So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda o‘tgan davr mobaynida ro‘y bermagan misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar davri bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mutlaqo o‘zgacha siyosat bilan yurtimizda sifat jihatdan yangi pog‘onalarni boshlab berdi.
Soha borki, islohotning shamolidan bahramand bo‘ldi. Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy, ma’rifiy, huquqiy sohalarida bir yo‘la islohotlar amalga oshirildi. Darvoqe, izchillik bilan olib borilgan harakatlar uzoqqa tatiydi.
Belgilangan besh yillikda O‘zbekiston o‘zgarishlar, yangilanishlar, yuksalishlar davriga kirdi. O‘z tarixining eng mas’uliyatli va sharafli pallasini boshdan kechirdi. Jahonga bag‘rini ochgan mamlakatimizda ochiqlik siyosatining yo‘lga qo‘yilishi bilan davlat boshqaruvi tizimi, davlat hokimiyati organlari tizimi faoliyati va boshqaruvda katta o‘zgarish bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Oldingidek eski, samarasiz ish uslubidan voz kechib, boshqaruvning demokratik va bozor munosabatlariga asoslangan shakllarini joriy qilishga kirishildi.
Obodlik avvalo qalbdan boshlanadi. Xalq bilan muloqotning yo‘lga qo‘yilganligi ko‘plab muammolarning yechimiga sabab bo‘ldi. Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, xalqning dardi, o‘y-fikrlari, kayfiyati bilan bevosita qiziqish natijasida rahbarlarning fuqarolar oldida mas’uliyati yana bir karra oshdi. Ushbu holat xalqning yuragida orzu-umidlar uyg‘onishi omili sifatida kelajakka optimistik ruhda qarashga chorladi.
Davlatchilik tarixidan ma’lumki, barcha mamlakatlar yangi bosqichga qadam qo‘yar ekan, qiyinchiliklar, mashaqqatlar evaziga natijaga erishgan. Jipslashib harakat qilgan, izlangan, o‘z ishiga mas’uliyatli xalqlargina hayotini, jamiyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston oldida ham uzoq va mashaqqatli yo‘l bor edi. Besh yillik boshidanoq maqsadlar ulkan, vazifalar keng ko‘lamli edi, o‘tgan davr mobaynida ularning natijasi o‘laroq jiddiy dasturlar, loyihalar amalga oshirildi. Jahonga mos tarzda rivojlanayotgan O‘zbekistonda elektron hukumatning yangi shakllarini jadal sur’atlarda shakllantirildi. Fuqarolar ma’lumotlarni tezkorlik bilan qabul qilib, barcha sohalarda elektron tizimdan foydalanish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tashqi siyosatda ham Markaziy Osiyo doirasida qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlandi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston bilan qo‘shnichilik munosabatlar yangi bosqichga chiqdi.
Tanqid – kelajak mevasi. Qayerdaki yo‘l qo‘yilgan xatolarga ko‘z yummasdan, tanqidiy yondashilsa, muammo yechimlari tavsiya etilsa, o‘sha joyda yuksalish bo‘ladi. O‘tgan davr mobaynida barcha sohaga yeng shimarib, bosh-qosh bo‘lgan prezidentimizning har bir xitoblari, kuyinishlari, jonkuyarliklari zamirida xalqni rozi qilish, amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlarni fuqarolar o‘z tanida, hayotida his qilishiga qaratildi.
Shu ma’noda pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirishga alohida e’tibor berildi.
Har yili sayyohlar o‘zbek xalqining tarixi, buguni, madaniyati, urf-odatlari, milliy taomlaridan bahramand bo‘lish uchun diqqatga sazovor joylariga tashrif buyuradi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Azaldan yirik ilmiy markazlardan biri bo‘lgan O‘zbekistonda ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari jadal rivojlandi.
Yangiliklar ko‘pligi, maqtanishga arzigulik rivojlanish mobaynida ilmiy jurnalistika sohasi ham sezilarli yuksaldi. Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev boshchiligida islohotlar, muammo va kamchiliklar haqida ochiq gapiriladigan bo‘ldi. Xalq orasida “To‘rtinchi hokimiyat” nomini olgan Ommaviy axborot vositalariga ham keng e’tibor berilishi munosabati bilan aholi orasida huquqiy savodxonlik bir qadar oshdi. Bu esa jamoaviy fikrni o‘rtaga chiqardi, yoshlarimizning ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘z fikriga ega, keng mushohadali yoshlar safi ortdi. Ular odamlarni qiynayotgan dolzarb muammolarni aniqlab, aholining ijtimoiy kayfiyati va islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlashga hissa qo‘shishdi.
Aholining yarmidan ko‘pi yoshlardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda yoshlarga e’tibor siyosat darajasiga ko‘tarildi. Sh.M. Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016-yil 14-sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun ekani fikrimizning isbotidir. Yurtimizda so‘nggi besh yillikda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilib, maktab ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. Viloyatlarda yangi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar tashkil etildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada kengaytirildi. Sirtqi va kechki oliy ta’lim shakllari tiklandi. 15 dan ortiq rivojlangan davlatlarning nufuzli universitetlari filiallari ochildi.
Besh yil ilgari 34 millionlik aholiga ega bo‘lgan, o‘tgan davrda ko‘plab muammolar to‘planib qolgan mamlakatning buguni va ertasiga ishonch uyg‘otish oson vazifa emas edi. Ammo qisqa muddatda puxta o‘ylangan vazifalar, tasdiqlangan qonun, farmon, qaror, farmoyishlar davlat rahbarimizning salohiyat bilan olib borayotgan siyosatlari natijasidir.
Bugungi kunda O‘zbekiston davlat rahbaridan boshlab, fuqaroga qadar doimiy izlanishda bo‘lgan, o‘qib-o‘rganib, hayotiy pozitsiyasini mustahkamlashga harakat qilayotgan uyg‘oq jamiyatga aylandi.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini bezovchi, har bir fuqaro ishtiroki bilan bunyod etilayotgan bugungi damlar kelgusidagi muvaffaqiyatlarning tamal toshidir.
Buxoro davlat universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor Obidjon Xafizovich Xamidov
Izoh qoldirish