– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?
– Men, Doniyorxo‘ja Madaminov Rasulxo‘jayevich 2022 yil yanvar oyidan buyon Farg‘ona tumani “Mozortagi” MFY hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelmoqdaman. Avval viloyat Pensiya jamg‘armasida turli lavozimlarda ishlab, ushbu lavozimga Pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyat boshqarmasining ijtimoiy himoya yagona reyestr axborot tizimini muvofiqlashtirish sho‘’basi rahbari lavozimidan o‘tganman.
O‘zim faoliyat yuritayotgan mahalla fuqarolar yig‘inida tug‘ilib o‘sganman. Avvalgi ish tajribam fuqarolar bilan kechadigan muloqotimda juda asqotdi. Qolaversa, shu yerda tug‘ilib o‘sganim ham menga ancha qo‘l keldi, desam yanglishmagan bo‘laman. Iqtisodiyot yo‘nalishida faoliyat olib borganim uchun ish faoliyatimda Xitoy tajribasini qo‘llaganim ham ayni muddao bo‘ldi.
– Mahallangizning joylashuvi, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz. 2022 yilda mahallabay ishlash tizimi joriy etilganidan buyon o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aholining ijtimoiy tarkibi va farovonligi bo‘yicha qanday ma’lumotlar olindi?
– Mahalla tuman markazidan 18 km. uzoqlikda, Farg‘ona shahar markazidan 12 km. uzoqlikda joylashgan bo‘lib, hudud iqtisodiyotining o‘sish drayveri xizmat ko‘rsatish (turizm) va chorvachilik sohalaridir. Aholi asosan ushbu faoliyat turlari bilan shug‘ullanishdan daromad oladi.
O‘rganishlar davomida mahallada 3198 nafar aholi istiqomat qilishi aniqlandi. Shundan aholining mehnatga layoqatli qatlami o‘z xonadonida chorvachilik, asalarichilik va turli xildagi xizmat ko‘rsatish ishlari bilan band. Mahallada dastlabki xatlov natijalariga asosan 245 nafar ishsiz fuqaro aniqlangan. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida, o‘z tajriba va imkoniyatlaridan kelib chiqib imtiyozli kredit, subsidiya berish orqali yoki doimiy hamda jamoat ishlariga band qilishda ko‘maklashib kelinmoqda.
– So‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi? Bu lavozimda ishlaganingizning birinchi yilida aholining turmush sharoiti va farovonligini oshirish borasida nimalarga erishdingiz?
– Yuqorida aytilganidek, mahalla rivojlanishining asosiy drayveri – xizmat ko‘rsatish (turizm) sohasidir. So‘rovnomalar va tahliliy ma’lumotlarga asoslanib, dastlab ishsiz va kam ta’minlangan fuqarolar hamda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar o‘rganildi, ular bo‘yicha alohida ish olib borildi. 2022 yil davomida 48 nafar ishsiz hamda daromad olish istagi bo‘lgan fuqaroga oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun jami 850 mln so‘m mablag‘, 12 nafar ishsiz xotin-qizga subsidiya asosida 68 mln so‘mlik mehnat qurollari olib berildi. Bundan tashqari 16 ta yangi yuridik, 22 nafar YaTT sub’yekti tashkil etish orqali 45 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga hamda ishsiz fuqarolarni bandligi ta’minlanishiga erishildi. Hududda joylashgan xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, xususan, dam olish maskanlariga 128 nafar ishsiz fuqaroni mavsumiy ishga yo‘naltirilib, daromad olishlariga ko‘maklashildi.
– 2023 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?
– 2023 yil davomida mahallada ishsiz erkak-ayollar va yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi, 12 nafariga subsidiya asosida mehnat qurollari olib berildi, 42 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratildi, 21 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti tashkil etildi, 42 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanishiga erishildi. Tashabbusli byudjet loyihasida ketma-ket ikki marotaba g‘oliblikni qo‘lga kiritish orqali 3,8 km uzunlikdagi ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi hamda 38-maktabning moddiy texnika bazasi mustahkamlandi.
– 2023 yilda hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga oid qator qarorlar qabul qilindi. Mahallalarning reytingi joriy etildi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti joriy etildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengashlar tashkil etildi. Ushbu qarorlar munosabati bilan mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi, yangi tarkibdagi faollarning ishi qanday va bu qarorlar faoliyatingiz samaradorligiga nechog‘lik ta’sir ko‘rsatdi?
– Mamlakatimizda mahalla institutining jamiyatdagi rolini oshirish va uni tubdan rivojlantirib borilishi, bu bevosita xalqimiz turmush tarzining farovonligi oshishiga asosiy dastak bo‘ladi, deb hisoblayman. Bunda har bir yettilik a’zolariga belgilangan vazifa va majburiyatlarning bajarilishi, fuqarolar bilan individual ishlash hamda muammolarni hal etish orqali kambag‘allikdan chiqarishga, o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishlariga imkon yaratib kelinmoqda.
– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?
– Mahallani rivojlantirish dasturi ishlab chiqilib, dastlab mahallaning aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi omillarni bartaraf qilish belgilab olingan. Xususan, mahallaning infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llarini ta’mirlash, elektr ta’minotidagi muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borildi, tadbirkorlarga sharoit yaratish bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Albatta, sharoit bor joyda rivojlanish bo‘ladi. O‘tgan davr mobaynida 48 nafar yangi tadbirkorlik sub’yekti ochilib, hududimizda ilgari mavjud bo‘lmagan xizmat turlari tashkil etilishiga erishildi. Mahallani rivojlantirishga Respublika va mahalliy byudjet hisobidan 6,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Hududdagi Avval qishlog‘iga Turizm qishlog‘i maqomini olish rejasi ishlab chiqilib, bu bo‘yicha takliflar berilgan.
Farg‘ona tumani Avval qishlog‘i hududining (“Birdamlik”, “Avval”, “Mozortagi”, “Qorasuv”, “Oqtepa”, “O‘rtaqishloq” va “Damko‘l” MFY) “turizm qishlog‘i” maqomini berish uchun mavjud salohiyati to‘g‘risidagi ma’lumot.
Avval qishlog‘i hududida 4110 ta xonadon mavjud bo‘lib, jami aholi soni 19046 tani tashkil etadi. Qishloq Farg‘ona shahar markazidan 15 km. uzoqlikda joylashgan bo‘lib, jamoa transportlari va boshqa yengil rusumdagi yo‘nalishli taksi (avtobus, Damas va boshqa yengil avtomobillar) qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hududni turizmga ixtisoslashtirilgan qishloqqa aylantirish hamda kelayotgan xorijiy va mahalliy mehmonlarni olib qolish kunlarini uzaytirish uchun quyidagi qo‘shimcha xizmat turlari tashkil etilishi zarur. Jumladan:
- 20 dan ortiq xonadonda milliy oilaviy mehmon uylari;
- avtoturargohlar;
- yo‘l ko‘rsatkichlar;
- turistik xarita;
- Wi-Fi zonalar;
- sanitar-gigiyenik shoxobchalari;
- turizm axborot markazi.
Prezidentimizning 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 232-sonli qaroriga muvofiq, 2022 yil 1 iyuldan boshlab “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomi berilgan hududlarda mehmon uylari, ovqatlanish, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari (xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi va aylanmadan olinadigan soliq stavkasini – 1 foiz) tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, ushbu qaror bilan oilaviy mehmon uylarini ta’mirlashga 100 mln. so‘mgacha, mebel, maishiy texnika va boshqa buyumlar bilan jihozlashga 50 mln. so‘mgacha hamda suzish havzalarini tashkil etishga 200 mln so‘mgacha loyihalarni moliyalashtirish uchun tadbirkorlarga kreditlar berilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu imtiyozni qo‘llash bilan qishloq hududida samarali natijalarga erishish mumkin bo‘ladi. Jumladan:
– sayyohlar oqimi 50 ming nafarga oshishi mumkin;
– turizm xizmatlari aylanmasi shakllanadi;
– turizm sohasi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan daromad topishlari uchun imkoniyat yaratiladi va 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishiga sabab bo‘ladi;
– aholining tungi vaqtda hordiq chiqarish, madaniy ob’yektlarga borishlari uchun shart-sharoitlar yaratiladi;
– yoshlarning bilim va salohiyatlarini namoyon etishi va tadbirkor faoliyatlarini boshlashi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi;
– Respublikaning yetakchi turoperator va turagentlarining filiallari tashkil etiladi va ular tomonidan sayohlarni jalb etish imkoniyatlari oshadi.
Qishloq hududida hozirgi kunda bir qator turizm xizmatlari va ob’yektlari mavjud. Ular orasida Xo‘jamposhsho ziyoratgohi va chilla saqlagan g‘ori, tabiiy shifobaxsh buloqlar, milliy taomlar choyxonalari, park-attraksionlar, “Yetti buloq” sanatoriysi, xonadonida tovus, otlar mavjud bo‘lgan xonadonlar (bu orqali otda sayr qilish xizmatlarini tashkil etish imkoniyati mavjud), madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar xizmati (dorbozlar, milliy askiya, raqqoslar), selfi-ob’yektlar, sayyohlarga gastronomik xizmatlar (milliy taomlar, oshpazlar tanlovi, mahorat darslari), haftaning har shanba kuni bo‘ladigan bozor (dehqon, oziq-ovqat, buyum, mol, qushlar va boshqalar), sog‘lomlashtirish markazi xizmatlari (uqalash, sheyping, SPA), go‘zallik markazi xizmatlari, zamonaviy fotosalon, shoir Hamza Hakimzoda Niyoziy uy-muzeyi, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, Jome masjidi va boshqalar bor.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– Kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi bir nechta omillar mavjud. Oiladagi boshlang‘ich tarbiya, tadbirkorlikni boshlash uchun boshlang‘ich sarmoyaning mavjud yoki yetarli emasligi, diyonatli bo‘la olmaslik hamda uquv-malakasizlik oqibatida boqimanda kayfiyatga kelib qolish kabi omillarni aytish mumkin. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli belgilab berilgan barcha vazifa va moliyaviy instrumentlarni jalb qilish, kambag‘al oilaning har bir a’zosi bilan individual ishlash orqali aholini kambag‘allikdan chiqarish mumkin.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– Faoliyatim davrida 51 nafar tadbirkorlik sub’yekti yangidan tashkil etildi. Shundan 27 nafar yuridik, 24 nafar YaTT faoliyati ish boshladi. Buning negizida 100 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishiga erishilib, mahallada ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan, qo‘shimcha imkoniyati mavjud tadbirkorlik sub’yektlari ajratib olinib, alohida ishlash va moliyaviy ko‘maklashish orqali ularning faoliyatini kengaytirishga erishildi. Misol uchun “AXRORBEK MIRBOBO FAYZ” MChJning qo‘shimcha bo‘sh turgan yer maydoniga milliy shirinliklar ishlab chiqarish va tantanali to‘y marosimlari o‘tkazish xizmatlarini tashkil etish orqali 14 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
– Sizning mahallangizda tajribali tadbirkorlar bormi va ular bilan qanday ishlayapsiz? Bunga misol keltira olasizmi?
– Hududda muvaffaqiyatga erishib kelayotgan tajribali tadbirkorlar ko‘p. Bunday lider tadbirkorlar bilan alohida ishlash va ularga kam ta’minlangan oilalardagi ishsiz fuqarolarni biriktirib berish (otaliqqa olish) orqali kam ta’minlangan oilalarga daromad kirishiga erishilmoqda.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu insonlarga o‘z bizneslarini boshlashi va mahalliy iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga yordam berish uchun nima ishlar qilinmoqda?
– Mahallamizda hozirda turli davlatlarda 120 dan ortiq mehnat muhojiri mavjud. Har bir migrant bilan videomuloqotlar amalga oshirilib, ishlayotgan davlatidagi “ish beruvchi kim, necha pul oylik oladi, hujjatlari mavjudmi, oyliklarni olishda muammolar yo‘qmi” va boshqa shu kabi savollarga javob olinadi. Agar fuqarolarimiz ishlaridan qoniqish hosil qilmasa, O‘zbekistonda yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishtirilib, yurtiga qaytib kelsa, bandligini ta’minlash, daromad olishga ko‘maklashish uchun imtiyozli kredit va boshqa jihatlar bo‘yicha tushuntirishlar beriladi. Xorijdan qaytib kelgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlarga ijara asosida uzoq muddatli yer ajratish, doimiy mavsumiy ishlarga jalb qilish yoki subsidiya, imtiyozli kredit berish kabi amaliy yordamlar amalga oshirilmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– Hokim yordamchilari instituti bu Yangi O‘zbekistonda yangicha kreativ fikrlash, demakdir. Amaliyotda tadbirkorlar va kam ta’minlangan, ishsiz qatlam bilan ishlash bu har bir hokim yordamchisining tajribasini, mehnat faoliyati davomida malakasini oshirib boradi. Yashirin iqtisodiyotga barham berish uchun qo‘shimcha vakolatlar berish maqsadga muvofiq. Faoliyatimiz davomida har qanday byurokratik to‘siqlarni yo‘q qilish, muammolarni bartaraf qilish choralarini ko‘rish ishimizning samaradorligini yanada oshiradi deb bilaman.
– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?
– Muhimi, mahallada fuqarolarda davlatga ishonch tuyg‘usini uyg‘ota oldik. Bu holatga faoliyatim davomida uchrashuvlar, suhbatlar hamda amalga oshirilayotgan va oshirilib kelinayotgan islohotlar jarayonida ko‘p bor guvoh bo‘ldim. Yaqin kelajakda hokim yordamchisi lavozimiga tegishli majburiyatlarim va o‘z oldimga qo‘ygan qo‘shimcha talablarni bajarishim uchun katta maqsad va vazifalar belgilab olganman. Faoliyat olib borayotgan hududim hamda atrofimdagi 5 ta mahallaga “turizm qishlog‘i” maqomini olish orqali xududimizga investitsiya kirib kelishi, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari belgilanishi, ishsizlarning bandligi ta’minlanishiga erishish kabi maqsadlarni o‘z oldimga qo‘yganman. Qolaversa, mahallamga davlat rahbarining tashrifini tashkil etish uchun bor kuch-salohiyatimni safarbar etish – bosh maqsadim!
Jamoliddin Turdimov, CERR
"Iqtisodiy sharh" jurnali №8/2024
Izoh qoldirish