Rossiya Federatsiyasi hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Tezkor shtabining 25 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishda bir qator mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan qaror qabul qilingan edi.
Mazkur qarorga muvofiq joriy yilning 1 aprel sanasidan e’tiboran Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga bir marotaba amalga oshirilishiga ruxsat etildi.
Ikki mamlakat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasidagi kelishuvga binoan Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi 2021 yil 5 aprel sanasidan har yakshanba kunlari Moskva – Toshkent – Moskva yo‘nalishida, “Uzbekistan airways” avikompaniyasi esa 7 aprel sanasidan haftaning har shanba kunlari Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishga kirishdi.
Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishida amalga oshiriladigan muntazam reysga O‘zbekistonning barcha fuqarolari va Rossiya hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r farmoyishi asosida Rossiyaga kirishga cheklov qo‘yilmagan O‘zbekistonda doimiy yashash huquqiga ega chet el fuqarolari kiritilishi mumkin.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha uchish uchun Rossiyaga kelishdan avval 3 kalendar kunidan oshmagan holda PZR-test (rus yoki ingliz tilida) o‘tkazish talab qilinadi.
Ayni damda aholi vakillaridan mazkur yo‘nalishdagi muntazam qatnovlarga chiptalarning sotuvda qolmaganligi bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda.
Ushbu vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi quyidagilarni ma’lum qilmoqda:
"Aynan Rossiya Federatsiyasiga mamlakatimizdan boruvchi yo‘lovchilar oqimining haddan tashqari ko‘pligi, bugungi epidemiologik vaziyat tufayli transportning boshqa turlarida qatnovlarning amalga oshirilishiga ruxsat etilmaganligi, aviaqatnovlar sonining ham cheklanganligi talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikning keskin ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Pandemiyagacha bo‘lgan davrda O‘zbekictonning turli hududlaridan Rossiya Federatsiyasiga “Uzbekistan airways” avikompaniyasi haftasiga 87 ta reys bajargan bo‘lsa, Rossiya aviakompaniyalari mamlakatimizning turli shaharlariga haftasiga 97 reys amalga oshirgan. Faqatgina aviaqatnovlar orqali haftasiga 40 000 dan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilgan. Bundan tashqari Toshkent – Moskva, Andijon – Moskva, Toshkent – Qozon, Toshkent – Volgograd, Toshkent – Saratov, Toshkent – Novosibirsk, Toshkent – Ufa, Andijon – Ufa yo‘nalishlarida muntazam ravishda haftasiga 13 ta poyezd qatnovlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga Toshkent – Moskva, Toshkent – Sankt-Peterburg, Toshkent – Qozon, Toshkent – Nijniy Novgorod, Toshkent – Omsk, Toshkent – Novosibirsk yo‘nalishlarida haftasiga 12 marotabadan avtobus qatnovlari amalga oshirib kelingan.
Aynan yuqorida keltirib o‘tilgan ko‘rsatkichlarning o‘zi haftasiga bor yo‘g‘i bir marotaba amalga oshirilayotgan muntazam aviqatnovlarga chiptalarning nima uchun ayni damda sotuvda qolmaganligiga izoh bo‘la olishi mumkin. Turli transport qatnovlaridan foydalangan yo‘lovchilarning barchasi hozirda o‘rnatilgan cheklov choralari sabab faqatgina aviqatnovlar orqaligina safarni amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda.
Aviachipta narxlarini sun’iy ravishda oshirib sotish maqsadida Uzbekistan airways kompaniyasi agentlari tomonidan chiptalarni oldindan sotib olinganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan da’volar esa mutlaqo asossizdir.
"Uzbekistan airways" aviakompaniyasi rahbariyati eng quyi pog‘onadagi xodimlardan tortib, yuqori lavozimlardagi rahbarlarning ham aviachipta sotuvlari bilan bog‘liq turli-tuman ko‘rinishdagi noxolis hatti-harakatlarni sodir etishlariga nisbatan toqatsiz munosabatda ekanligini, chipta sotuvlari bilan bog‘liq barcha jarayonlar shaffof tarzda amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatilganligini ma’lum qiladi.
"Uzbekistan airways" aviakompaniyasi tomonidan ayni damda Toshkent – Moskva yo‘nalishida bajarilayotgan muntazam aviaqatovlar uchun ekonom klass chipta narxi bir tomonga 4 200 000 so‘mgacha, biznes klass chipta narxlari esa 10 736 222 so‘mgacha sotilmoqda.
Shu o‘rinda yo‘lovchilardan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun chiptalarni tezlashtirib xarid qilish xizmatlarini taklif qiluvchi shubhali shaxslarga murojaat etmasligini so‘rab qolamiz. Chiptada ko‘rsatilgan va o‘zingiz to‘lagan narxni taqqoslashingizni tavsiya etamiz.
Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasiga O‘zbekistonning turli hududlaridan charter qatnovlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi yolg‘on xabarlar tarqatilib, fuqarolarga aldov va tovlamachilik yo‘li bilan chiptalar sotuvini tashkil etayotgan guruhrlarning faollashgani kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi fuqarolarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonib, aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida charter reyslarini amalga oshiruvchi avikompaniyalarning parvozni bajarishiga ruxsat etilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Fuqaro aviatsiyasi agentligi rasmiy veb-saytidan aniqlashtirib olishlarini tavsiya etadi", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, charter reyslari orqali uchish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar RF hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r farmoyishiga ko‘ra, mamlakatga kirish uchun chipta xarid qilishda asos bo‘lishi shart!
Hozirda Transport vazirligi Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam aviareyslar sonini ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Barqaror epidemiologik vaziyat saqlanib turgan taqdirda nafaqat aviaqatnovlarni balki temir yo‘l qatnovlarini qayta tiklash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.
Izoh qoldirish