O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, yil davomida respublika soliq tushumlari hajmi 16,0%ga oshgan. Jumladan, Jizzax (34,3%), Samarqand (34,0%), Farg‘ona (33,4%), Sirdaryo (30,9%), Buxoro (30,8%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (33,2) va Toshkent shahrida (38,1%) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilariga ko‘ra, 2022 yilda soliq tushumlarining o‘sishiga: elektron hisob-faktura, onlayn kassa, «Cashback», «E-ijara», «Soliqchi ko‘makchi», «tax.gap» kabi yangi raqamli vositalarni, tovarlarni raqamli markalash, milliy katalog (tasnif.soliq.uz) va boshqalar joriy etish hisobiga erishildi.
Manbalar bo‘yicha aylanma solig‘i tushumlari 152 foizga, QQS 128 foizga, daromad solig‘i tushumlari 157 foizga oshgani joriy yilning oxirigacha ushbu o‘sish darajasini saqlab qolish imkonini berdi.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021 yilning shu davriga nisbatan 38,5%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Andijon (63,7%), Jizzax (49,5%), Sirdaryo (44,6%), Farg‘ona (42,5%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (39,4%) va Toshkent shahrida (41,7%) kuzatildi.
Natijaga ko‘ra, sohani raqamlashtirish yo‘nalishida hisobot davrida 7 ta axborot tizimi va 4 ta interaktiv xizmati amaliyotga joriy etildi.
Jumladan, bojxona organlari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni minimallashtirishga qaratilgan “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” axborot tizimi hamda tovarlarni “chegara - rasmiylashtiruv postlari” zanjiri asosida nazorat qilishning yagona tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Bojxona va yuk operatsiyalari” axborot tizimi ishga tushirildi.
Shuningdek, deklaratsiyalovchi shaxslar tomonidan hujjatlarni takroran taqdim etish amaliyotini bekor qilib, ushbu hujjatlarni elektron jamlashga qaratilgan “Ye-Arxiv” axborot tizimi hamda eksport meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan avtotransportlarni davlat chegarasidan tezkor o‘tishini tashkil etishga qaratilgan “E-Navbat” interaktiv xizmati joriy qilindi.
Yuk deklaratsiyalarini inson omilisiz avtomatik rasmiylashtirish hajmi 1,4 foizdan 39 foizga yetkazilib, bu ko‘rsatkich eksportda 35 foizni tashkil qildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 31 dekabrga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,1%ga oshgan. Eksportning sezilarli o‘sishi Sirdaryo (42,8%), Andijon (36,4%), Samarqand (23,0%), Namangan (22,7%), Qashqadaryo (22,3%) viloyatlarida va Toshkent (47,5%) shaharida kuzatildi.
O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari oshgani bilan izohlanadi.
Eksportning kamayishi Surxondaryo (-23,3%), Buxoro (-2,1%), Jizzax (-1,1%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (-13,6%) kuzatildi.
Surxondaryo viloyatida eksport hajmining qisqarishi meva-sabzavot mahsulotlari (loviya, pomidor, mosh, piyoz) va ip-kalava eksporti, Buxoro viloyatida esa paxta tolasining ichki bozorga yo‘naltirilishi kamayishi bilan bog‘liq. Jizzax viloyatida ip-kalava, Toshkent viloyatida mis, Qoraqalpog‘iston Respublikasida - plastmassa, farmatsevtika mahsulotlari va ip-kalava eksporti qisqardi.
Joriy yilning 1 yanvaridan 31 dekabrigacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,3%ga oshdi.
Kreditlar berish hajmi Farg‘ona (28,7%), Xorazm (22,2%), Samarqand (20,3%), Toshkent (12,0%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (13,9%) va Toshkent (14,6%) shaharida sezilarli darajada oshgani qayd etildi.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar hajmi 35,7%ga o‘sdi. Birja faoliyatining sezilarli o‘sishi Xorazm (52,1%), Samarqand (46,9%), Navoiy (46,7%), Jizzax (37,9%) viloyatlarida va Toshkent (41,6%) shahrida kuzatildi.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi mineral o‘g‘itlar, texnik chigit, avtomobil benzini, dizel yoqilg‘isi, qurilish va xo‘jalik materiallari, o‘simlik yog‘i, bug‘doy uni, bug‘doy, shakar, paxta tolasi, qora va rangli metallar, polietilen, polipropilen, etil spirti va boshqa mahsulotlar savdosining ko‘payishi hisobidan erishilgan.
Tahlil qilinayotgan davrda 87 613 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Samarqand (9 724), Farg‘ona (8 664), Qashqadaryo (8 150), Toshkent (6 771), Xorazm (5 439) viloyatlarida va Toshkent shahrida (15 441) ro‘yxatga olingan.
Izoh qoldirish