O‘zbek degan nom ostida birlashamiz!

O‘zbek degan nom ostida birlashamiz!

Shunda bir kuni o‘qituvchim doskaga chiqarib, «Ona deb yoz» deganlar. Tabiiyki, so‘zni «O» harfidan boshlashim kerak. Ikkilanib turganimni ko‘rib, ustozim, «Nima, sen onangni yomon ko‘rasanmi?» deganlar jiddiy. Shu ikki og‘iz gap yuragimga shu qadar qadalganki, barmoqlarim beixtiyor «Ona» degan so‘zni birdan ravon yozib ketgan. Chunki barcha farzandlar qatori onamni juda yaxshi ko‘rardim. O‘ylab qarasam, bugun men uchun «Ona» so‘zi men uchun dunyoda eng chiroyli eshitiladigan va yoziladigan kalomdir. U bilan muqaddas so‘zlar Ona Vatan, ona tabiat, ona tuproq kalomlari o‘ta jarangli va salobatli eshitiladi.

Aslida kishida Ona Vatan degan ilk tushunchalar bolalik davridan boshlanadi. Maktabdagi partalardan, ariqlardagi yalpizlardan, o‘rtoqlaring bilan bahorda osmonga uchirgan varraklardan. O‘sha qadrdon manzaralar sog‘inchi o‘ziga tortaverdi. Shuning uchun odam qayerda bo‘lmasin, qanday natijaga erishmasin o‘z ildizidan uzilib ketolmaydi. Tug‘ilib o‘sgan joyi, o‘zi bilan ulg‘aygan tuyg‘ularidan nari borolmaydi. Ota-ona bag‘rida o‘tgan bolalik, sho‘x-sha’n kechgan yoshlik, ulkan orzular qilishing, yuqori marralarni ko‘zlashing, oila atalmish qo‘rg‘oningdagi farzandlaringni jajji niyatlariga tilakdosh bo‘lishingda tinchlik qanchalik katta ahamiyat kasb etishini hamma vaqt ham anglamaydi kishi.

Bugungidek notinch zamonda, qaylardadir urush olovlari o‘chmagan paytda ona Vataningdagi osudalikka, xalqning kundalik tashvishlari bilan bandligiga, to‘ylar tashvishi bilan yurganiga, bir so‘z bilan aytganda faravonligiga shukrona keltirasan. Ayniqsa, oxirgi yillarda ilm-fan, adabiyotga qaratilayotgan e’tibor sezilarli darajada ortdi. Ijodkorlarga qilinayotgan g‘amxo‘rlik ko‘pchilikning, hatto xorijliklarning ham havasini keltirdi. Chunonchi, poytaxtimiz markazida adabiyotimiz namoyondalari siymosiga ehtirom sifatida Adiblar xiyobonining barpo etilgani, u yerdagi 24 nafar ustoz ijodkorlarning ijodini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib etish maqsadida yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga biriktirib qo‘yilganligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolariga imtiyozli kreditlar evaziga uy-joylar berilganligi, yoshlarning kitoblari o‘n minglab nusxalarda bepul chiqarilayotganligi bularning bari adabiyotga berilayotgan e’tiborning dalilidir.

Yaqinda mamlakatimiz ana shu tinch kunlar kafolatini beradigan katta va mas’uliyatli jarayonni boshidan o‘tkazdi. O‘zbekiston Respublikasi siyosiy hayotidagi Prezidentlikka saylov xalqimiz hayotidagi jiddiy sinovdir. Yurtning kelajagini, xalqning to‘kinligini ta’minlaydigan bu davr har birimiz uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan shu yil 29 oktyabrdagi 1154-sonli qaroriga asosan yuqori 80,12 foiz ovoz bilan besh yil muddatga Shavkat Mirziyoyevning Respublikamiz Prezidenti etib saylanganligi fuqarolarimizning xolis tanlovi, adolat tantanasi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Respublikamizning barcha hududlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha 14 ta saylov okrugi bo‘yicha o‘tkazilgan saylovning adolatli o‘tganligining isboti shundaki, viloyatlarimiz, shaharlarimiz bo‘ylab tashkil etilgan barcha saylov uchastkalaridagi ishlarning o‘ta tartib bilan yo‘lga qo‘yilganligi, odamlarimizning har biri o‘z nomzodini o‘zi ko‘rsatganligida ko‘rindi. Qishloqda saksondan oshgan buvim bilan gaplashsam: «Men ham ovoz berdim bolam. Shu poshshomizga berdimda. O‘zi yaxshi olib boryaptiku. Shunga o‘xshab, elu-yurtini o‘ylaydiganlar ko‘paysin ilohim, bolam» dedilar duoga qo‘l ochib.

Tunov kuni mazkur jarayonlarning tantanali yakuni bo‘lmish tadbirga ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori poytaxtimizdagi Xumo arenasiga bordim. Soat 16:00 da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari e’lon qilindi. Bu fursatni hamma kutganini, intiq bo‘lganini o‘sha lahzada zaldagi qarsaklardan, olqishlardan bilsa bo‘lardi. Nihoyat, sahnaga Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chiqib keldi. Davlatimiz rahbarining yaqin istiqboldagi rejalar, yutuqlar va maqsadli vazifalar haqidagi muhim fikrlarini hamma hayajon bilan tingladi. Bu shunchaki balandparvoz so‘zlar emas, mamlakat taqdiriga daxldor, farovonlik, tinchlik va taraqqiyotimiz bilan bog‘liq aniq va dolzarb mulohazalar edi. Bu ulug‘ yo‘lda har birimiz bir musht bo‘lib, Ona Vatan rivoji uchun hissa qo‘shishimiz uchun da’vat bo‘ldi. Bu da’vat esa bizni o‘zbek degan ulug‘ nom ostida birlashtiradi.

Darvoqe, kamina ham amaldagi Prezidentimizga ovoz berdim. Chunki Vatanim taqdirida o‘zimning, oilamning, ayniqsa, xalqimning kelajagini yorug‘ bo‘lishini istayman!

Nargiza Asadova, jurnalist

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar