Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyat faqat O‘zbekiston hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Bu haqda Hukumatning 2020 yil 11 martdagi qarori bilan “Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizatsiya qilish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra: litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini ishlab chiqarish, ta’mirlash va realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash Milliy gvardiya tomonidan amalga oshiriladi.
Bu bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi. Litsenziya talabgorining arizasiga binoan litsenziya litsenziyalanayotgan faoliyat turining butun faoliyat turiga yoki uning bir qismiga (qismlariga) berilishi mumkin.
Litsenziyalar amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi.
Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun BHMning 4 baravari (892 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
Litsenziya berilganligi uchun BHMning 10 baravari (2 mln 230 ming so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish