Koronavirusga qarshi kurashda kim qanday muvaffaqiyatga erishmoqda?

Koronavirusga qarshi kurashda kim qanday muvaffaqiyatga erishmoqda?

Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlari koronavirus pandemiyasining epitsentriga aylanib qoldi. Ushbu mamlakatda COVID-19 virusiga chalingan aholi soni 300 mingdan oshdi va dunyo bo‘ylab eng yuqori ko‘rsatkichga ega. Xususan, AQShda bu ko‘rsatkich Ispaniya va Italiyaga nisbatan 2,5 barobar, Germaniya, Fransiya va Xitoyga nisbatan 3,5-4 barobarga ko‘p. Ushbu virusdan vafot etganlar soni AQShda 10 mingga, butun dunyo bo‘yicha 70 mingga yaqinlashdi. Joriy yil mart oyining oxirgi kunlarida e’lon qilingan epidemiologiya modeliga ko‘ra, kelasi oylarda koronavirus millionlab odamlarni qamrab olishi, o‘lim holatlari 100 mingdan oshib 240 minggacha bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 75 mingdan oshiq odamda virus yuqtirganlik holati qayd etilgan Nyu-York shtatidagi shifoxonalar bemorlar bilan to‘lib-toshib ketgan, o‘pkani sun’iy shamollatuvchi ventilyatorlar va eng zarur tibbiy anjomlar va shaxsiy himoya vositalari yetishmayapti. Noxush bashoratlarga ko‘ra, virus hali eng avj tarqalish pallasiga yetmadi va jahonning bir qancha mamlakatlarida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin.

2 aprel kuni Foreign Policy nashrida e’lon qilingan The Countries That Are Succeeding at Flattening the Curve nomli maqolada koronavirusni yengishda Xitoydan tashqaridagi hududlarda – Tayvan, Janubiy Koreya, Kanada, Islandiya, Shvetsiya va Gruziya kabi mamlakatlarning muvaffaqiyatli tajribasi haqida so‘z yuritiladi. Quyida ushbu davlatlar erishgan muvaffaqiyatlarning qisqacha tahlilini yuqorida keltirilgan maqola hamda jahon OAVlarida e’lon qilingan xabarlar va intervyular bayoni asosida Uzanalytics.com sayti ma’lumot taqdim etmoqda.

Amerika loqaydlik qildi, Janubiy Koreya esa aql bilan ish ko‘rdi

Pandemiya sharoitida AQSh prezidenti Donald Tramp va dunyoning boshqa mamlakatlari rahbarlari koronavirus dastlab paydo bo‘lgan Xitoy bilan chegaralanib qolmasligi aniq bo‘lgandan keyin ham uning oldini olish uchun kech va befoyda choralar ko‘rgani uchun tanqidga uchradi. Tayvan, Singapur, va Janubiy Koreya singari mamlakatlar infeksiya geometrik progressiya yo‘li bilan tarqalishi oldini ola bilgani uchun nisbiy muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlar sifatida e’lon qilindi. Mamlakatlar bir oylik buhronga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda, ushbu maqolada dunyodagi mamlakatlar shu paytgacha COVID-19 virusi tahdidiga qanday javob qaytarganiga oid so‘nggi haftalarda e’lon qilingan eng yaxshi maqolalar va intervyular bayoni jamlandi.

BMT Tayvanni tan olmaydi

Tayvanda ilk koronavirus yuqtirganlik holati 21 yanvarda qayd etilgan edi, biroq 6 aprel holatiga ko‘ra, virus yuqtirganlar sonini atigi 373, vafot etganlar esa 5 kishi bilan cheklashning uddasidan chiqa oldi. Mamlakat Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) a’zo emas, chunki a’zolik odatda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlarga beriladi, lekin BMT Tayvanni tan olmaydi. Hilton Yip (Hilton Yip) 16 martda yozishicha, uning hukumati Uxanda paydo bo‘lgan sirli kasallik haqida xabarlar tarqalishi bilanoq oldini oluvchi choralar ko‘ra boshladi. Materikdagi Xitoydan 160 kilometr uzoqlikda joylashgan Tayvan 31 dekabrdayoq Uxan shahridan kelayotgan sayyohlarni tekshirishni yo‘lga qo‘ydi, o‘zini-o‘zi karantinga olgan kishilarni kuzatish tizimini ishga soldi, yanvar oyidayoq tibbiy jihozlar ishlab chiqarishni ko‘paytira boshladi. (Tayvan shu paytgacha tibbiy anjomlar, xususan, tibbiyot niqoblari eksportini qayta yo‘lga qo‘ygani yo‘q.)

Dastlab Xitoydan tashqarida eng ko‘p virus tarqalgan Janubiy Koreya hukumati ham hech qanday qattiq izolyasiya rejimi joriy qilmasdan yangi koronavirus tarqalishini susaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Devi Sridhar 23 martda ta’kidlagani bo‘yicha, mamlakatning ommaviy tekshiruv o‘tkazib, tashxis qo‘yishday namunali modeli kasallik tarqalishini jilovlashning yagona usuli bo‘ldi. Boshqa mamlakatlar saboq sifatida Sharqiy Osiyo mamlakatlari tajribasini o‘rganishi kerak. 51 million aholiga ega Janubiy Koreyada alohida ajratilgan joylarda har kuni 20 mingdan oshiq kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda, JSST tavsiya qilganiday, kasallik yuqishi zanjirini uzib tashlash uchun izolyasiya qilishdan va kontaktlarni keng kuzatish usulidan foydalanilmoqda. “Janubiy Koreya ushbu model qanday qilib pirovardida kasallik tarqalishini kamaytirish, tibbiyot xizmatlariga bo‘lgan bosimni bartaraf qilish va dunyodagi o‘lim holatlarining eng past ko‘rsatkichlaridan birini saqlab qolish bilan o‘zini oqlayotganini namoyish etmoqda”, deb yozdi Sridhar.

Kanada G‘arb mamlakatlari ichida ajralib turdi

Jastin Lang 13 martda yozishicha, G‘arb mamlakatlari orasida Kanada qo‘shni Qo‘shma Shtatlarga nisbatan keng qamrovli tibbiy tekshiruvlarni yo‘lga qo‘ygan. Kanada yanvar va fevralda test o‘tkazish va kasallik yuqtirgan kishilar bilan kontakt qilganlarni kuzatish bo‘yicha infratuzilma yaratishga kirishdi. Bunday oldindan tayyorgarlik ko‘rishga mamlakat 2003 yil SARS virusi keng tarqalgan paytda orttirilgan tajriba sabab bo‘ldi. (O‘sha paytda ushbu virusni yuqtirish oqibatida Osiyo qit’asidan tashqarida faqat Kanadada o‘lim holatlari qayd etilgan edi.) Kanadada yaxshi moliyalashtiriladigan ijtimoiy sog‘liqni saqlash tizimi mavjud, shu sababli u yerdagi COVID-19 virusini yuqtirganlik yoki yuqtirmaganlik uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tish mezonlari Qo‘shma Shtatlardagiga o‘xshash cheklangan emas.

“Kanada ushbu vaziyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun so‘nggi 20 yilni sarfladi. Ushbu mamlakat shubhali holatlarni dastlabki bosqichida aniqlab va qayerdan kelib chiqqanini surishtirib, shu paytgacha virus ta’sirini jilovlashga erishib kelmoqda", deb yozadi Ling.

Muvaffaqiyatlar kutilmaganda keldi

Ayrim muvaffaqiyatlarga kutilmaganda erishiladi. Foreign Policy jurnali xodimi Emi Makkinnon (Amy Mackinnon) Gruziya Don’t Touch Your Face podkasti bilan ushbu virus tarqalishiga vaqtida munosabat bildirganini qayd etadi. Kichikligi va iqtisodiy ahvoli murakkabligiga qaramay, Gruziya fevral oxiriga kelib, maktablarni yopish, keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar o‘tkazishday jiddiy choralar ko‘ra boshladi. Ushbu mamlakatda shu paytgacha 188 ta COVID-19 yuqtirganlik va 2 ta o‘lim holati qayd etilgan.

“Nazarimda, hukumat vaziyatni avvalboshdan jiddiy qabul qilgani yordam berdi”, dedi gruziyalik jurnalist Nataliya Antelava (Natalia Antelava) Makkinnonga.

Gruziyadagi boshqa kishilarning ham fikri shunday.

“Mamlakat inqirozlarga ko‘nikib qolgan, fuqarolar urushini va Sovet Ittifoqi parchalanib ketgandan so‘ng 90-yillarda qiyin davrni boshidan kechirgan”, dedi Antelava.

Makkinnon yana islandiyalik jurnalist Yelena Sirikdan (Jelena Ciric) ham intervyu oldi. Ushbu mamlakat aholi jon boshiga nisbatan tibbiy tekshiruv o‘tkazganlik holati bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘rinda turadi. Bu ishni Reykyavikdagi xususiy tibbiy tadqiqotlar kompaniyasi amalga oshirdi. Ushbu tadqiqotdan pandemiyaga qarshi global javob choralarini axborot bilan ta’minlashda

foydalaniladi.

“Bu bizga Islandiya aholisi o‘rtasida virus qanday tarqalayotganiga oid aniq manzarani ko‘rsatib beradi. Virus yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘lgan kishilarning karantinga solishday erta choralar ko‘rilgani natijasida u keng tarqalib ketmadi”, dedi Sirik.

Shvetsiya mardona turib bermoqda

"Yevropadagi ko‘pgina mamlakatlar izolyasiya holatida, biroq bu Shvetsiyaga tegishli emas, mamlakat aholisi virusning keng tarqalish ehtimoliga qaramay, mardona turib bermoqda. U yerda koronavirusga chalinganlar soni 7 mingga yaqinlashgani qayd etilgan bo‘lsada, lekin hukumat shvedlarni boshqalardan ajratib turuvchi yuksak ishonch madaniyati sabab odamlar buyruq olmasdan turib ham mas’uliyat bilan ish tutishga umid qilmoqda", deb yozdi Natali Rotshild (Nathalie Rothschild) 24 martda Stokgolmdan yuborgan xabarida.

“Vatandoshlar shaxsiy javobgarlikni zimmasiga olib, majburlamasalar ham odamlar to‘plangan joyga bormaydi va uyda o‘tirib ishlaydi, jamoat transportida boshqalar bilan oraliq masofani saqlaydi degan umid bor”, deb yozdi u.

So‘nggi ikki haftada bu hisob-kitob qanchalik o‘zini oqlashi yoki oqlamasligi ma’lum bo‘ladi.

Eron statistikasiga shubha bilan qaralmoqda

Erondagi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq statistika ma’lumotlariga jiddiy shubha bildirilmoqda. U yerda 6 aprel holatiga ko‘ra 58 mingdan ortiq koronavirus yuqtirganlik va 3600 dan ortiq o‘lim holatlari qayd etilgan. Haqiqiy raqamlar Eronni koronavius eng ko‘p tarqalgan mamlakatga aylantirishi ham mumkin, deya ta’kidlaydi Maysam Bahravash (Maysam Behravesh). Yanvarda Xitoyda koronavirus yuqtirganlik holatlari ko‘payib borayotgan paytda ham Eron hukumati amaldorlari ikki mamlakat o‘rtasidagi bordi-keldini cheklamadi, diniy ziyoratgohlar shahri bo‘lmish Qumda COVID-19 virusini yuqtirganlik ortidan dastlabki o‘lim holatlari qayd etilmaguncha, u tarqalib ketganini e’lon qilishni paysalga solib keldi. Virus yuqtirgani sabab qo‘plab yuqori lavozimli amaldorlar ham vafot etdi. Bahravash Eronning virus tarqalishi oldini ola bilmaganini qisman mutaxassislar uning nima ekanini tushunmagani bilan izohladi.

"Eron hukumatining aholi salomatligiga koronavirus solayotgan xavfni umuman pisand qilmagani uning bunday xavf tabiatidan mutlaqo bexabarligidan kelib chiqadi", deb yozadi Maysam Bahravash

.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar