Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv omboridan suv chiqib ketayotgani aks etgan videolar tarqaldi. FVV va “O‘zbekgidroenergo” AJ ushbu holat yuzasidan tezkor ma’lumot berdi.
FVV axborot xizmatining bergan xabariga ko‘ra, bugun, 22 iyun kuni soat 08:14larda To‘palang suv omboridan chiqayotgan suv keskin ko‘tarilgan. Natijada amaldagi suv tashlamasi rejaviy 70 metr kub sekunddan 2022 yil 22 iyun kuni hozirga vaqtda 110 metr kub sekundni tashkil etmoqda.
To‘palang GES suv ombor loyihasi quvvati 400 mln metr kub, amalda esa 378,87 mln metr kubni tashkil etmoqda.
“Suv omborining mustaxkamligiga ziyon yetmagan, ayni vaqtda chiqarilayotgan suv hajmini kamaytirish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati “Hozirda To‘palang suv ombori qoshida barpo etilgan To‘palang GESda 2-komponent modernizatsiya loyihasi amalga oshirilayotganligi munosabati bilan bosimli quvurda sinov ishlari o‘tkazilgan vaqtda bosim quvuri to‘sini orqali 40 m3 suv chiqqan. To‘g‘on bilan bog‘liq muammo mavjud emas. Xavotirga o‘rin yo‘q!
Ushbu nosozlik to‘liq bartaraf etildi. 40 m3 suv to‘liqligicha kanalga yo‘naltirildi” deya izoh berdi.
Ayni vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida joylashgan “To‘palang suv ombori” to‘g‘oni suv qo‘yib yuborgani va atrofni suv bosganligi to‘g‘risidagi asossiz (feyk) ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Yurtdoshlarimizdan turli mazmundagi asossiz xabarlarga ishnomaslikni, ortiqcha vahimaga berilmaslikni so‘raymiz.
Izoh qoldirish