O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 19 noyabr kuni Moskvaga bir kunlik tashrifi doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar doirasida 18 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi.
Muzokaralar yakunida prezidentlar xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Hujjatda «global axborot makonini shakllantiruvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va ulardan foydalanishdagi misli ko‘rilmagan yutuqlar, ularning hayotning barcha jabhalariga ta’siri o‘sib borayotgani» tan olingan.
Unda zamonaviy AKTdan «xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash vazifalariga mos kelmaydigan maqsadlarda» foydalanish imkoniyatlari ortib borayotganidan xavotir bildirilgan. Ushbu texnologiyalardan foydalanish «fuqarolar, jamiyat va davlatga tobora ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirmoqda», deyiladi bayonotda.
Prezidentlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan buzg‘unchi maqsadlarda va noqonuniy foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan davlatlararo nizolarning oldini olish va ularni tinch yo‘l bilan bartaraf etish tarafdori ekanini ta’kidladilar.
«Davlat rahbarlari jahon hamjamiyatini AKTdan xalqaro huquq normalariga zid holda harbiy-siyosiy maqsadlarda foydalanish hamda dushmanona harakatlar va tajovuzkorlik aktlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik, ushbu texnologiyalardan terroristik va boshqa jinoiy maqsadlarda, shuningdek, davlatlar suverenitetiga putur yetkazish va ularning ichki ishlariga aralashish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida zarur choralarni qo‘llashga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.
O‘zbekiston va Rossiya prezidentlarining fikricha, BMT shafeligida raqamli muhitda davlatlar suverinetini va teng xavfsizligini ta’minlash, axborot muhitida to‘qnashuvlarning oldini olish va AKTdan faqatgina tinch maqsadlarda foydalanishga qaratilgan «davlatlarning axborot makonida mas’uliyatli xatti-harakatlarining umuminsoniy normalari, qoidalari va tamoyillari»ni ishlab chiqish xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Boshqa hujjatlar
Kreml saytida imzolangan 11 hujjat ro‘yxati mavjud:
- Hukumatlar o‘rtasida Xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- Hukumatlar o‘rtasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks hamkorlik dasturi;
- Hukumatlar o‘rtasida bioxavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;
- Rossiya Maorif vazirligi va O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasida ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv;
- Rossiya Maorif vazirligi va O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi o‘rtasida «Malish» («Mittivoy») qo‘shma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum;
- Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
- Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasining O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bilan hamkorlik qilish va qo‘shma investitsiyalar to‘g‘risidagi bitim;
- 3. «VEB.RF» davlat taraqqiyot korporatsiyasi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida Olmaliq shahrida misni qayta ishlash zavodi majmuasi (MOF-3) qurilishini moliyalashtirish uchun kredit shartnomasi;
- 1. VEB.RF va «O‘zbekneftgaz» o‘rtasida Rossiya mahsulotlari, ish va xizmatlarini yetkazib berishni moliyalashtirish bo‘yicha kredit shartnomasi;
- 2. VTB bank (Rossiya) va O‘zbekiston Iqtisodiy rivojlanish va qambag‘allikni qisqartirish vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
- 3. O‘zbekiston Strategik rivojlanish agentligi va Rossiyaning «Yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha strategik tashabbuslar agentligi», «Milliy texnologiya tashabbusi platformasi» va «Milliy texnologiya tashabbusi universiteti 2035» avtonom notijorat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi;
Avvalroq Rossiya va O‘zbekiston ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi imzolagani ma’lum bo‘lgandi.
Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan keng qamrovli iqtisodiy hamkorlik dasturi imzolangan.
Dastur hozirda amalda bo‘lgan kelishuv o‘rnini bosadi. Yangi hujjatda pandemiyadan keyingi davrda tegishli vositalar, jumladan, elektron tijorat, iqtisodiyotni raqamlashtirish, energiya va suvni tejaydigan yangi texnologiyalardan foydalangan holda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, migratsiya sohasidagi yondashuvlarni takomillashtirish zarurligi hisobga olingan.
Mamlakatlar COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, vaksinalar ishlab chiqarish, koronavirus bilan kasallangan bemorlar profilaktikasi, tashxisi va davolanishi bo‘yicha tajriba va axborot almashishni rejalashtirgan. Dastur savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, aloqa, moliya, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm, hududlararo hamkorlikni ham qamrab oladi.
"EO" tahririyati O‘zbekistonning Rossiya bilan savdosida yuz bergan o‘zgarishlar bo‘yicha rasmiy statistikani o‘rganib chiqdi.
Rossiya asosan to‘qimachilik, poyabzal, oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi xom ashyosi, kauchuk, metallar va ulardan tayyorlangan mahsulotlarni sotib oladi. Shu bilan birga O‘zbekiston Rossiyadan mashina, asbob-uskuna, yog‘och, kimyo sanoati mollari va mineral mahsulotlarni sotib oladi.
Ayni paytda davlatlar 150 dan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda, ularning umumiy qiymati qariyb 14 milliard dollarni tashkil etadi.
Izoh qoldirish