Surxondaryo viloyatida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish holati: tahlil natijalari va mavjud ehtiyojlar

Surxondaryo viloyatida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish holati: tahlil natijalari va mavjud ehtiyojlar

O‘rganish doirasida jami 724 nafar hokim yordamchisidan 666 nafari ishtirok etdi. So‘rovnoma mahallalarda mavjud bo‘lishi tavsiya etilgan xizmat turlarining amaldagi holatini baholashga qaratildi va ushbu baholash PQ-5113-son qaror talablaridan kelib chiqqan holda olib borildi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha har 10 ming nafar aholiga o‘rtacha 32 ta oziq-ovqat do‘koni to‘g‘ri keladi. Ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich pastroq bo‘lib, xususan, Bandixonda 24 ta, Qumqo‘rg‘onda va Oltinsoyda 26 tadan tashkil etadi. Kiyim tikish va ta’mirlash xizmatlari 7 tani tashkil etgan bo‘lsa, Bandixon va Oltinsoyda 4 tadan qayd etilgan. Umumiy ovqatlanish xizmatlari 6 taga teng bo‘lib, Qumqo‘rg‘on va Oltinsoyda 4 tadan faoliyat yuritmoqda. Avtotransportga texnik xizmat ko‘rsatish ob’yektlari 5 tani tashkil etib, Bandixon va Jarqo‘rg‘onda 3 tadan mavjud. Sartaroshxonalar ham o‘rtacha 5 ta bo‘lib, Qumqo‘rg‘on, Denov va Sherobodda 4 tadan qayd etilgan.

Xususiy maktabgacha ta’lim xizmatlari har 10 ming aholiga 5 tadan to‘g‘ri keladi, Boysun va Oltinsoyda 3 tadan faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, avtotransport vositalarini yuvish shoxobchalari 4 ta (Sariosiyoda 3 ta), dorixonalar 4 ta (Bandixon, Qumqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida 2 tadan), o‘quv markazlari 3 ta, go‘zallik salonlari 2 ta (Qumqo‘rg‘on, Sherobod va Oltinsoyda 1 tadan), sport-sog‘lomlashtirish markazlari 2 ta hamda xo‘jalik mollari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini ijaraga berish xizmatlari 2 tani tashkil etadi.

Har 100 ming nafar aholiga 15 ta poyabzal ta’mirlash, 14 ta maishiy texnika va AKT vositalarini ta’mirlash, 14 ta tantana va oilaviy tadbirlarni tashkil etish, 13 ta internet zali, 9 ta veterinariya xizmati hamda 1 ta bosmaxona, tahrirlash, nusxa ko‘chirish va nashr etish xizmati to‘g‘ri kelishi aniqlandi.

Shu bilan birga, ayrim mahallalarda xizmat ko‘rsatish ob’yektlari umuman tashkil etilmagan holatlar ham qayd etildi. Jumladan, 12 ta mahallada oziq-ovqat do‘koni mavjud emas (Uzunda 5 ta, Sariosiyoda 2 ta). 156 ta mahallada kiyim tikish va ta’mirlash xizmatlari tashkil etilmagan bo‘lib, bu holat ayniqsa Oltinsoyda 21 ta, Jarqo‘rg‘onda 17 ta va Sherobodda 16 ta mahallada kuzatilmoqda. 246 ta mahallada umumiy ovqatlanish xizmatlari yo‘q (Denovda 33 ta, Jarqo‘rg‘onda 27 ta, Qumqo‘rg‘on va Oltinsoyda 26 tadan). Shuningdek, 83 ta mahallada sartaroshxona (Sariosiyoda 11 ta, Jarqo‘rg‘onda 10 ta, Oltinsoyda 8 ta), 197 ta mahallada avtotransportga texnik xizmat ko‘rsatish (Jarqo‘rg‘onda 23 ta, Denov va Qumqo‘rg‘onda 20 tadan) hamda 187 ta mahallada xususiy maktabgacha ta’lim xizmatlari (Oltinsoyda 23 ta, Denov, Sariosiyo va Uzunda 18 tadan) mavjud emas.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, oziq-ovqat do‘konlari 69 ta mahallada yetishmaydi, bunda ehtiyoj ayniqsa Sho‘rchida 9 ta, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on va Denovda 7 tadan yuqori. Kiyim tikish va ta’mirlash xizmatlari 128 ta mahallada talab darajasida emas (Denov va Oltinsoyda 18 ta, Sariosiyo va Sherobodda 12 tadan). Umumiy ovqatlanish xizmatlari 192 ta mahallada yetishmaydi, sartaroshxonalar 147 ta, avtotransportga texnik xizmat ko‘rsatish 163 ta va xususiy maktabgacha ta’lim xizmatlari 167 ta mahallada ehtiyoj yuqori darajada ekani qayd etildi.

O‘rganish natijalari xizmat ko‘rsatish sohasini hududlar kesimida yanada rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi ehtiyojlariga mos ravishda yangi ob’yektlarni tashkil etish muhimligini ko‘rsatmoqda.

Eldor Zayniddinov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar