Respublika ishchi guruhi: poytaxt natijalari

Respublika ishchi guruhi: poytaxt natijalari

O‘rganishlarda ikki tumanning 50 ta mahallasidagi aksariyat ko‘p qavatli uylar-u hovlilarda elektr, gaz, issiqlik, ichimlik suvi ta’minoti va boshqa kommunal masalalarda muammolar borligi aniqlandi. Uzluksiz ishlagan ikki shtabga bu borada qariyb 2 ming 900 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 2 ming 430 dan ortig‘i hal qilib berildi. Bu, bir tomondan, Respublika ishchi guruhi faoliyati ko‘lami va qamrovi qanchalik keng bo‘lganini, ikkinchi tomondan, mazkur sinovlar davlat idoralari va xalqimizni yanada jipslashtirganini ham anglatadi.

Birgina Chilonzor tumanida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf qilish uchun 24 ta transformator yangilanib, 15,7 km. tarmoq tortildi, 5,9 km. past kuchlanishli tarmoq esa ta’mirlandi. Aytaylik, tumanning Xayrobod mahallasida 5 mingdan ziyod aholi yashasa, qorli kunlarda mahallada tez-tez chiroq o‘cha boshladi, hatto ular ma’lum vaqt chiroqsiz ham qolib ketdi. Sababi transformatorning quvvati pastligi, yuklama ortib ketgani bilan bog‘liq. O‘rganishlardan so‘ng mazkur muammoni hal qilish uchun Xayroboddagi eskirgan 400 kilovolt-amperli transformator bir yarim baravar katta quvvatlisiga almashtirildi.

Xuddi shunday “1-Charx Kamolon” mahallasida ham 250 kilovolt-amperli transformator ham eskirgani, ham quvvati pastligi uchun o‘zi tez-tez ishdan chiqar edi. Izg‘irinli kunlarda yuklamani butkul ko‘tara olmay qolgan bu transformatorning ham katta quvvatlisiga almashtirilishi bilan mahalladagi xonadonlarni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash imkoni yaratildi.

“Katta Qozirabod” mahallasida esa 4 ta yangi trasformator o‘rnatilib, 200 metr tarmoq yangilanishi bilan 60 ta xonadondagi chiroq o‘chishlarga barham berildi.

Yunusobod tumanida esa elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarni tezkor hal etish uchun 8 ta mobil brigada shakllantirilib, qisqa vaqtda ko‘p qavatli 516 ta uy va 17 ming 510 dan ziyod hovlilardagi chiroq o‘chishlar bilan bog‘liq masalalar hal qilib berildi. Bu jarayonda transformatorlarning 3 tasi yangilandi, 34 tasi ta’mirlandi, 7,3 km. yangi elektr tarmog‘i tortildi. Deylik, “Adolat” mahallasida ko‘p qavatli 44 ta uy, 100 ga yaqin hovli va 4 ta ijtimoiy soha ob’yekti bo‘lib, bu yerda ham yuklama ko‘payib ketishi oqibatida elektr tarmoqlari kuyib erib ketadi. Murojaatlar asosida bu masala ham tezkorlik bilan hal qilinib, trasformator ta’mirlandi, yangi, zamonaviy yuqori kuchlanishga bardoshli elektr tarmoqlari tortildi.

Shuningdek, “Bo‘ston” mahallasida ham yuqori kuchlanish oqibatida izdan chiqqan elektr tarmoqlari va trasformatorlar rekonstruksiya qilib berildi. Bu bilan mahalladagi 600 ga yaqin xonadonda elektr energiyasi tiklandi.

Qishda asosiy ne’mat – issiqlik. Odamning uyi ilimaguncha ko‘ngli ham ilimaydi, ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Yunusobodning Chinobod ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardagi o‘rganishlarda ham shunday bo‘ldi: aholi isitish quvurlari muzlab, tizim nosoz holga kelib qolganidan shikoyat qilishdi. Murojaatdan so‘ng 2 qavatli 7 ta uy, 108 ta xonadon va 960 o‘rinli yotoqxonani isitishga mo‘ljallangan zamonaviy energotejamkor modul qozonxona o‘rnatib berildi. Bu bilan nafaqat bu xonadonlarga, balki yuzlab odamlar ko‘ngiliga ham iliqlik kirdi.

“Ahilobod” mahallasidagi ko‘p qavatli uylarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilishi bilan ko‘p qavatli 2 ta uyda yashovchi 100 ga yaqin xonadon mushkuli oson bo‘ldi. Bu jarayonda “Yangibog‘” mahallasidagi isitish tizimlari ham rekonstruksiya qilindi.

Chilonzorning “Naqqoshlik” mahallasida esa issiq suv quvurlari sovuqqa bardosh berolmay yorilib ketgan ekan. O‘rganishlar natijasida bu masala ham joyida hal qilinib, issiq suv ta’minoti tiklandi.

“Tirsakobod” mahallasidagi ko‘p qavatli uylarni issiq va sovuq suv bilan ta’minlovchi magistral quvurlar ta’mirlanishi bilan bu yerda yashovchi 200 ta xonadon va maktabgacha ta’lim tashkilotida hayot yana o‘z maromiga tushdi. Quvurlar ta’mirlanguncha aholiga maxsus texnikalarda obi hayot yetkazib turildi.

Xuddi shunday murojaatlar asosida “Zarqo‘rg‘on” mahallasidagi ko‘p qavatli 5 ta uydagi 300 ga yaqin xonadonni suv bilan ta’minlashga mo‘ljallangan magistral quvur ta’mirlab berildi. Bu kabi amaliy ishlar “Ko‘tarma” mahallasida ham amalga oshirildi. “Katta Xirmontepa” mahallasidagi 23-uy yerto‘lasidagi quvurlar to‘liq almashtirilgach, 72 ta xonadonning ichimlik suvi, issiqlik va oqava suv tizimidagi muammolarga barham berildi. “Al Xorazmiy” mahallasidagi ko‘p qavatli ikkita uyda esa muddatini o‘tab, nosoz holga kelib qolgan liftlar yangisiga almashtirildi.

Bu jarayonda ijtimoiy soha ob’yektlari, birinchi navbatda, ta’lim muassasalarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi muammolar bosqichma-bosqich hal qilib berilmoqda. Aytaylik, Chilonzor tumanidagi har bir umumta’lim maktabidagi o‘quv jarayoni, muassasaning isitish tizimi, muhandislik-kommunikatsiya holati “Situatsion markaz” tizimi orqali onlayn kuzatib borilmoqda.

Shu bilan birga bu masalalar joyiga chiqib ham o‘rganilmoqda. Jumladan, 264-maktabning issiqlik tizimi, yerto‘lasidagi quvurlar holati, sinfxonalardagi harorat o‘rganilgach, ayrim muammolar bartaraf etilgach, dars jarayonlariga ruxsat etildi. Ayni paytda maktabda o‘qish uchun yetarli sharoit bor, sinfxonalarda issiqlik maromida.

Umumlashtirib aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Chilonzor va Yunusobod tumanlarida “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida uyma-uy, xonadonma-xonadon tashkil qilingan sayyor qabullarida 3 ming 80 dan ortiq masala ko‘rib chiqilib, ularning 2 ming 670 dan ziyodi hal qilindi, qolgan murojaatlar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar