Shavkat Mirziyoyev Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri va uning o‘rinbosarini “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri va uning o‘rinbosarini “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirladi

Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko va uning o‘rinbosari Oleg Gridnevga prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan ta’sis etilgan “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni topshirildi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida turli yo‘nalishlar, shu jumladan, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik faollashmoqda. Tibbiyot xodimlari uchun muntazam ravishda o‘tkazilayotgan konferensiyalar, o‘quv kurslari, amaliyotlar, tajriba almashish va o‘zaro yordam yangi koronavirus infeksiyasi tufayli yuzaga kelgan og‘ir epidemiologik vaziyatda birdamlikning yaqqol ifodasi bo‘lgan.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi qisqa vaqt ichida o‘zbekistonlik hamkasblariga koronavirusga qarshi kurashishda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish uchun 75 nafar yetakchi tibbiyot mutaxassisini yubordi.

Shuningdek, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati bilan hamkorlikda O‘zbekistonga 1400ta to‘plam test tizimlarini taqdim etdi. Bu virusni o‘z vaqtida aniqlash va koronavirus tarqalishining oldini olishga ko‘mak berdi.

Vazir Mixail Murashko mukofot uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida samarali hamkorlik qilish, shu jumladan, O‘zbekistonda Rossiya universitetlari filiallarini ochishga umid bildirdi, deyiladi xabarda.

“Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 26 maydagi farmoniga muvofiq, koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga beminnat ko‘mak berish borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shgan shaxslar va xorijiy fuqarolarni taqdirlash maqsadida ta’sis etilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar