Endilikda O‘zbekiston uchun karantin cheklovlari yengillashadi

Endilikda O‘zbekiston uchun karantin cheklovlari yengillashadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, "qizil" ro‘yxatdan chiqqan hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilgan holda xizmat ko‘rsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat beriladi.

Olis hududlarning poytaxtimiz bilan transport aloqasini tiklash juda dolzarb masala bo‘lib turibdi. Shu bois Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni tiklash, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga poyezd qatnovini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, shaharlar ichida shaxsiy avtomobillar harakati bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish masalasi o‘rganilmoqda. Transport, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bular bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumki, kasallik yuqishi xavfidan kelib chiqib, to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tkazilgan edi. Aholi, ayniqsa, pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib, ish haqi, nafaqa va pensiyalar karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, naqd pulda tarqatilishi belgilandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar