Respublika ishchi guruhi: o‘z yechimini topayotgan muammolar

Respublika ishchi guruhi: o‘z yechimini topayotgan muammolar

Ishchi guruh tarkibiga Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimlari, 18 ta respublika vazirlik va idoralari, viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar mas’ullari jalb etildi.

Respublika ishchi guruhi viloyatning barcha tuman va shaharlarida “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni o‘rganish, dolzarb va yechimini kutayotgan muammolarni xonadonbay, mahallabay hal etish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.

Jumladan, guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida bevosita aholi murojaatlaridan kelib chiqqan holda 2022 yil 25 oktyabrida qabul qilingan “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorining ijrosini ta’minlash belgilangan.

O‘rganishlar davomida mazkur qaror ijrosi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan qator kamchiliklar va bajarilmagan ishlar aniqlandi.

Xususan, viloyat bo‘yicha rejalashtirilgan ba’zi ijtimoiy soha ob’yektlarning qurilish ishlari boshlanmaganligi, ta’mirlanishi rejalashtirilgan ichki yo‘llar, joylarda ichimlik suvi ta’minoti, yangi elektr tarmog‘i tortish va qo‘shimcha gaz quvuri o‘tkazish kabi muhim yo‘nalishlarda kamchiliklar aniqlandi.

Misol uchun, Ulug‘nor tumani “Yangiobod” mahallasi hududida temir-beton ustunlar o‘rnatilganiga 2 yildan ortiq muddat o‘tgan bo‘lsa-da, elektr kabeli tortilmagan, oqibatda 100 dan ortiq aholi xonadonlarining elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelmoqda. Bo‘ston tumanida A373 “Toshkent-O‘sh” xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lining 45 km qismini ta’mirlash ishlari 10 yildan buyon yakuniga yetkazilmagan. Izboskan tumani “Iftixor”mahallasi Zamondosh ko‘chasida 2,8 km suv quvurining tortilishi uchun 2 mlrd. so‘mlik loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan. Biroq, bugungi kunga qadar mablag‘ ajratilmagan va boshqalar.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, Respublika ishchi guruhi tomonidan qator amaliy ishlar olib borildi.

Xususan, joylarda ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash bo‘yicha 7,8 km yo‘l ta’mirlandi, 2 dona yangi transformator o‘rnatildi, 24 ta temir-beton tayanchlar o‘rnatildi, yangi elektr tarmog‘i tortilmoqda. Ichimlik suvi ta’mingotini yaxshilash borasida 54 ta mahallada 18,1 km tarmoq totildi, Jalaquduq tumani “Xasanqovoq” mahallasi va Izboskan tumani “Iftixor” mahallasida suv minoralari ta’mirlandi.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibor markazida bo‘lib qolmoqda.

Viloyatda 2 420 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklarda aniqlangan 73 nafar bemorlar hududiy shifoxonalarga yotqizildi, 28 nafariga viloyat shifoxonalariga order berildi. Shaxrixon tumanida 4 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bundan tashqari, 14 nafar kam ta’minlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari, 31 nafariga kiyim-kechaklar bepul yetkazildi.

Respublika ishchi guruhi faoliyati viloyatda davom etmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar