Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar so‘rovi O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini ijobiy baholashini ko‘rsatdi

Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar so‘rovi O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhitini ijobiy baholashini ko‘rsatdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yilning avgust oyida o‘z biznesini rivojlantirish istiqbollarini qanday baholashini bilish maqsadida respublika bo‘ylab 1000 dan ortiq korxona bilan so‘rov o‘tkazdi.

So‘rov har oyda ikki yo‘nalishda o‘tkaziladi: biznesning hozirgi holatini sifatli baholash va tadbirkorlarning keyingi 3 oy ichida o‘z bizneslarini rivojlantirish istiqbollariga bo‘lgan umidlari.

Joriy yilning avgust oyida ishbilarmonlik muhitining umumiy ko‘rsatkichi 8 punkitga o‘sdi va 63 ballni (-100 dan +100 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha) tashkil etib, mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti holatini ijobiy deb baholadi.

Tarmoqlar bo‘yicha ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichi qishloq xo‘jaligida 6 punktga oshib 77 punktni, xizmat ko‘rsatishda 3 punktga oshib 59 punktni, qurilishda 4 punktga oshib 63 punktni va eng yuqori o‘sish (16 punkt) sanoatda kuzatildi va 60 punktni tashkil etdi.

Ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichidagi ijobiy o‘zgarishlar indikatorning quyidagi tarkibiy qismlaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq:

Ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichining dinamikasi

Avgust oyida biznesning hozirgi holati ko‘rsatkichi 49 punktni tashkil etdi (iyulda 38 p.), bu tadbirkorlarning biznesning hozirgi holatiga nisbatan ijobiy kayfiyatini ifodalaydi.

Biznesining hozirgi holatini yaxshi deb qayd etgan respondentlarning ulushi 44% (iyulda 41%) ni tashkil etdi. So‘nggi 3 oyda biznesning holati qanday o‘zgargani haqida savolga, tadbirkorlarning 41% - yaxshilandi (iyulda 39%), 45% - o‘zgarmadi (iyulda 45%) va 14% yomonlashdi (iyulda 16%) deb qayd etdi.

Avgust oyida tovar/xizmatlarga bo‘lgan talab 48% korxonalarda yaxshilandi (iyulda 47%), xodimlar soni esa 27% korxonalarda oshdi (iyulda 25%).

Hozirgi holat ko‘rsatkichining o‘sishi sanoat sohasida tadbirkorlar o‘rtasida kayfiyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lib, 44 punkt (iyulda 18 p.) tashkil etdi; qishloq xo‘jaligida – 59 punkt (iyulda 48 p.) va xizmatlar – 44 punkt (iyulda 42 p.).

Tadbirkorlarning kelgusi 3 oy mobaynida o‘z biznesini rivojlantirish istiqbollari haqidagi taxminlarini aks ettiruvchi biznesni rivojlantirish istiqbollari kutish ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshdi va 77 punktni (iyulda 73 punkt) tashkil etdi, bu optimistik taxminlar sifatida baholandi. Bu ko‘rsatkichning o‘sishiga Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi ta’sir ko‘rsatdi, unda kelgusida biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etildi.

Tadbirkorlarning 74% (iyulda 76%) biznes istiqbollari yaxshilanishiga ishonadi. 68% korxonalarda (iyulda 67%) tovar va xizmatlarga bo‘lgan talab yaxshilanishi va xodimlar soni 69% (iyulda 62%) oshishi kutilmoqda.

23% tadbirkorlar keyingi 3 oy ichida (iyulda 22%) tovarlar/xizmatlar narxlarining oshishini kutishmoqda. 33% narxlar "o‘zgarmaydi" (iyulda 28%) va 5% - "kamayadi" (iyulda 5%) deb hisoblaydi. 39% respondentlar yaqin kelajakda (iyulda 45%) o‘z tovar/xizmatlarining narxi qanday o‘zgarishini "bilishmaydi".

Avgust oyida tarmoqlar kutish ko‘rsatkich quyidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatdi: qishloq xo‘jaligi 3 punkt oshdi va 85 punktni tashkil etdi, sanoatda 3 punkt oshdi va 76 punktni tashkil etdi, eng katta o‘sish qurilish sektorida (13 punkt) kuzatildi va 86 punktni tashkil etdi, xizmatlar 5 punkt oshdi va 69 punktni tashkil etdi.

Umuman olganda, mavjud vaziyat va istiqboldagi kutilmalar o‘rtasidagi bog‘liqlik shuni anglatadiki, tadbirkorlik sub’yektlarining taxminlariga ko‘ra, iqtisodiyotni ijobiy rivojlantirish tendensiyasi keyingi 3 oy ham davom etadi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, salbiy tabiiy hodisalarga qaramay, joriy yilda iqtisodiy tiklanishning barqaror xususiyatidan darak beradi, bu esa so‘nggi to‘rt yil davomida amalga oshirilgan islohotlar samaradorligiga bog‘liq bo‘lib, biznes uchun qulay ishbilarmonlik muhiti va iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlaydi.

Feruzbek Davletov, SEIR

*Tadqiqot haqida batafsil tahlil va to‘liq ma’lumot olish uchun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga murojaat qiling. Tel.: (+998) 78 150-02-02


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar