Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

Inqiroz ichidagi inqiroz:  COVID-19 va xalqaro migratsiya

Oxirgi o‘n yilliklarda globalizatsiya va integratsion jarayonlarining jadal rivojlanishi xalqaro mehnat almashinuvida ham o‘z aksini topdi. Birlashgan millatlar tashkiloti va Jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2019 yillar oralig‘ida xalqaro mehnat muhojirlari soni 11,4%ga ko‘paygan. 2019 yilda muhojirlar soni jahon aholisining 3,5 foizini tashkil qilgan va ushbu ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 25%ga oshgan.

Muhojirlarning aksariyati (60%) o‘z mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlarga ko‘chib o‘tgan. Xususan, 2015 yilda 59 millionga yaqin osiyolik o‘z yurtidan mintaqadagi boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tgan bo‘lsa, 40 million yevropalik Yevropaning boshqa davlatlarida qo‘nim topgan.

Umuman olganda, Yevropa mehnat muhojirlari orasida eng jozibador manzil hisoblanadi. 2019 yil holatida mintaqa 82 million muhojirni qabul qilgan bo‘lib, undan keyingi o‘rinlarni Shimoliy Amerika (59 million), Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari (49 million) egallagan.

Pandemiyaning xalqaro mehnat migratsiyasiga ta’siri

Aksariyat mehnat muhojirlari iqtisodiyotning norasmiy sektorida vaqtincha va huquqlari himoyalanmagan ishlarda faoliyat yuritishadi. Ko‘pgina mamlakatlarda ushbu toifadagi insonlar o‘sha davlatdagi milliy mehnat qonunchiligiga amal qilmaganligi sababli, pandemiya kabi favqulodda vaziyatlarda ularning ijtimoiy va iqtisodiy himoya choralaridan foydalana olmaslik xavfi yuqori. Xususan, KOVID-19 bilan bog‘liq inqiroz sharoitida ba’zi mamlakatlarda mehnat muhojirlariga nisbatan diskriminatsiya, ishdan bo‘shatish, mehnat sharoitining yomonlashishi va boshqa shu kabi salbiy holatlarning oshishi kuzatilmoqda.

Aksariyat muhojirlarning turli sabablarga ko‘ra sog‘liqni saqlash tizimidan foydalana olmasligi, virusning yanada keng va jadal sur’atlarda tarqalishiga olib kelmoqda. Aksincha, tibbiy xizmatlardan foydalangan taqdirda, bu ularning moliyaviy ahvolini yanada yomonlashtirib, kambag‘allik qopqoniga tushish ehtimolini ko‘paytiradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, iqtisodiy inqirozdan oldingi davrda dunyo bo‘ylab yiliga 100 million nafar aholi sog‘liqni saqlash uchun sarflangan xarajatlar tufayli kambag‘allik darajasiga tushib qolar edi.

Shuningdek, qattiq karantin choralarining joriy qilinganligi va davlatlararo transport qatnovlarining cheklanganligi tufayli muhojirlar mehnat bozoridagi ish o‘rinlarning keskin kamayishi va ish xaqi miqdorining tushishi kabi qiyinchiliklarga duch kelishmoqda (1-jadval).

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilning ikkinchi choragida ish o‘rinlarining qisqarishi dunyo bo‘ylab 10,5 %ga teng bo‘ldi. Boshqacha aytganda, joriy yilning 2-choragida dunyo bo‘ylab ishsizlar soni 195 million nafarga ko‘paydi. Mintaqalar kesimida, Amerika (-12,4%), Yevropa va Markaziy Osiyo (-11,8%) hududlarida raqamlar o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ham salbiyroq tus oldi. Undan tashqari muhojirlarning aksariyati faoliyat olib boradigan iqtisodiyotning norasmiy tarmoqlaridagi o‘rtacha ish haqi -60%ga qisqargan bo‘lib, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur qisqarish -70%ga teng.
Yana bir tomondan mehnat muhojirlarining moliyaviy tang vaziyatga tushib qolishi ular tomondan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmiga ham salbiy ta’sir qilishi turgan gap. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlarga pul o‘tkazmalari 2020 yilda o‘rtacha 19,9%ga kamayadi (2-jadval). Xalqaro pul o‘tkazmalarining pasayishi Yevropa va Markaziy Osiyo hududida eng sezilarli bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan -27,5%ni tashkil etishi prognoz qilingan.Manba: Jahon banki ma’lumotlari

Manba: Jahon banki ma’lumotlari

Majburiy qaytish

Muhojirlar tomonidan chet elda ishlab topilgan pul mablag‘lari vatanga qaytganida kredit cheklovlarini yengib o‘tish va biznesni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, inson kapitaliga sarmoya kiritgan muhojirlar ichki mehnat bozori talablarini o‘zgartirishi mumkin.

Ammo, shuni unutmaslik kerakki, pandemiya tufayli aksariyat muhojirlarning rejalari o‘zgarib ketdi. Soddaroq qilib aytganda, ular rejalashtirgan mablag‘ni to‘play olmadi, ko‘zlangan kasb malakalarni o‘rgana olmadi. Umuman, muhojirlar o‘z xohishi bilan emas, majburlikdan vatanga qaytishiga to‘g‘ri kelmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida pandemiya paytida vatanga qaytgan muhojirlarning 5% ko‘zlagan jamg‘armasini yig‘ganligi tufayli vatanga qaytgani aniqlandi.

Bunday holatda, muhojirlarning vatanga qaytishidan jamiyat a’zolarining maksimal darajada naf ko‘rishi vatanda ularning mavjud malakasi va investitsiyalaridan foydalanishni rag‘batlantiruvchi institutlarga bog‘liq. Bunda, ularning investitsiya kiritishga va mehnat bozorida reintegratsiyasi qilishiga rag‘bat yaratuvchi tizimni shakllantirish juda muhim.

Pandemiya va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari

O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni asosan muddatli va mavsumiy xarakterga ega va muhojirlarning aksariyati bahor va yoz oylarida chet elda ishlab, qishki mavsumda vatanga qaytadi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil holatida 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik chet elda mehnat faoliyatini olib boradi va ularning aksariyati Rossiya va Qozog‘iston hududida malaka talab qilinmaydigan sohalarda ish bilan band hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida ushbu davlatlarga asosan kam ta’minlangan oila a’zolarining borishi, daromadi yuqori uy-xo‘jaliklari vakillari esa ko‘proq Turkiya, Janubiy Koreya va AQShga yo‘l olishi aniqlangan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 6 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Xususan, MDH a’zo davlatlaridan 5 mlrd. jo‘natilgan bo‘lib, uning 98% Rossiya va Qozog‘istondagi muhojirlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda eng ko‘p pul jo‘natmalari qabul qiluvchi mamlakat bo‘lib kelmoqda.

Chegaralarning yopilishi va qattiq karantin choralari chet elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Xususan, turli manbalarga ko‘ra, qish mavsumi davrida uyiga qaytgan 500 mingga yaqin fuqarolar ko‘zlangan manziliga qaytib keta olmadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarining asosiy manzili hisoblangan Rossiya Federatsiyasida har ikkinchi muhojir ishsiz qoldi. Ijara va oziq-ovqat xarajatlari tufayli muhojirlar ahvoli yanada og‘irlashdi. Natijada, iyun oyidagi tiklanishga (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga o‘sish) qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6%ga kamaydi (1-rasm).

1-rasm. O‘zbekistonga/dan jo‘natilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi (mln. AQSh dollarida)

Manba: Markaziy Bank ma’lumotlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahallalar darajasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, mehnat muhojirlari pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan aholi qatlamlaridan biri ekanligi aniqlandi. Xususan, 43% mahallalarda respublikaga qaytgan fuqarolarning soni oshgan, eng yuqori o‘sish Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan. Qaytgan muhojirlar asosan ish bilan ta’minlash (54%), moliyaviy yordam (27%) va oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj sezayotganligi aniqlandi.

Hukumatlar chet eldagi mehnat muhojirlarini qanday qo‘llab-quvvatlayapti?

Nazariyaga ko‘ra, ishchi kuchining ortiqcha cheklovlarsiz erkin harakati xalqaro migratsiyaning barcha ishtirokchilariga birdek foyda keltiradi. Ammo, deyarli barcha rivojlangan davlatlar viza, patent, sug‘urta va shu kabi boshqa cheklovlar orqali migrantlar oqimini nazorat qiladi. Mahalliy mehnat bozorini rag‘batlantirish, byudjet mablag‘larini qayta taqsimlash va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamni avvalambor o‘z fuqarolariga yo‘naltirish, mazkur cheklovlarning asosiy sabablari hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, xalqaro migratsiya jarayonining o‘yin qoidalarini mehnat resurslarini qabul qiluvchi mamlakat ishlab chiqadi. Pandemiya paytida mazkur cheklovlarning ahamiyati yanada oshgani qabul qiluvchi mamlakatlarni qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarning huquqlarini mustahkamlash maqsadida qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga undadi. Xususan:

Filippin va Xitoy tajribasi. Filippin iqtisodiyotida chet elda mehnat qiluvchi muhojirlarning o‘rni muhim hisoblanadi. 2019 yilda muhojirlar tomonidan mamlakatga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 30 milliard dollarni tashkil qilgan va bu mamlakat YaIMning 10%ga teng. Har yili 1 millionga yaqin filippinlik ish topish maqsadida chet elga ketadi, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 10 millionga yaqin filippinlik mehnat muhojiri mavjud.

Filippin hukumati mehnat muhojirlariga turli ko‘rinishda ijtimoiy-iqtisodiy yordam berib kelmoqda. Xususan, Xitoy hukumati bilan erishilgan kelishuvga binoan muhojirlar va ish beruvchilar o‘rtasida uzviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlovchi ma’lumotlar platformasi yaratildi. Bu orqali ishidan ayrilgan muhojirlar bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, pandemiya davrida «Muhojirlar farovonligi jamg‘armalari» tomonidan muhojirlarning ma’lum qatlamlariga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Mazkur jamg‘armalar migratsiya jarayonidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, jarayonni soddalashtirish va muhojirlarga ko‘mak berish maqsadida asos solingan bo‘lib, muhojirlarning o‘zlari, xususiy bandlik agentliklari, ish beruvchilar va hukumat tomonidan qisman moliyalashtiriladi.

Shri-Lanka tajribasi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab shri-lankalik mehnat muhojirlarining soni 1 milliondan ortiq bo‘lib, har yili 200 ming nafar fuqaro ishlash maqsadida chet elga yo‘l oladi. Muhojirlar vataniga har yili 5-7 milliard AQSh dollari atrofida pul o‘tkazmalari jo‘natadi. Xususan, 2018 yilda mamlakatga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 7 milliard dollardan ko‘pni tashkil qilgan bo‘lib, bu mamlakat YaIMning 8%ga teng hisoblanadi.

Pandemiya paytida Shri-Lanka hukumati tomonidan muhojirlar muammolarini eshitish va unga yechim topish maqsadida virtual platforma yaratildi. Og‘ir ahvolga tushib qolgan muhojirlarga yordam berish maqsadida O‘rta sharq mamlakatlari bilan hamkorlikda migratsiya qonunchiligi soddalashtirildi. Xususan, Qatar va Saudiya Arabistoni hududidagi muhojirlarga pandemiya bilan bog‘liq shikoyatlar yuzaga kelganda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidan bepul foydalanish huquqi berilib, vaziyat yaxshilangunga qadar turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Bundan tashqari Shri-Lanka hukumati muhojirlar tomonidan mamlakatga jo‘natilgan pul o‘tkazmalarini qabul qilish bo‘yicha bir qator yengilliklar joriy qildi. Xususan, pul o‘tkazmalari turli soliqlardan ozod qilinib, komission to‘lovlarning hajmi qisqartirildi.

Bangladesh tajribasi. Bangladesh mehnat resurslari va ularni qayta tayyorlash byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 500 mingga yaqin fuqaro chet elga ish topish maqsadida jo‘nab ketadi. Ularning aksariyati Ko‘rfaz hamkorlik tashkiloti mamlakatlari va Hindistonga yo‘l olib, asosan malaka talab qilmaydigan sohalarda faoliyat yuritadi.

Pandemiya davrida hukumat vatanga qaytgan muhojirlarning reintegratsiya jarayonlarini yengillashtirish maqsadida ularga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus kredit liniyalari ajratib, mehnat bozorida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ortiqcha mehnat resurslari bosimini kamaytirishga harakat qilmoqda. Qo‘shimcha tarzda, ish beruvchilarni qulay axborot bilan ta’minlash maqsadida qaytgan fuqarolarning malaka va ko‘nikmalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratilmoqda.

O‘zbekiston tajribasi. Pandemiya inqirozi natijasida chet elda qiyinchilikka uchragan va respublikaga qaytgan mehnat muhojirlariga ijtimoiy-iqtisodiy yordam berish maqsadida hukumat tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, iyul oyining oxiriga qadar 200 mingdan ortiq xorijdagi vatandoshlar charter reyslari va chegaralar orqali O‘zbekistonga kirib keldi, respublikaning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijda qiyin ahvolga duch kelgan fuqarolar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari Prezidentning 30.07.2020 dagi PF-6038 farmoni bilan respublikadagi moddiy yordam va muhtoj oilalarning ro‘yxati, xalq tili bilan aytganda “Temir daftarga” kiritilgan 1,7 million fuqaroni jamlagan 400 mingdan ko‘proq oilalarga davlat byudjetidan bir martalik yordam puli ajratildi. Tadqiqotlar natijasida aniqlangan holat, ya’ni kam ta’minlangan uy-xo‘jaliklari orasida oila a’zosining chet elga ketish holati ko‘proq uchrashini hisobga olib, mazkur farmon aksariyat mehnat muhojirlariga ijobiy ta’sir etishiga umid qilish mumkin.

Qilingan ishlar natijasida 600 mingdan oshiq fuqaro ish bilan ta’minlanganligi, shundan 170 mingdan oshig‘i mavsumiy ishlarga, 100 mingdan oshig‘i esa qurilish loyihalariga jalb qilinganligi, bundan tashqari 37 ming nafar fuqaroga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari ajratilganligi, ijro hokimiyati vakillari tomonidan ta’kidlandi.

Takliflar

Ammo shuni ta’kidlash kerakki, pandemiya vaqtida qisqa muddatli choralarni amalga oshirish vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lib, favqulodda zarur muammolarni hal qilishga va shu orqali muhojirlarning faqat ma’lum qatlamiga yordam berishga xizmat qiladi. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda esa xalqaro migratsiyaning barqaror rivojlanishini ta’minlovchi tizimli o‘zgarishlarga qo‘l urish maqsadga muvofiq.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tashqi migratsiya jarayonlarini koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat talablariga moslashtirish, pandemiyaning mehnat migratsiyasi jarayonlariga salbiy ta’sirini yumshatish va pandemiyadan keyingi istiqbolda tashqi migratsiya jarayonini rag‘batlantirish maqsadlarida quyidagi 2 yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinadi:

Birinchi yo‘nalish – mamlakatga qaytgan fuqarolarning mahalliy iqtisodiyot tarmoqlariga va mehnat bozoriga reintegratsiya jarayonlarini yengillashtirish orqali ularning jamg‘arilgan inson va moliyaviy kapitalini sarmoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq:

  • Pandemiya bilan bog‘liq inqiroz tufayli majburlikdan vatanga qaytgan fuqarolar, o‘zi katta bosim ostida turgan ichki mehnat bozoriga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Muhojirlarning mehnat bozorida tezroq o‘rin egallashlarini ta’minlash maqsadida qaytgan fuqarolarning orttirgan malaka va ko‘nikmalari to‘g‘risidagi axborotni jamlagan ma’lumotlar bazasini yaratish (Bangladesh, Shri-Lanka va Misr tajribasi);
  • qaytgan fuqarolarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida maqsadli reintegratsiya dasturlarini yaratish, qaytgan fuqarolar tomonidan iqtisodiyotning turli sohalariga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, ularga qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarni imtiyozli asosda ajratish, ular tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalariga banklarning sherikchilik shartlari asosida ishtirok etishini rag‘batlantirish maqsadga muvofiq;

Ikkinchi yo‘nalish – fuqarolarning chet elga mehnat faoliyatini olib borish davrida ularning ijtimoiy himoyasini oshirish va manzilli migratsiya yo‘nalishlarini yaratish. Bu quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi mumkin:

  • Ikki va ko‘p tomonlama kelishuvlar asosida muhojirlarning pensiya va sog‘liqni saqlash tizimi xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, bu orqali xavfsiz migratsiya jarayonini ta’minlash;
  • Janubiy Koreya va Rossiyaga yo‘nalgan tashkillashtirilgan migratsiya jarayonining samaradorligini o‘rgangan holda, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘nalishlarini kengaytirish va chet ellik ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish;
  • xalqaro mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda fuqarolarga chet tillari shuningdek, dolzarb bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish, qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil qilish orqali ularning raqobatdoshligini oshirish. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qabul qiluvchi mamlakatning davlat tilida muloqot qila olgan muhojirlarning o‘rtacha daromadi boshqalarnikiga nisbatan 5-35 foiz yuqori ekanligi aniqlangan[1];
  • xususiy bandlik agentliklari faoliyatini rag‘batlantirish, ularni tashkil etishda ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish, ammo bir vaqtning o‘zida faoliyati yuzasidan javobgarligini oshirish, yuqori hamkorlik istiqboliga ega davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi Agentligining vakolatxonalarini ochish va uning natijadorligini nazorat qilish.

Mazkur takliflar samarali amalga oshirilganda, iqtisodiyot tarmoqlarini malakali va tajribali ishchi kuchi bilan ta’minlash bilan birga aholining keng qatlamlari va mehnat muhojirlari uchun munosib ish va yashash sharoitlarini yaratish, ular uchun ijtimoiy himoya va mehnat qonunchiligini ta’minlash mexanizmlarini yaratish imkoniyatlari yaratiladi.

Hasanjon Majidov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

[1] Adserà A & Pytliková M. Language and Migration

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar