O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ishbilarmonlik faolligi tahlili har oyda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tezkor ma’lumotlar asosida (respublikaning barcha sohalari bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring, Davlat bojxona qo‘mitasi, DSQ, MB va O‘zRXTB) hisoblab chiqiladi.
Monitoring natijalari shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning 1 yanvaridan 31 iyuligacha bo‘lgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,9%ga oshgan.
Jumladan, Farg‘ona (39,4%), Samarqand (35,3%), Surxondaryo (34,5%), Sirdaryo (34,4%), Buxoro (33,9%), Xorazm (32,4%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (42,6%) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.
Soliq tushumlarining o‘sishi iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligi tizimini takomillashtirish, jumladan yangi ma’muriy vositalarni joriy etish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligi talablariga rioya etish tartibini soddalashtirish hisobiga ta’minlandi.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 41,9%ga oshdi. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (62,8%), Andijon (57,2%), Buxoro (51,7%), Jizzax (47,4%), Xorazm (46,5%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (48,4%) kuzatildi.
Bojxona tushumlarining o‘sishi tashqi savdo aylanmasining o‘sishi, mamlakatimizda ishlab chiqarish quvvatlarining oshirishi, bojxona ma’muriyatchiligi tartib-taomillarini soddalashtirish, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, jumladan, bojxona organlari tomonidan risklarni boshqarish tizimidan keng foydalanish hisobiga ta’minlandi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan 31 iyulga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,3%ga oshgan. Tovarlar eksport hajmining sezilarli o‘sishi Qashqadaryo (45,0%), Samarqand (41,4%), Andijon (32,5%), Namangan (31,3%), Farg‘ona (25,1%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (44,5%) qayd etildi.
O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari bilan izohlanadi.
Tovar eksportining qisqarishi Buxoro (16,7 foizga), Surxondaryo (7,8 foiz) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (15,9 foizga) kuzatildi.
Buxoro viloyatida eksport hajmining kamayishi 2022-yilning yanvar-iyul oylarida paxta tolasi eksporti kamayganligi bilan, bu esa mahsulotlarning ichki bozorga yo‘naltirilganligi bilan bog‘liq.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida eksport hajmining kamayishi plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar, ip-kalava va (qizilmiya ildizidan tayyorlanadigan) farmatsevtika mahsulotlari eksportining kamayganligi bilan, shuningdek, paxta tolasi eksportining butunlay bekor qilinishi va ichki bozorga yo‘naltirilishi bilan izohlanadi.
O‘z navbatida, Surxondaryo viloyatida eksport hajmining kamayishi meva-sabzavot mahsulotlari eksportining kamayishi hamda paxta tolasi va kalavaning ichki bozorga yo‘naltirilishi bilan bog‘liq.
Joriy yilning 1 yanvaridan 31 iyuligacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,3%ga o‘sdi.
Berilgan kreditlar hajmining o‘sishi Farg‘ona (34,4%), Andijon (22,8%), Xorazm (18,0%) viloyatlarida, Toshkent shahrida (19,1%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (31,2%) kuzatilgan.
Sirdaryo (-31,6%), Surxondaryo (-2,6%) va Navoiy (-1,8%) viloyatlarida ajratilgan kreditlar miqdorining kamayganligi kuzatildi. Bu 2021 yilda tekstil va boshqa ishlab chiqarish loyihalari uchun katta miqdorda kreditlar ajratilishi bilan bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, respublikasizning bazi bir viloyatlarida ajratilgan kreditlar miqdorining kamayishi bazis davrda (2021 yil yanvar va fevral) iqtisodiyotning real sektoridagi yirik loyihalarga katta miqdorda kreditlar ajratilganligi bilan izohlanadi. Hisobot davrida esa asosan ushbu loyihalar bo‘yicha kreditlarni qaytarish operatsiyalari amalga oshirilmoqda.
Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi 44,1%ga o‘sdi. Birjada savdo faolligining sezilarli o‘sishi Xorazm (69,3%), Navoiy (60,1%), Jizzax (56,4%), Toshkent (48,1%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (62,5%) kuzatildi.
Ushbu hududlarda tuzilgan bitimlar hajmining o‘sishi mineral o‘g‘itlar, texnik chigitlar, o‘simlik yog‘i, avtomobil benzini, qurilish va xo‘jalik materiallari, dizel yoqilg‘isi, bug‘doy uni, paxta tolasi, qora va rangli metallar, polietilen, etil spirti va boshqa mahsulotlar savdosining ko‘payishi hisobidan erishilgan.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida 1,6 foizga qisqarish kuzatildi. Bu polipropilen, paxta tolasi, o‘simlik yog‘i, texnik chigitlar, qora va rangli metall, sement, shrot va sheluxa, omuxta yem, sovun mahsulotlari va texnik yog‘ savdosi bo‘yicha tuzilgan bitimlar soni va hajmining kamayishi bilan izohlanadi.
Tahlil qilinayotgan davrda 55 740 ta yangi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tashkil etilib, ularning eng ko‘pi Samarqand (7 183), Qashqadaryo (5 593), Farg‘ona (5 099), Toshkent (4 107), Andijon (3 702) viloyatlarida va Toshkent shahrida (8 990) ro‘yxatga olingan.
Izoh qoldirish