Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi joriy yilning boshiga nisbatan 6 foizga yoki 2 mlrd dollarga oshgan holda, 35,9 mlrd dollarni tashkil qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yilning I yarim yilligida yangi qarzdorliklarning jalb qilinishi va asosiy qarz to‘lovlari amalga oshirilishi hamda kurslar o‘zgarishi hisobiga 22 mlrd dollarni tashkil qildi. Xususan, jahon bozorida O‘zbekistonning xalqaro obligatsiyalari narxlarining tushishi oqibatida davlat tashqi qarzi 3 foizga yoki 627,9 mln dollarga oshdi.
Shuningdek, 1 iyul holatiga ko‘ra, xususiy tashqi qarz 11 foizga yoki 1,4 mlrd dollarga oshdi. Ushbu o‘sish asosan banklar va boshqa sektorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilning II choragida «UZAUTO MOTORS» AJ tomonidan qiymati 300 mln dollar hamda 785 mlrd so‘m miqdoridagi qimmatli qog‘ozlarni 4,85 foiz stavkasi bilan 5 yillik muddatga xalqaro moliya bozoriga joylashtirgan. Buning oqibatida boshqa sektorlar qarz tarkibi o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sgan.
Yalpi tashqi qarzning 83 foizini yoki 32,4 mlrd dollarini kreditlar va qarzlar tashkil etadi. Umumiy tashqi qarzning YaIMga nisbati esa 57 foizni tashkil qildi.
Shuningdek, I yarim yillikda jami 4,4 mlrd dollariga teng qarz jalb qilingan. Ushbu qarzning 1,2 mlrd dollari davlat sektoriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 3,2 mlrd dollari xususiy sektor tomonidan jalb qilingan.
Asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini banklar, neft-gaz, energetika hamda boshqa sektor korxonalari to‘lab kelayotgani keltirib o‘tilgan.
Davlat tashqi qarz bo‘yicha 353,4 mln dollar miqdordagi asosiy qarz va 206,5 mln dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan. Xususiy tashqi qarz to‘lovlari esa asosiy qarz bo‘yicha 1,6 mlrd dollar, foiz to‘lovlari bo‘yicha 238,8 mln dollar miqdorida to‘langan.
Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov davlat qarzini YaIMga nisbatan 45−50% chegarasida ushlab turish rejalashtirilayotgani haqida gapirgan edi.
Izoh qoldirish