchash O‘zbekiston misolida yanada muhim ahamiyat kasb etadi” deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi Hasanjon Majidov.
Keyingi 5 yil davomida xorijiy mamlakatlar tajribasidan foydalangan holda O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimi sezilarli darajada yaxshilanadi. Kambag‘allik chegarasini aniqlashga yondashuvlarda monetar va nomonetar usullar qo‘llaniladi. Qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida kambag‘allikni o‘lchashning nomonetar usullarini paralel ravishda o‘rganish rejalashtirilgan. Xususan, UNICEF usuli-Multidimensional Overlapping Deprivation Analysis (MODA) va BMTTD usuli - ko‘p o‘lchovli kambag‘allik Multidimensional Poverty Index (MPI).
MODA metodologiyasi asosan bolalar darajasida kambag‘allikni o‘lchash uchun qo‘llaniladi, ya’ni asosiy e’tibor bolalarga qaratiladi. MPI metodologiyasi O‘zbekistonda ikki ko‘rsatkichni birlashtirib ham kattalar ham bolalar orasida nomonetar ko‘p o‘lchamli kambag‘allik darajasini o‘lchash uchun qo‘llanadi, qolaversa, alohida uy ho‘jaliklari qamrab olinadi. MODA metodologiyasi yoshga doir ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilib, so‘rov bo‘yicha savollar mamlakat xususiyatlaridan kelib chiqib asosan chaqaloqlikdan 5 yoshgacha, 5 yoshdan 17 yoshgacha va 17 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi qatlami uchun alohida tuziladi. MPI metodologiyasida bu imkoniyat mavjud emas. Shu sababli bu ikki metodologiyani birlashtirib o‘lchovlar ishlab chiqiladi.
Davra suhbati davomida Karomat Nurullayev ushbu ikkala metodologiyani ham qo‘llab ko‘p qirrali nomonetar kambag‘allikni o‘lchagan Armaniston davlatida olib borilgan tadqiqot natijalari bilan tanishtirdi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan savolnoma uchun ko‘rsatkichlarni ishlab chiqishda aholining qishloq va shaharda yashovchi qatlamlari uchun alohida qolaversa, ko‘p qavatli uyda turuvchi aholi bilan hovlili uylarda yashovchi aholi qatlamlari uchun alohida ishlab chiqish taklifi berildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi eksperti Ravshan Isamutdinov aholini jinsi bo‘yicha ajratib alohida so‘rovnomalar o‘tkazish taklifin kiritdi. Ikkinchi navbatda aholining hunari bor yo‘qligi bo‘yicha ham ko‘rsatkich ishlab chiqish taklifini berdi.
Seminar ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni o‘lchash va Oila farovonligi indeksini hisoblash bo‘yicha milliy metodologiyani ishlab chiqish va amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu o‘lchovlar O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish va oilalar farovonligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash uchun foydali ma’lumotlar beradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi
Izoh qoldirish