Toshkent shahrida “Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor” tadbiri doirasida poytaxt maktablari o‘quvchilari uchun “Hokim stipendiyasi”ni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Poytaxt hokimligida bu yili ilk marotaba ta’sis etilgan “Hokim stipendiyasi” sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Mazkur stipendiyaga aniq fanlar bo‘yicha olimpiadalarda qatnashib, yuqori natijalarga erishgan bir guruh a’lochi o‘quvchilar loyiq deb topildi.
Tadbirda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashdi.
– Bu hali boshlanishi. 2022 yildan boshlab har bitta maktablarda 6-8 nafar eng iqtidorli o‘quvchilarni aniqlab, ularga yil bo‘yi har oyda 500 ming so‘mdan hokim stipendiyasini beramiz. Bundan tashqari har oyda, o‘sha o‘quvchilarga ta’lim bergan o‘qituvchilarning oyligiga 1 mln so‘mdan ustama qo‘shib beramiz. O‘ylaymanki, ta’limni Toshkentda yuqori marralarga olib chiqamiz, - dedi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Izoh qoldirish