O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019 yil 11 fevraldagi PQ-4185 son qarorini ijro etish maqsadida SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasining O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan hamkorligi natijasida 2020 yil 21 noyabrda “SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 738 sonli qarori qabul qilindi.
Ushbu xujjat ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni muqobil parvarish qilishning O‘zbekiston uchun nisbatan yangi bo‘lgan shakllarini tadbiq qilish va rivojlantirish uchun fundamental asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tgan 20 yil davomidagi davlat bilan yaqin hamkorlikda, davlatning ustuvor yo‘nalishlari, bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya va bolalarni muqobil parvarish qilish bo‘yicha ko‘rsatmalarga muvofiq ushbu mexanizm va xizmat shakllari SOS Bolalar mahallalari xalqaro tashkilotining metodologiya va amaliyotlaridan foydalangan holda, SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari uyushmasining bo‘linmalari bazasida nazariy va amaliy tarzda rivojlanib keldi. Ushbu bo‘linmalarning faoliyatini nomlarini to‘g‘ri ifodalash maqsadida, qaror bilan ushbu xizmatlar to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, bolalar mahallalari, yoshlar uylari va ijtimoiy markazlar “bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari”, “yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari” va “ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmatlari” deb nomlandi va vazifalari belgilandi.
Bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari – bolalarni oilaga o‘xshash muhitda aqliy, ruhiy va jismoniy jihatdan rivojlanish, ularni milliy urf-odatlar asosida Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga shart-sharoitlar yaratadi. Xizmatlar bolalar hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy himoya qilish, jamiyatga moslashuvini ta’minlash, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘z kasblarini o‘zlari tanlashlari va umumiy o‘rta ta’lim olishlarini ta’minlashga yordam beradi.
Yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari – umumiy o‘rta ta’lim muassasasini tugatgan yoshlarga ular o‘zini-o‘zi ta’minlash mezonlariga erishgunlariga yoki 21 yoshga to‘lgunlariga qadar hamrohlik qiladi. Xizmatlar yoshlarga psixologik-pedagogik yordam berish, o‘z kelajagi uchun mas’uliyatni his qilish, nizoli vaziyatlarni bartaraf etish, ruhiy zarbalarga qarshilik ko‘rsatish, shaxsiy va oilaviy byudjetni rejalashtirish malakalarini rivojlantirish, ishga joylashtirishga ko‘maklashish orqali ijtimoiy himoy qilish va jamiyatga moslashuvini ta’minlaydi. Xizmatlar yoshlarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, shaxsiy, oilaviy va turar joy gigiyenasiga rioya qilish ko‘nikmalarini egallashga ko‘maklashadi.
Oilalarni qo‘llab quvvatlash xizmatlari – og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar va bolalarga 18 oygacha bo‘lgan davr mobiynida yordam ko‘rsatadi. Bu davr ichida oila o‘zini-o‘zi ta’minlash darajasiga erishishi kerak. Xizmatlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda foydalanadigan mexanizmlar bolalarning oilada o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish, oilaning ichki munosabatlarida oilaning barcha a’zolari o‘rtasida samimiylikni yo‘lga qo‘yish, bolalarni tarbiyalashda ota-onalarning bilim darajasini oshirish va ota-onalik ko‘nikmalarini shakllantirish, bolalar va oilalarning muammolarini ijobiy xal qilish usullari bo‘yicha jamiyatga ko‘mak ko‘rsatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni jamiyatga integratsiyalash, ularni jamiyatdan ajratish va boshqa salbiy stereotiplarni bartaraf etish, bolalarning o‘z oilalarida yashash sharoitlarini ta’minlash uchun manfaatdor tashkilotlar hamkorligini tuzish, oilada bolalarning o‘sishi va rivojlanishi uchun eng yaxshi muhitni yaratishga ko‘maklashish, ijtimoiy etimlikning oldini olish va bartaraf qilish uchun boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali bolalarning barcha huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalardagi bolalarga yordam beradi.
Qisqa muddatli muqobil parvarish qilish – qisqa muddatli ko‘makka ehtiyoji bor bo‘lgan bolalarni 8 oygacha bo‘lgan muddatga xizmatga qabul qilinadi. Ushbu turdagi muqobil parvarish qilishning asosiy maqsadi bolani o‘z oilasiga reintegratsiya qilish yoki bolaning manfaatlariga eng mos keladigan muqobil yechimni topish.
Qarorga muvofiq, yangi xizmatlar Uyushma boshqaruvining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va tegishli hokimliklar bilan kelishgan holda taqsim qilinadi.
Izoh qoldirish