Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirish tartibi tasdiqlandi

Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirish tartibi tasdiqlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va (yoki) bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirish tartibi tasdiqlandi.

Hujjat bilan bojxona bojlarini undirish va buyurtma-naryadni rasmiylashtirish tartibi belgilandi.

Tartibga muvofiq manfaatdor shaxs belgilangan joylardan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni so‘rab bojxona organiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

Bojxona ko‘rigi va bojxona nazorati ostidagi tovarlarni ko‘zdan kechirish, qayta yuklash operatsiyalarini amalga oshirish uchun bojxona yig‘imlari buyurtma-naryadni rasmiylashtirish orqali undiriladi. Yuklarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlari bojxona yuk deklaratsiyasiga tegishli ma’lumotlarni kiritish orqali undiriladi.

Buyurtma-naryad – tovarlar va transport vositalarini belgilangan joylardan tashqarida va (yoki) bojxona organlarining ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun bojxona yig‘imlarini undirishda bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilgan elektron shakldagi hujjat.

Soat 18.00 dan 9.00 ga qadar bo‘lgan vaqt hamda dam olish va bayram kunlari ish vaqtidan tashqari vaqt hisoblanadi. Tovarlarni belgilangan joylardan tashqarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda bojxona rasmiylashtiruvidan boshlab buyurtma-naryadni imzolashgacha bo‘lgan vaqt hisobga olinadi.

Bojxona organlari tomonidan belgilangan joylardan tashqarida va bojxona organlarining belgilangan ish vaqtidan tashqari vaqtda bojxona rasmiylashtiruvi uchun bir soatdan kam vaqt sarf qilingan taqdirda, bojxona yig‘imi bir xodimning to‘liq bir soat ish kuni uchun undiriladi.

Manfaatdor shaxsning murojaatida bojxona ko‘rigi, qayta yuklash operatsiyalarini amalga oshirish uchun bir nechta xodim ajratish so‘ralgan bo‘lsa bojxona yig‘imi bojxona posti tomonidan ajratilgan har bir xodim uchun to‘lanadi.

Buyurtma-naryad bojxona organlarining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron tarzda rasmiylashtiriladi. Buyurtma-naryad ikki qismdan: «buyurtma-naryad» va «hisob-faktura»dan iborat bo‘ladi.

Buyurtma-naryad manfaatdor shaxsning bojxona organlariga yo‘llagan murojaatida keltirilgan ma’lumotlar asosida axborot tizimida bojxona organlari tomonidan to‘ldiriladi. Bunda bojxona rasmiylashtiruvi uchun undirilgan bojxona yig‘imlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va uch oy o‘tgach 26.06.2021 yildan kuchga kiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar