Joriy yilning 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Natijada Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.
FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, suv toshishi oqibatida asosan ekin maydonlariga zarar yetgan.
"Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB) va Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga (FVDT) kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa” MFY suv omborining atrofidagi qator aholi yashash punktlari Mirzaobod tumaniga evakuatsiya qilindi. Xususan, "Qo‘rg‘ontepa", "Do‘stlik", "Yurtdosh" MFYlardan jami 11598 nafar aholi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, suv bosish xavfi bo‘lgan “Quytosh”, “Ota yurt”, “Birlik” MFYlaridan aholini evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda", deyiladi xabarda.
Voqea joyiga respublika hukumati rahbari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati hamda Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya (MG) va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlari yetib borib, evakuatsiya tadbirlarini tashkillashtirish, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib bormoqdalar.
Mazkur tadbirlarga Sirdaryo viloyati FVBdan 430 nafar shaxsiy tarkib va 5 avtotexnika, Jizzax viloyati FVBdan nafar 120 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MVBRQMdan nafar 60 shaxsiy tarkib, 6 ta avtotexnika, MGdan nafar 276 shaxsiy tarkib, 43 avtotexnika hamda hududiy FVDT xizmatlari jalb etilgan.
Jabrlangan va halok bo‘lganlar bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.
Izoh qoldirish