Markaziy bank kreditlar bo‘yicha maqbul foiz stavkalarini o‘rnatdi

Markaziy bank kreditlar bo‘yicha maqbul foiz stavkalarini o‘rnatdi

Makroiqtisodiy tahlillar inflyasiya darajasining joriy yil yakuniga qadar 11-12,5 foizgacha va 2021 yil yakuniga qadar 9 foizgacha pasayishi kutilmalari fonida banklar tomonidan depozitlar foiz stavkalarining 23 foizgacha belgilanayotganligi foiz xatarlarini va kreditlar bo‘yicha esa 26-30 foizgacha taklif etilayotganligi kredit xatarlarining kuchayishiga olib kelmoqda.

Mazkur xatarlarning oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan inflyasiya va bozordagi holatni inobatga olib, prudensial choralar va pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalangan holda banklarda oqilona foiz siyosatini yuritishni rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Bunda joriy yilning 1 iyulidan boshlab 2021 yil 1 yanvarga qadar:

  • milliy valyutada yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha 16 foizgacha, jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha 18 foizgacha;
  • milliy valyutada yuridik shaxslar kreditlari bo‘yicha 21 foizgacha, jismoniy shaxslar kreditlari bo‘yicha 24 foizgacha;
  • tadbirkorlarga xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha 8 foizgacha bo‘lgan stavkalar maqbul foiz stavkalari deb hisoblanadi.

Mazkur foiz stavkalari Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda o‘zgaradi.

Joriy etilgan maqbul foiz stavkalari banklar operatsiyalarini daromadlik darajasini cheklamaydi va banklarda o‘z faoliyatlari doirasida mustaqil ravishda foiz stavkalarini belgilashi saqlanib qolinadi.

Maqbul foiz stavkalari chegarasida depozit va kredit operatsiyalarini amalga oshirgan banklarni pul-kredit siyosati instrumentlaridan foydalangan holda rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etildi. Jumladan:

  • Markaziy bankda saqlanishi lozim bo‘lgan majburiy rezervlar normativ miqdorini hisoblashda o‘rtachalash koeffitsiyenti amaldagi 35 foizdan 75 foizgacha oshiriladi;
  • Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondiga o‘tkaziladigan kalendar badallari amaldagi 0,25 foizdan 0,05 foizgacha pasaytiriladi;
  • banklarni pul-kredit siyosati instrumenti orqali 3-6 oylik zarur resurs bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi;
  • shuningdek, banklarda likvidlilik taqchilligi yuzaga kelganda, standart tasniflangan aktivlar garovi evaziga taqdim etiladigan bank aktivlarining 2 foizi miqdorida “chaqirib olinmaydigan” kredit liniyalari ochiladi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar