Oxirgi o‘n yilliklarda globalizatsiya va integratsion jarayonlarining jadal rivojlanishi xalqaro mehnat almashinuvida ham o‘z aksini topdi. Birlashgan millatlar tashkiloti va Jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2019 yillar oralig‘ida xalqaro mehnat muhojirlari soni 11,4%ga ko‘paygan. 2019 yilda muhojirlar soni jahon aholisining 3,5 foizini tashkil qilgan va ushbu ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 25%ga oshgan.
Muhojirlarning aksariyati (60%) o‘z mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib o‘tgan. Xususan, 2015 yilda 59 millionga yaqin osiyolik o‘z yurtidan mintaqadagi boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, 40 million yevropalik Yevropaning boshqa davlatlarida qo‘nim topgan.
Umuman olganda, Yevropa mehnat muhojirlari orasida eng jozibador manzil hisoblanadi. 2019 yil holatida mintaqa 82 million muhojirni qabul qilgan bo‘lib, undan keyingi o‘rinlarni Shimoliy Amerika (59 million), Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari (49 million) egallagan.
Pandemiyaning xalqaro mehnat migratsiyasiga ta’siri
Aksariyat mehnat muhojirlari iqtisodiyotning norasmiy sektorida vaqtincha va huquqlari himoyalanmagan ishlarda faoliyat yuritishadi. Ko‘pgina mamlakatlarda ushbu toifadagi insonlar o‘sha davlatdagi milliy mehnat qonunchiligiga amal qilmaganligi sababli, pandemiya kabi favqulodda vaziyatlarda ularning ijtimoiy va iqtisodiy himoya choralaridan foydalana olmaslik xavfi yuqori. Xususan, KOVID-19 bilan bog‘liq inqiroz sharoitida ba’zi mamlakatlarda mehnat muhojirlariga nisbatan diskriminatsiya, ishdan bo‘shatish, mehnat sharoitining yomonlashishi va boshqa shu kabi salbiy holatlarning oshishi kuzatilmoqda.
Aksariyat muhojirlarning turli sabablarga ko‘ra sog‘liqni saqlash tizimidan foydalana olmasligi, virusning yanada keng va jadal sur’atlarda tarqalishiga olib kelmoqda. Aksincha, tibbiy xizmatlardan foydalangan taqdirda, bu ularning moliyaviy ahvolini yanada yomonlashtirib, kambag‘allik qopqoniga tushish ehtimolini ko‘paytiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiy inqirozdan oldingi davrda dunyo bo‘ylab yiliga 100 million nafar aholi sog‘liqni saqlash uchun sarflangan xarajatlar tufayli kambag‘allik darajasiga tushib qolar edi.
Shuningdek, qattiq karantin choralarining joriy qilinganligi va davlatlararo transport qatnovlarining cheklanganligi tufayli muhojirlar mehnat bozoridagi ish o‘rinlarning keskin kamayishi va ish haqi miqdorining tushishi kabi qiyinchiliklarga duch kelishmoqda (1-jadval).
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilning ikkinchi choragida ish o‘rinlarining qisqarishi dunyo bo‘ylab 10,5 %ga teng bo‘ldi. Boshqacha aytganda, joriy yilning 2-choragida dunyo bo‘ylab ishsizlar soni 195 million nafarga ko‘paydi. Mintaqalar kesimida, Amerika (-12,4%), Yevropa va Markaziy Osiyo (-11,8%) hududlarida raqamlar o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham salbiyroq tus oldi. Undan tashqari muhojirlarning aksariyati faoliyat olib boradigan iqtisodiyotning norasmiy tarmoqlaridagi o‘rtacha ish haqi -60%ga qisqargan bo‘lib, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur qisqarish -70%ga teng.
1-jadval. Muhojirlar duch kelayotgan asosiy muammo va xatarlar
Muhojirlarning turlari | Muammo va xatarlar yuzaga kelgan asosiy mamlakatlar | Muhojirlar duch kelayotgan asosiy muammo va xatarlar |
Vaqtincha va mavsumiy xalqaro migratsiya | · Ko‘rfaz Hamkorlik Kengashi mamlakatlari · Malayziya · Janubiy Koreya · AQSh · Avstraliya · Yangi Zelandiya · Rossiya | · ishsiz qolish; · ish haqining qisqarishi; · pul o‘tkazmalarining kamayishi yoki batamom to‘xtashi; · qarzdorlikning ko‘payishi, kambag‘allik qopqoniga tushib qolish ehtimolining ortishi; · ish beruvchi tomonidan berilgan turar-joydan mahrum bo‘lish; · ijtimoiy himoyadan mahrum bo‘lish; · yashash va mehnat sharoitlari tufayli kasallikning yuqishi va yuqtirish xavfining oshishi |
Norasmiy xalqaro migratsiya | · Hindiston · Malayziya · Rossiya · Janubiy Afrika · Tayland · AQSh | Vaqtincha va mavsumiy xalqaro migratsiya muammolariga qo‘shimcha: · mehnat huquqlarining kafolatlanmaganligi bilan bog‘liq muammolar; · ijtimoiy himoya bo‘yicha imtiyozlarining mavjud emasligi |
Muhojirlarning vatanga qaytishi | · Aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlar | · uyushgan tarzda vatanga qaytish davomida kasallikning yuqishi va yuqtirish xavfi; · vatanga qaytganda ish bilan ta’minlash imkoniyatlaring pastligi; · ijtimoiy kapitaldan foydalanish imkoniyatlaring pastligi; · qarzdorlikning ko‘payishi evaziga kambag‘allik qopqoniga tushib qolish ehtimolining ortishi; · pul o‘tkazmalari olmaydigan oilalar sonining ortishi. |
Manba: Jahon banki ma’lumotlari[1]
Yana bir tomondan mehnat muhojirlarining moliyaviy tang vaziyatga tushib qolishi ular tomondan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmiga ham salbiy ta’sir qilishi turgan gap. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarga pul o‘tkazmalari 2020 yilda o‘rtacha 19,9%ga kamayadi (2-jadval). Xalqaro pul o‘tkazmalarining pasayishi Yevropa va Markaziy Osiyo hududida eng sezilarli bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan -27,5%ni tashkil etishi prognoz qilingan.
2-jadval. Kam va o‘rta daromadli mamlakatlarga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmining o‘zgarishi
Manba: Jahon banki ma’lumotlari
Majburiy qaytish
Muhojirlar tomonidan chet elda ishlab topilgan pul mablag‘lari vatanga qaytganida kredit cheklovlarini yengib o‘tish va biznesni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, inson kapitaliga sarmoya kiritgan muhojirlar ichki mehnat bozori talablarini o‘zgartirishi mumkin.
Ammo, shuni unutmaslik kerakki, pandemiya tufayli aksariyat muhojirlarning rejalari o‘zgarib ketdi. Soddaroq qilib aytganda, ular rejalashtirgan mablag‘ni to‘play olmadi, ko‘zlangan kasb malakalarni o‘rgana olmadi. Umuman, muhojirlar o‘z xohishi bilan emas, majburlikdan vatanga qaytishiga to‘g‘ri kelmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida pandemiya paytida vatanga qaytgan muhojirlarning 5% ko‘zlagan jamg‘armasini yig‘ganligi tufayli vatanga qaytgani aniqlandi.
Bunday holatda, muhojirlarning vatanga qaytishidan jamiyat a’zolarining maksimal darajada naf ko‘rishi vatanda ularning mavjud malakasi va investitsiyalaridan foydalanishni rag‘batlantiruvchi institutlarga bog‘liq. Bunda, ularning investitsiya kiritishga va mehnat bozorida reintegratsiyasi qilishiga rag‘bat yaratuvchi tizimni shakllantirish juda muhim.
Pandemiya va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari
O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni asosan muddatli va mavsumiy xarakterga ega va muhojirlarning aksariyati bahor va yoz oylarida chet elda ishlab, qishki mavsumda vatanga qaytadi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil holatida 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik chet elda mehnat faoliyatini olib bordi va ularning aksariyati Rossiya va Qozog‘iston hududida malaka talab qilinmaydigan sohalarda ish bilan band hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida ushbu davlatlarga asosan kam ta’minlangan oila a’zolarining borishi, daromadi yuqori uy-xo‘jaliklari vakillari esa ko‘proq Turkiya, Janubiy Koreya va AQShga yo‘l olishi aniqlangan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 6 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Xususan, MDH a’zo davlatlaridan 5 mlrd. jo‘natilgan bo‘lib, uning 98% Rossiya va Qozog‘istondagi muhojirlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda eng ko‘p pul jo‘natmalari qabul qiluvchi mamlakat bo‘lib kelmoqda.
Chegaralarning yopilishi va qattiq karantin choralari chet elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Xususan, turli manbalarga ko‘ra, qish mavsumi davrida uyiga qaytgan 500 mingga yaqin fuqarolar ko‘zlangan manziliga qaytib keta olmadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarining asosiy manzili hisoblangan Rossiya Federatsiyasida har ikkinchi muhojir ishsiz qoldi[2]. Ijara va oziq-ovqat xarajatlari tufayli muhojirlar ahvoli yanada og‘irlashdi. Natijada, iyun oyidagi tiklanishga (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga o‘sish) qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6%ga kamaydi (1-rasm).
1-rasm. O‘zbekistonga/dan jo‘natilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi (mln. AQSh dollarida)
Manba: Markaziy Bank ma’lumotlari
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahallalar darajasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mehnat muhojirlari pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan aholi qatlamlaridan biri ekanligi aniqlandi. Xususan, 43% mahallalarda respublikaga qaytgan fuqarolarning soni oshgan, eng yuqori o‘sish Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan. Qaytgan muhojirlar asosan ish bilan ta’minlash (54%), moliyaviy yordam (27%) va oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj sezayotganligi aniqlandi.
Hukumatlar chet eldagi mehnat muhojirlarini qanday qo‘llab-quvvatlayapti?
Nazariyaga ko‘ra, ishchi kuchining ortiqcha cheklovlarsiz erkin harakati xalqaro migratsiyaning barcha ishtirokchilariga birdek foyda keltiradi. Ammo, deyarli barcha rivojlangan davlatlar viza, patent, sug‘urta va shu kabi boshqa cheklovlar orqali migrantlar oqimini nazorat qiladi. Mahalliy mehnat bozorini rag‘batlantirish, byudjet mablag‘larini qayta taqsimlash va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamni avvalambor o‘z fuqarolariga yo‘naltirish, mazkur cheklovlarning asosiy sabablari hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, xalqaro migratsiya jarayonining o‘yin qoidalarini mehnat resurslarini qabul qiluvchi mamlakat ishlab chiqadi. Pandemiya paytida mazkur cheklovlarning ahamiyati yanada oshgani mehnat kuchini eksport qiluvchi mamlakatlarni qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarning huquqlarini mustahkamlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga undadi.
Xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rivojlanayotgan mamlakatlar va O‘zbekiston tajribasini, shu jumladan, O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi jarayonini soddalashtirish va fuqarolarning chet eldagi huquq va majburiyatlarini ta’minlash bo‘yicha takliflarni «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining 9-sonida batafsil o‘qishingiz mumkin.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
yetakchi ilmiy xodimi Hasanjon Majidov
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Castles S. & Vezzoli S. (2009, June), The global economic crisis and migration: temporary interruption or structural change? Paradigmes #2. Retrieved from https://www.migrationinstitute.org/files/news/castles-and-vezzoli_the-global-economic-crisis-and-migration.pdf
- IOM (2019), World Migration Report 2020, UN, New York, Retrieved from https://doi.org/10.18356/b1710e30-en
- OECD (2020), Managing international migration under COVID-19. Retrieved from http://www.oecd.org/coronavirus/policy-responses/managing-international-migration-under-covid-19-6e914d57/
- Rodrik D. & Rosenzweig M (2010). Development Economics #5. Elsevier BV.
- World Bank Group & KNOMAD (2020, April), COVID-19 Crisis Through a Migration Lens. Migration and Development Brief 32. Retrieved from https://openknowledge.worldbank.org/bitstream/handle/10986/33634/COVID-19-Crisis-Through-a-Migration-Lens.pdf?sequence=5&isAllowed=y
- World Bank Group (2020, June), Potential Responses to the COVID-19 Outbreak in Support of Migrant Workers. “Living Paper” Version 10. Retrieved from http://documents1.worldbank.org/curated/en/428451587390154689/pdf/Potential-Responses-to-the-COVID-19-Outbreak-in-Support-of-Migrant-Workers-June-19-2020.pdf
- International Labour Organization (2020, May), COVID-19 crisis and the informal economy Immediate responses and policy. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---protrav/---travail/documents/briefingnote/wcms_743623.pdf
- International Labour Organization (2020, June), Social protection for migrant workers: A necessary response to the Covid-19 crisis. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---soc_sec/documents/publication/wcms_748979.pdf
- International Labour Organization (2020, June), COVID-19 and the world of work: Ensuring no one is left behind in the response and recovery. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---dgreports/---gender/documents/publication/wcms_750309.pdf
- International Labour Organization (2020, June), COVID-19 and the world of work: Ensuring no one is left behind in the response and recovery. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---dgreports/---gender/documents/publication/wcms_750309.pdf
- International Labour Organization (2020), Malaysia: Review of admission and recruitment practices of Indonesian workers in the plantation and domestic work sectors and related recommendations. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---asia/---ro-bangkok/documents/publication/wcms_749695.pdf
- International Labour Organization (2020, April), Protecting migrant workers during the COVID-19 pandemic: Recommendations for Policy-makers and Constituents. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---protrav/---migrant/documents/publication/wcms_743268.pdf
- International Labour Organization (2020, April), Protecting migrant workers during the COVID-19 pandemic: Recommendations for Policy-makers and Constituents. Retrieved from https://www.ilo.org/wcmsp5/groups/public/---ed_protect/---protrav/---migrant/documents/publication/wcms_743268.pdf
[1] Jahon banki (2020, June), Potential Responses to the COVID-19 Outbreak in Support of Migrant Workers. “Living Paper” Version 10. http://documents1.worldbank.org/curated/en/428451587390154689/pdf/Potential-Responses-to-the-COVID-19-Outbreak-in-Support-of-Migrant-Workers-June-19-2020.pdf
[2] Varshaver V., Ivanova N., Rocheva A. Gruppa issledovaniy migratsii i etnichnosti. Polojeniye migrantov v Rossii vo vremya pandemii koronavirusa (COVID-19): rezultati oprosa. http://mer-center.ru/_ld/1/169_06-07-2020-vars.pdf
Izoh qoldirish