Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) 2024 yilda O‘zbekiston avtomobil bozorini tahlil qilish natijalarini e’lon qildi, bu esa, savdo tuzilmasida sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda.
O‘tgan yili kuzatilgan iqtisodiy o‘zgarishlar kontekstida avtomobillar segmentida faollikning umumiy pasayishi kuzatildi. Yil davomida sotuvlar 26,7%ga pasayib, 1,12 mln donani tashkil etdi. Ushbu pasayish, ayniqsa, avtomobillarning ikkilamchi bozoriga ta’sir ko‘rsatdi, bu umumiy pasayishning 93%ini tashkil qiladi.
Birlamchi bozorda 2024 yil yakunlariga ko‘ra 381 mingta yengil avtomobil sotildi. Ulardan ichki yonish dvigateli bo‘lgan avtomobillar 351 ming donani tashkil etdi, bu 2023 yilga nisbatan 7,5%ga kamaydi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 313,1 mingta mashinani tashkil etdi va 6%ga kamaydi. Shu bilan birga, xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi sezilarli darajada 17%ga pasayib, 37,8 ming donani tashkil etdi.
Avtomobil bozorida faollikning umumiy pasayishiga qaramay, yengil elektromobillar segmenti faollikning oshishini ko‘rsatmoqda. 2024 yilda yangi va foydalanilgan barcha yengil elektromobillarning savdosi 41 mingdan oshdi, bu 2023 yilga nisbatan 60%ga o‘sdi.
Yangi elektromobillarning sotuvi 30,1 ming donani tashkil etib, 43%ga o‘sdi, foydalanilgan elektromobillar faolligining o‘sishi esa 2,3 barobar oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish