O‘zbekistonda 2000 ga yaqin hukumat qarori o‘z kuchini yo‘qotdi

O‘zbekistonda 2000 ga yaqin hukumat qarori o‘z kuchini yo‘qotdi

Bugungi kunga kelib, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida qonun hujjatlarining soni 35 mingdan ortiq.

Xabar berilishicha, bir masala yuzasidan bir nechta hujjatlarning mavjudligi fuqarolar hayoti va tadbirkorlar faoliyatida quyidagi muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar muayyan masala bo‘yicha aynan qaysi hujjatga amal qilishi kerakligi yuzasidan savollarni tug‘dirmoqda. Natijada masalani tushunish va unga huquqiy yechim topish uchun yuzlab hujjatlarni ko‘rib chiqishga to‘g‘ri kelmoqda.

Ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bog‘liq sarf-xarajatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Uchinchidan, hujjatlar o‘rtasida ziddiyatlar takrorlanishlarni keltirib chiqarmoqda, va natijada hujjatlarning amaliyotda qo‘llanilishida qiyinchiliklar kelib chiqmoqda.

Ta’kidlanishicha, shu kabi muammolarning dolzarbligini inobatga olgan holda Adliya vazirligi tomonidan barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish orqali qonunchilik bazasini qisqartirish yoki boshqa so‘z bilan aytganda, kesib tashlash («tartibga soluvchi gilyotina» usuli orqali) ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Shu yo‘nalishda, jumladan, 2020 yilda 500 ga yaqin hujjatlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Prezidentining farmoni qabul qilindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2000 ga yaqin hujjatlarining o‘z kuchini yo‘qotishini nazarda tutuvchi hukumat qarori qabul qilindi.

Shu kunlarda «Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi.

Mazkur farmon loyihasida quyidagilar taklif etilmoqda:

  • tadbirkorlik, savdo, mulk huquqi, qurilish, xususiylashtirish, transport, sog‘liqni saqlash, pasport, propiska tizimi sohasidagi hujjatlarni to‘liq ko‘rib chiqib, har bir soha kesimida ularni birlashtirish;
  • o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, bir-birini takrorlovchi va bugungi kun talablariga javob bermaydigan hujjatlarni aniqlash va ularni bekor qilish;
  • eskirgan hujjatlarning kerakli qoidalarini predmeti bo‘yicha yaqin boshqa hujjatlarga ko‘chirish;
  • davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tizimlashtirish orqali ularning sonini qisqartirish;
  • yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat shakliga o‘tkazish orqali ayrim idoraviy hujjatlarni bekor qilish.

Farmon loyihasida belgilangan ustuvor vazifalar o‘zining ahamiyati va ko‘lamidan kelib chiqib, juda keng qamrovli ishlar qilinishini taqozo etadi. Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni bosqichma-bosqich ravishda 2021–2025 yillar davomida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish yoki boshqa so‘z bilan aytganda ularni kamaytirish:

  • birinchidan, fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan aynan qaysi hujjatdan foydalansa, to‘g‘ri bo‘ladi degan savolga yechim topiladi;
  • ikkinchidan, huquqiy axborotdan foydalanishda va huquqshunos xizmatlari bilan bog‘liq sarf-xarajatlar qisqarishiga xizmat qiladi;
  • uchinchidan, qonunchilikdagi takrorlanishlar va tafovutlarning bartaraf etilishiga olib keladi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar