O‘zbekiston va Tojikiston teng ulushga ega bo‘lgan ikkita gidroelektrostansiya quradi

O‘zbekiston va Tojikiston teng ulushga ega bo‘lgan ikkita gidroelektrostansiya quradi

Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Tojikiston hududidagi Zarafshon daryosi havzasida ikkita gidroelektrostansiyani birgalikda qurish uchun Ochiq aksiyadorlik jamiyatini tashkil etmoqda. Bu haqda Asia-Plus xabar qildi.

Ushbu kompaniyadagi tojik tomonining ulushi 50 foiz + 1 aksiya, o‘zbek tomoni esa 50 foiz — 1 ta aksiyani tashkil etadi.

Loyiha ikki mamlakat tomonidan kelishilgan va yaqin vaqt ichida imzolanishi kutilmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari nomidan Jamiyat asoschisi vazifasini bajaruvchi tashkilotni belgilaydilar.

Ijtimoiy va atrof-muhitga ta’sirini texnik-iqtisodiy asoslash va baholash hamda monitoring o‘tkazish uchun mustaqil xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishda Xalqaro moliya institutlari yoki davlat tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilishga ruxsat beriladi.

Qurilayotgan stansiyalarda ishlab chiqariladigan barcha elektr energiyasini O‘zbekiston tomoni sotib olishi kutilmoqda.

Birinchi bosqichda yiliga 800 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Yovon» GESi quriladi. 140 Megavatt quvvatga ega ushbu stansiyaning dastlabki qiymati 282 million dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi bosqichda yiliga o‘rtacha 600 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradigan «Fondaryo» GESini qurish imkoniyati o‘rganiladi. 135 Megavatt quvvatga ega ushbu stansiyani qurish uchun 270 million dollar ajratish kerak bo‘ladi.

Tojikiston hukumati respublika hududida boshqa davlatlarning hukumatlari bilan birgalikda gidroelektrstansiyalarini qurish bo‘yicha tajribaga ega. Xususan, Rossiya ishtirokida «Sangtuda GES-1» va Eron ishtirokida esa «Sangtuda-2» GESlari qurilgan va ishlamoqda.

Ma’lumot uchun, GESlarni qurilishi 2018 yili e’lon qilingandi. 2021 yilning mart oyida GESlarni qurish muhokamasi bo‘layotgani xabar qilindi.

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifidan so‘ng Prezident matbuot kotibi Zarafshon daryosida ikkita GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolangani haqida ma’lum qildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar