Ishchi guruh faoliyatida eng og‘ir, eng chekka, eng olis hududlarda, mahallama-mahalla, qishloqma-qishloq, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurilib, aholi bilan muloqot qilib, ularning muammolarini imkon qadar joyida bartaraf etishga e’tibor qaratilmoqda.
Sektorlar va mahallalar kesimida ishchi guruhlar tashkil etilib, sohaviy tashkilotlar rahbarlari va ishchi guruh a’zolari mahallalarda uyma-uy yurib, aholi uchun dolzarb muammolarni aniqlash va hal etishga mas’ul etib belgilandi.
O‘rganishlar davomida aholi sog‘lig‘ini yaxshilash, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holati yaxshilash kabi sohalarga alohida e’tibor qaratilyapti.
Aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 953 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan 80 nafar bemorning 35 nafari Buxoro viloyatidagi shifoxonalarga davolanish uchun yotqizildi, 45 nafarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy shifoxonalariga davolanishga yuborildi. Tuman markaziy shifoxonasida Buxoro viloyatining shifokorlari bilan birgalikda 5 nafar fuqarolarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 25 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga reabilitatsiya vositalari yetkazib berildi.
Shu bilan birga, 127 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 95 nafar fuqarolarga 665 mln. so‘m subsidiya mablag‘lariga asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi. Tijorat banklari tomonidan 4,7 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tumanda mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, 169 ta loyihaga 1,7 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
“Yoshlar daftari” jamg‘armasi tomonidan 61 nafar yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga 121,01 mln. so‘m yordam mablag‘lari ajratildi. “Temir daftar”ga kiritilgan, ehtiyojmand 28 ta oilalarga ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Sahovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 29,1 mln. so‘m bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan “Amudaryo” mahallasida yashovchi M.Nurimbetov, “Mustaqillik” OFYda yashovchi S.Karyardiyeva, “Shag‘alakol” MFYda yashovchi L.Nurmuxanovalarning uy-joylari ta’mirlab berildi. Bundan tashqari, M.Ametovaning uyiga yangidan isitish tizimi o‘rnatib berildi.
70 ta ehtiyojmand oilalarga 50 tonna ko‘mir mahsuloti, 135 ta xonadonga ehtiyojidan kelib chiqib turli amaliy ko‘maklar berildi.
Tumanda yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma holatini yaxshilash ham ishchi guruh a’zolari e’tibori markazida bo‘lyapti.
Jumladan, tumanda 26,6 km uzunlikdagi ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Aholi talabidan kelib chiqib, qo‘shimcha 19,2 tonna suyultirilgan gaz yetkazildi, 440 ta gaz taqsimlash punktlari, 320 ta aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.
Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida “Janajap”, “Samanko‘l”, “Kolap”, “Kun nuri” mahallalarida 124 dona temir beton tayanchlar, 2 ta transformator o‘rnatildi, 2,2 km tarmoq tortildi.
Ko‘mir ta’minoti bo‘yicha tumandagi 13 ta mahalla aholisi uchun 56 tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berildi.
Respublika ishchi guruhi Xo‘jayli tumanidagi faoliyatini davom ettirmoqda.
Izoh qoldirish