Umid Aliyev: Kambag‘allik qopqonidan chiqarish uchun ijtimoiy nafaqalarni 18 yoshgacha doimiy to‘lab borish zarur (video)

Umid Aliyev: Kambag‘allik qopqonidan chiqarish uchun ijtimoiy nafaqalarni 18 yoshgacha doimiy to‘lab borish zarur (video)

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov:

Ota-onalari ishsiz qolishi yoki kasalligi tufayli ko‘plab bolalar pandemiya davrida ekspluatatsion va xavfli ish izlashga majbur bo‘lishmoqda. Va buning natijasida maktabga qatnash imkoniyatlari pasaymoqda. Mana shu qarorni yoki bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida hozirgi davrda olib borilayotgan, o‘zgarayotgan ijtimoiy himoya tizimi haqida Umid Aliyev siz bu haqda nima deya olasiz?

YuNISEF tashkiloti eksperti Umid Aliyev:

BMTning bolalar jamg‘armasi, ya’ni YuNISEF bolalarning ijtimoiy himoyasiga yo‘naltirilgan ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Siz ta’kidlab o‘tgan tadqiqotda ham shu ko‘rsatilgan. Ko‘p holatlarda kam ta’minlangan oilalar o‘z farzandlarini maktabga yuborishda zarur bo‘lgan xarajatlarni qoplashga mablag‘ topolmaganligi uchun maktabga yubormasdan uydan olib qolish holatlari ham kuzatiladi.

Buning natijasida kam ta’minlangan yoki boshqa sabablarga ko‘ra zaifliklarga ega bo‘lgan bolalar uzluksiz ravishda, maktab tizimi bepul bo‘lgan holatda ham o‘sha maktabdan to‘laqonli foydalanib, o‘z bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishdan mahrum bo‘ladi. Buning natijasi kam ta’minlangan yoki boshqa zaifliklarga ega bo‘lgan bolalarda mehnat ko‘nikmalari hamda kelajakda to‘laqonli fuqarolar bo‘lib yetishiga to‘sqinlik qiladi. Shunga o‘xshagan qarorlar, ya’ni bolalarni maktabga yo‘naltirish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni qoplashga beriladigan moddiy yordam barcha oilalarning farzandlarini uzluksiz ta’lim olishlarini ta’minlovchi qaror sifatida qarashimiz mumkin.

Ko‘p iqtisodchilar tomonidan e’tirof etilayotgan O‘zbekistonda 2020 yildan boshlab ijtimoiy himoya tizimiga xarajat emas, bu inson kapitalini kelajakda rivojlantirish uchun kiritilayotgan investitsiya sifatida qarash degan yo‘nalish paydo bo‘ldi.

Xalqaro tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, aynan bolaning yoshlik paytida, ya’ni 7 yosh, 10 yosh yoki 7 yoshdan oldin bo‘lgan ozuqa sifati, uni maktabga qatnashi, bular bolada mehnat ko‘nikmalarini yaratilishida kerak bo‘lgan insoniy kapitalning rivojlanishida to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir etuvchi omillardir. Shuning uchun bolani yosh davrida, maktabga chiqishini uzluksiz ta’minlab berish ijtimoiy kapitalni rivojlantirishga to‘g‘ridan to‘g‘ri beriladigan investitsiyadir.

Shu borada YuNISEF tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar to‘g‘risida nima deyolasiz?

O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy himoya tizimi to‘g‘ridan to‘g‘ri birinchidan kambag‘allik darajasini pasaytirishga ijobiy ta’sir etmoqda. Tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, umumiy ravishda 39 % kambag‘allik darajasini pasaytirishga ijtimoiy himoya dasturlari ta’sir ko‘rsatadi.

Ijtimoiy himoya tizimi bo‘lmaganda kambag‘allik darajasi hozirgi darajadan 39% balandroq bo‘lardi, demoqchisiz. Shundaymi?

Ya’ni, bu ijtimoiy himoya tizimi to‘g‘ridan to‘g‘ri kambag‘allikni kamaytirishga ta’sirini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari bolalar nafaqalariga keladigan bo‘lsak, tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, nafaqa oluvchi oilalarda bolalarni maktabda o‘qishi, ya’ni akademik mahorati sezilarli darajada nafaqa olmayotgan va xuddi shunday moddiy ahvolda yashayotgan oilalardagi bolalardan ko‘ra ancha ustun. Bolalar uchun beriladigan ijtimoiy nafaqalar ularni maktabda ko‘nikma olishiga, oziq-ovqat sifatini to‘g‘ridan to‘g‘ri yaxshilashiga olib bormoqda va shu orqali o‘sha bolalarda inson kapitali shakllanishida ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotda kambag‘allik qopqoni degan narsa bor. Kambag‘al odam inson kapitalini investitsiya qilolmagani uchun, uning bolalari ham yana shu kambag‘allikda qolib ketadi. Mana shu hozir olib borilayotgan ijtimoiy himoya tizimi, ijtimoiy himoya to‘lovlari kambag‘allarni kambag‘allikdan chiqarishga xizmat qiladi demoqchimisiz?

Kambag‘allik qopqonidan chiqarish uchun ijtimoiy nafaqalarni ma’lum bir oilaga yetkazish, ularni keng qamrovli davomiyligini ta’minlash zarur bo‘ladi. Ijtimoiy nafaqalarni doimiy rivojlantirish, uzluksiz ravishda 18 yoshgacha doimiy to‘lab borilishi kambag‘allik qopqonidan chiqaruvchi omil bo‘ladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar