Termiz shahrida Surxondaryo viloyati mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilgan edik.
Davlat rahbari ushbu yig‘ilishda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bu yil viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 483 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ta’kidlanganidek, viloyatda 1 ming 230 kilometr yo‘llar ta’mirlanib, yana ming kilometr elektr tarmog‘i tortiladi.
Prezident yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suvi muammolarini to‘liq hal qilish, buning uchun “To‘palang” suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar tortish bo‘yicha loyiha ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Moliya vazirligiga viloyatda ijtimoiy, kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga 2021 yil uchun qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan ochiq muloqot bo‘ldi.
Izoh qoldirish