Yanvar-iyun oylarida davlat byudjeti daromadlari 2020 yilning mos davriga nisbatan 28,7 foizga o‘sdi.
Moliya vazirligi davlat byudjeti daromadlarining 2021 yil 1-yarim yillik ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Yanvar-iyun oylarida davlat byudjeti daromadlari 74,9 trillion so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 trillion so‘mga (+28,7 foiz) ko‘p bo‘ldi.
Hisobot davrida davlat soliq organlari nazoratidagi tushumlar 61,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilning mos davriga qaraganda 15,5 trillion so‘mga (33,8 foiz) oshdi.
Jumladan, yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi nazorati ostidagi tushumlar 40,6 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 10,5 trillion so‘mni (35 foiz) tashkil qildi.
1-yarim yillikda bojxona organlari tomonidan nazorat qilinadigan tushumlar 5,2 trillion so‘mga (52,5 foiz) oshdi va 15 trillion so‘mni tashkil qildi.
Davlat byudjetining soliq va bojxona organlari tomonidan nazorat qilinmaydigan tushumlari 6 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2 trillion so‘mga ko‘pdir.
Izoh qoldirish