Nukuslik yosh tadbirkor Mehribon Jiyenbayeva non va non mahsulotlari tayyorlab, ichki bozorga yetkazyapti. Faoliyatini kengaytirishi uchun kredit zarur, ammo mablag‘ ajratilishi muammo bo‘lib turibdi ekan. Mehribonning murojaatidan so‘ng bu masala shu yerda hal qilinib, unga 30 mln. so‘m imtiyozli kredit ajratiladigan bo‘ldi.
Qonliko‘lning 3-sektorida joylashgan “Qosjap” ovulidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Guliston Bekimbetovaning Qoraqalpog‘iston ichki ishlar va Suv xo‘jaligi vazirliklari mas’ullariga murojaatlaridan so‘ng mazkur bolalar bog‘chasi hududini oqar suv bilan ta’minlash uchun nasos uskunasi olib beriladigan bo‘ldi. Bog‘cha yonidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari esa o‘zida boshlab yuborildi.
Ayni paytda “Kosjap”ning 1,2 km. ichki yo‘llariga qum-shag‘al to‘shalmoqda. Keyingi bosqichda bu ko‘chalar asfaltlanib, avvalo, ovul chetidagi maktabgacha ta’lim tashkilotiga keladigan bolalar, ota-onalar va tarbiyachilar uchun qulaylik yaratiladi.
Shumanayning Bekjap ovulida yashovchi Dovutboy Qo‘shimovning ayni shu yo‘nalishdagi masalasi ham joyida hal qilindi.
Mazkur murojaat asosida bugun ovulning Soyali gujum ko‘chasi tosh yo‘lga aylantirilmoqda. Bu ko‘cha ham ovuldagi maktab-u bolalar bog‘chasiga tutash va shu bois ham bu ishlarning amaliy natijasi avvalo ovul yoshlarining kundalik hayotida seziladi.
Qonliko‘lning “Madaniyat” mahallasida yashovchi Ulug‘bek To‘raboyev esa mahallasidagi elektr energiyasi ta’minotini yaxshilab berishda amaliy yordam so‘radi. Murojaatdan so‘ng aholi vaqtincha o‘rnatgan qo‘lbola simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirilib, yangi tarmoq tortishga kirishildi.
Qo‘ng‘irot tumani “Xorazm” ovuli aholisining jamoaviy murojaatlari asosida ovuldagi 600 ga yaqin xo‘jalikning gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalasi ham joyiga chiqib o‘rganilib, hal qilib beriladigan bo‘ldi.
Mo‘ynoqning Qarajar ovulidan qabulga kelgan Quvonchboy Ajimuratov ham ovuliga quvonchli xabar bilan qaytmoqda. Uning murojaati asosida ovul aholisini chuchuk suv bilan ta’minlash uchun filtrlash uskunasi o‘rnatiladi. Bu bilan qarajarliklar hayotiga ham tom ma’noda obodlik kirib boradi.
Qonliko‘llik Sarigul Jalekeyeva murojaatidan so‘ng esa “Do‘stlik” mahallasidagi qariyb 160 ta oila farzandlari uchun zamonaviy bolalar maydonchasi qurib berilishi belgilandi.
Mo‘ynoqdan onasiga shifo izlab kelgan Omongul Oqilbekova ham qabuldan quvonch bilan qaytmoqda. Og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayolning aytishicha, onasida bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan, bu boradagi barcha xarajat “Mehr va saxovat” jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladigan bo‘libdi.
Qabullar davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj mo‘ynoqlik Sanjar Qaliyev, xo‘jaylilik Muhabbat Baxiyeva, Aynarxan O‘tepovaning oliy ta’lim olishi, mo‘ynoqlik Sayrambek Jumagambetovning esa safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni o‘tashi uchun kontrakt pullari to‘lab berilishi belgilandi. Boquvchisini yo‘qotib, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xo‘jaylilik Raisa Mullaniyozova, Shohida Rahmatullayeva, qo‘ng‘irotlik Zamira Zarekeyeva, Damegul Jumamurodova, Nargiza Maqsetova, qonliko‘llik Gulsara O‘roqboyevaning esa esa uy-joylarini ta’mirlashga amaliy ko‘mak beriladigan bo‘ldi.
Muloqotlar natijasida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi o‘nga yaqin ishsiz insonlarga subsidiya hisobidan payvandlash uskunasi, tikuv mashinalari, ularning farzandlariga esa velosipedlar olib berildi. “Ayollar daftari”da turgan qonliko‘llik Klara Tilovniyozova ham avval ijaraga tikuv mashinasi olib ishlatgan bo‘lsa, endi o‘z uskunasiga ega bo‘ldi. Chevar ayol qabulning ertasigayoq yangi tikuv mashinada ishni boshlab yubordi.
Qonliko‘lning Do‘stlik mahallasida tongda boshlanib, shom qorong‘usiga qadar davom etgan ommaviy qabulda 393 nafar murojaatchining 433 ta masalasi ko‘rib chiqilib, ularning 174 tasi joyida hal qilindi, 43 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirish va maslahat berilgan bo‘lsa, 216 ta murojaat bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonasi nazoratiga olindi.
Izoh qoldirish