2021 yil 19 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisini 2021 yil 26 avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.
Tashqi ishlar vazirining 2021 yil birinchi yarim yillik faoliyatiga doir axboroti ham eshitiladi.
Shu bilan bir qatorda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyusiyasini amalga oshirish chora-tadbirlarining ijrosi ustidan parlament nazoratini olib borish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining 2020 yildagi va 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyatiga doir hisobotini eshitish hamda Prezidentning “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini tasdiqlash, Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqilishi ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, Kengash majlisida Markaziy bank tomonidan yangi ko‘rinishdagi 5 000 (besh ming) so‘mlik va 10 000 (o‘n ming) co‘mlik banknotlarning chiqarilishi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Izoh qoldirish