2024 yil natijalari
O‘tgan yili 108 ta loyihalar amalga oshirilib (rejaga nisbatan 119%), umumiy qiymati 2,8 trln so‘mlik 89 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi. Jumladan, poliefirli va akril polimer ranglar, avtobus va yuk avtomobillari uchun isitish pechlari, termoplastinkali kley hamda emallangan mis sim kabi 27 turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirildi. Natijada: 550 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 215,2 mln dollarlik import o‘rni bosildi va 114,6 mln dollarlik eksport hajmi ta’minlandi.
Bu ko‘rsatkichlar Samarqand viloyati sanoatining barqaror rivojlanishi, importdan mustaqillikka erishish va eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, 35 ta korxonada ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga tushirish orqali yiliga 934,6 mlrd so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Xususan: “Azia Metall Prof” MChJ QK yiliga 120 ming tonna metaldan armatura ishlab chiqarish quvvati bilan 723,5 mlrd so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarishi mumkin. “Kamalak Tekstil” MChJ rezinali gilam ishlab chiqarishni to‘liq quvvatda yo‘lga qo‘ysa, 44,7 mlrd so‘mlik qo‘shimcha mahsulot hajmiga ega bo‘ladi. “Trade and Sales Professional” MChJ suv o‘lchagich uskunalar ishlab chiqarishda 54 mlrd so‘mlik hajmni qo‘shishi mumkin.
Tadbirkorlarning moliyalashtirish manbalari ham tahlil qilindi: 61% o‘z mablag‘lari, 28% bank kreditlari, 11% xorijiy investitsiyalar hisobiga sarmoya kiritayotganini bildirgan.
2025 yil rejalari
2025 yilda 23 ta korxona tomonidan 38 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni 2,8 trln so‘mlik hajmda ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Jumladan: “Azia Metall Prof” MChJ QK rux va polimer qoplamali tunukadan uy-joylar uchun sayding panellar va metall cherepitsa ishlab chiqaradi. “Glass Elegant” MChJ olovbardosh oynadan laboratoriya idishlari va eshik-oyna mahsulotlari tayyorlaydi. “Pharm Partners Group” MChJ suv xo‘jaligi uchun sprinsovkalar ishlab chiqaradi. “Elxoldind” IIChB tomonidan yuk tashuvchi elektr mototsikllar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.
Sanoat kooperatsiyasida o‘sish
2025 yilda tarmoq va hududiy korxonalar o‘rtasidagi kooperatsiya doirasida 41 ta yetkazib beruvchi korxona 48 turdagi mahsulotlarni 1,9 trln so‘mlik hajmda yetkazib berishni rejalashtirgan. Xususan: “URAMAS KABEL” MChJ elektrotexnika sanoati uchun 14 mlrd so‘mlik boshqaruv kabel to‘plamlari ishlab chiqaradi; “AZIA METALL PROF” MChJ QK qurilish sanoati uchun 442 mlrd so‘mlik armatura yetkazib beradi; “LOGIC AUTOMOTIVE AND ENGINEERING” MChJ XK avtomobilsozlik sanoati uchun 8,2 mlrd so‘mlik avtobus plastmassa o‘rindiqlari tayyorlaydi; “PUREMILKY WORKS” MChJ oziq-ovqat sanoati uchun 6 mlrd so‘mlik quritilgan sut zardobi ishlab chiqaradi.
Maqsad – import o‘rnini bosish va eksportni ko‘paytirish
Tahlillar mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga tushirish orqali import xarajatlarini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish imkonini tasdiqlamoqda.
Shu bilan birga, korxonalarning o‘zaro kooperatsiyasi hududning iqtisodiy samaradorligini oshirib, Samarqand viloyatining investitsiyaviy jozibadorligini yanada mustahkamlaydi.
Mahalliylashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalari
2025 yilda Samarqand viloyatida mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan yirik sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda quyidagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Samarqand shahrida po‘lat eritish va qora metall ishlab chiqarish loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyihaning hamkori – “Xinjifng Zhongde Jiarun Trade Co.Ltd” kompaniyasi. Korxona yiliga 600 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati 196 million dollarni tashkil etadi. Byudjetga tushum 35 milliard so‘mga teng bo‘lib, 70 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, loyiha doirasida yiliga 15 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Loyiha tashabbuskori – “Azia Metall Prof” MChJ QK.
Nurobod tumanida yirik formatli keramogranit ishlab chiqarish zavodi loyihasi amalga oshiriladi. Bu loyiha “Lasselsberger group Co.Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Korxona yiliga 5 million tonna keramogranit ishlab chiqaradi. Loyiha qiymati 100 million dollar bo‘lib, 20 milliard so‘m byudjet tushumlari ta’minlanadi va 50 ta ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, yiliga 3 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. Loyiha tashabbuskori – “Cemix” MChJ.
Shuningdek, “Samferre” MChJ korxonasi tomonidan ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, korxonada maishiy gaz plitalari, sovutgichlar, muzlatgichlar, vitrinali sovutgichlar, konditsionerlar, changyutgichlar va maishiy isitgichlar ishlab chiqarilmoqda. Jami ishlab chiqarish quvvati gaz plitalari bo‘yicha 100 ming dona, sovutgichlar 30 ming dona, muzlatgichlar 20 ming dona, vitrinali sovutgichlar 25 ming dona, konditsionerlar 12 ming dona, changyutgichlar 60 ming dona va maishiy isitgichlar 100 ming donani tashkil etadi.
Bundan tashqari, ushbu korxonada maishiy texnikalar uchun toblangan oynalar, misdan tayyorlangan Freon o‘tkazuvchi kapilyar trubkalar, sovutgich va muzlatgichlar hamda gaz plitalar uchun panjaralar, maxsus kabel to‘plamlari, vitrinali sovutgichlar uchun LED lampalar, sovutgich va muzlatgichlar uchun plastik HIT listlar mahalliylashtirilgan holda ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, “Paxtachi Rodnik Yog”, “Mirankul Construction Materials” va boshqa korxonalar tomonidan ham bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar viloyatning sanoat salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish