2022 yil 18 martda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida o‘tkazilgan ochiq birja savdolari natijalariga ko‘ra shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha kunlik narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 11 921,9 ming so‘mdan 10 101,3 ming so‘mgacha, ya’ni 15,3% ga pasaydi. Bu haqda “O‘zRTXB” AJ axborot xizmati xabar qildi.
O‘tgan savdo kunida birja savdolariga jami 2 100 tonna shakar qo‘yilgan bo‘lib, ulardan barcha hajmi sotildi. Bunda, birja savdolari orqali "Xorazm shakar" MChJ tomonidan 1 200 tonna va "Angren shakar" MChJ tomonidan 900 tonna shakar sotildi.
Shakar bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni 267 taga yetdi va bu 17 martga nisbatan 32% ga, 1 martga nisbatan uch marotabaga ko‘pdir.
Shakarning xarid qilishda talab darajasidan kelib chiqqan holda, hududlar o‘rtasida mutanosib taqsimot shakllanmoqda. Nisbatan yetakchilik qilgan hududlarga Toshkent shahri va Toshkent viloyati (30%), Samarqand viloyati (12%), Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari (10% dan), Andijon va Buxoro viloyatlari (8% dan) kirdi.
Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan shakarni birja savdolariga kunlik 2 000 tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda barchaga teng sharoitda 1 tonnalik lotlarda qo‘yilishini hamda bir savdo sessiyasida bir haridor maksimal 20 tonna shakar sotib olishi ko‘rsatmasi berilgan.
Izoh qoldirish