O‘zbekistonda bozorlar sotishga tayyorlanmoqda

O‘zbekistonda bozorlar sotishga tayyorlanmoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Vazirlar Mahkamasining «Bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda ulardagi davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasini muhokamaga taqdim etdi.

Hujjatda bozorlar va savdo markazlarining ustav kapitalidagi davlat ulushi va aksiya paketlarini bosqichma-bosqich sotish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, birinchi bosqichda eksperiment doirasida davlat ulushi sotiladigan bozorlar va savdo markazlari ro‘yxatidagi ob’yektlarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, shu jumladan, ular negizida «hammasi bir joyda» tamoyili asosida savdo majmualarini tashkil etish sharti bilan sotish rejalashtirilmoqda.

Hujjatda 12 ta bozor va majmualarni yopish ham taklif qilingan.

Bundan tashqari, loyihaga ko‘ra, bozorlar faoliyati va mulkiy masalalar bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha hududiy komissiyalar tuzilishi kutilmoqda. Ularga hokimlar boshchilik qiladi.

Tadqiqot natijalari asosida ular aniqlangan muammolarni hal qilish bo‘yicha yo‘l xaritalarini tayyorlaydi. Jumladan, komissiyalar bozorlarni modernizatsiya qilish, infratuzilmani yaratish, xizmatlarni raqamlashtirish, dehqonlar, fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlar uchun shart-sharoit yaratish bo‘yicha talablarni, bozorlar va majmualarni xususiylashtirish shartlari, muddatlari va usullarini ishlab chiqadi.

Xususiylashtirishga qadar tayyorgarlik ko‘rish va bozorlarni sotuvga qo‘yish uchun Bozorlar va savdo majmualarini boshqarish ofisi tashkil etiladi. Zarur bo‘lganda, konsalting va auditorlik kompaniyalari bozorlarni baholashga jalb qilinadi.

Hujjatga ko‘ra, bozor va savdo komplekslarining ustav kapitalida davlat ulushi ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalarning ulushi mavjud bo‘lganda, ularning ulushlari belgilangan tartibda boshqaruv organlari qarorlari asosida balans qiymatida ustav fondidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazilib, yaxlit paketda savdoga chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyihada xususiylashtirish rejalashtirilgan bozorlar va savdo markazlari ro‘yxati keltirilgan. Ro‘yxatga 61 ta ob’yekt kiritilgan bo‘lib, ulardan 20 tasi Toshkent shahrida joylashgan. Bular orasida Toshkent shahrida joylashgan Mirobod dehqon bozori, Farhod dehqon bozori, O‘rikzor savdo komleksi, Oloy dehqon bozorlari mavjud.

Loyiha muhokamasi 16 noyabrga qadar davom etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar