"Quvayt – Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviareys ochiladi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Quvaytning «Jazeera Airways» aviakompaniyasi vitse-prezidenti Ravindran Bxaratxan boshchiligidagi delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumot uchun: «Jazeera Airways» Quvaytning eng yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoning 40 ga yaqin mamlakatiga muntazam reyslarni amalga oshiradi hamda eng yangi A 320 samolyotlar parkiga ega. Muzokaralar davomida Quvaytdan O‘zbekistonning shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizga quvaytlik sayyohlar oqimini oshirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Quvayt tomonga O‘zbekistonning turistik salohiyati, turizm sohasidagi islohotlar, fuqarolik aviatashuvlari bozorini liberallashtirishga oid chora-tadbirlar, hududiy aeroportlarda «ochiq osmon rejimi»ning joriy qilinishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, respublikamizda jahon xavfsizlik standartlariga javob beruvchi va tibbiyot sohasidagi so‘nggi yutuqlarga muvofiq sayyohlar uchun yaratilgan yangi «Uzbekistan. Safe travel GUARANTEED» sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimiga e’tibor qaratildi.

Quvayt delegatsiyasi vakillari 2021 yilning mart oyidan «Quvayt – Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviareys ochilishiga, kelgusida esa O‘zbekistonning boshqa turistik markazlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati mehmonlarni «Jazeera Airways»ning O‘zbekistonga parvozlar geografiyasini kengaytirishga doir tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga hamda tez orada aviareyslarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat olishga ko‘mak berishga ishontirdi.

Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, tomonlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini Quvaytda targ‘ib qilish, ushbu arab davlatida mamlakatimizning tanilishi va sayyohlar oqimini oshirishga yo‘naltirilgan promo-tadbirlar va info-turlarni birgalikda o‘tkazishga kelishib olishdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar