Saudiya Arabistonida bo‘lib turishi doirasida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Madina shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Madina mintaqasi amiri shahzoda Faysal bin Salmon al-Saud bilan uchrashdi.
Uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi. Xususan, Samarqand va Madina shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Podshoh Faysal nomidagi Islomshunoslik markazi bilan Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning salohiyati ham qayd etildi.
Delegatsiya a’zolari bir qator sanoat va madaniyat maskanlarida bo‘ldi. Jumladan, biznes-inkubatorga tashrif davomida aholini hunarmandchilik va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha Saudiya Arabistoni tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, Payg‘ambarimizning hayoti va Islom sivilizatsiyasi xalqaro muzeyi ziyorat qilindi va u yerda Saudiya Arabistoni tomoni madaniy va tarixiy merosni targ‘ib qilishda innovatsiyalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha erishilgan yutuqlarni taqdim etdi.
Uchrashuv yakunida ikkala tomon ham manfaatdor bo‘lgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Izoh qoldirish