Tojikistondagi "Sarez" ko‘li va uning atrofidagi muammolar, xavotirlardan kimlardir xabardor bo‘lishi va kimlardir u haqda eshitmagan bo‘lishi mumkin.
"Sardoba" suv omborida yuz bergan ofat va uning oqibatlari bizni "Sarez" ko‘li muammosiga qaytishga, uning ehtimoliy oqibatlari haqida jiddiyroq o‘ylashga da’vat etadi. Solishtirish uchun tekislikda joylashgan "Sardoba" suv omborining suv sig‘imi 930 million kubometr, ya’ni 0.93 kilometr kub bo‘lsa, Tojikistonda tog‘larning cho‘qqisida hosil bo‘lgan va O‘zbekiston tomonga qarab yorilish ehtimoli bo‘lgan "Sarez" ko‘lining ichida 17 kilometr kub, ya’ni "Sardoba"dagidan 18 marta ko‘p suv to‘plangan. Orol dengizi to‘liq bo‘lgan paytlarda ichida 68 kilometr kub suv bor bo‘lgan.
"Sardoba"ning suvi yorilib chiqib, tekis yo‘l bilan O‘zbekiston va Qozog‘istondagi bir nechta tumanlarni bosib, hozirga qadar ikkala tarafdan 100 000 dan ortiq insonlarni ko‘chirilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, xudo ko‘rsatmasin, qattiqroq zilzila yuz berib, "Sarez" ko‘lining suvi chiqib ketadigan bo‘lsa, u tog‘lar tepasidan daxshatli tezlikda pastga oqib tushib, Amudaryo oqimiga qo‘shilib, o‘z yo‘lida Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi bir nechta viloyatlarni bosib ketishi mumkin.
"Sarez" ko‘li muammosi turli sabablarga ko‘ra hal qilinmay kelayotgan bo‘lsa ham u olimlar tomonidan yetarlicha o‘rganilgan. Xavfdan ogohlantirib kelayotgan olimlar ko‘l suvi chiqib ketgan taqdirda uning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida turli ehtimoliy ssenariylarni ishlab chiqqanlar. Men ushbu ssenariylardan mening nazarimda ehtimoli yuqoriroq bo‘lgan birini sizlarga taqdim etmoqchiman.
Kichik tarix
Ma’lumot uchun, 1911 yilda yuz bergan zilzila natijasida Murg‘ob daryosining yo‘li to‘silib qolib, tog‘larning orasida, dengiz sathidan 3255 metr balandlikda suv yig‘ila boshlagan. Hozirga kelib, 100 yildan ortiq davr mobayinida yig‘ilgan suvning hajmi 17 km kubdan ortib ketgan. Ko‘lning uzunligi 70 kilometrga cho‘zilib, uning chuqurligi 500 metrga yakin.
"Sarez" ko‘li joylashgan hudud seismik zonada joylashgan va u yerda tez-tez yer qimirlab turadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 100 yil davomida yuz bergan zilzilalar natijasida ko‘lning aynan O‘zbekistonga qaragan tomonidan yoriqlar hosil bo‘lgan. Bu degani qattiqroq zilzila yuz bersa, suvning yo‘lini to‘sib turgan qoya yorilib, ko‘l suvining chiqib ketish xavfi baland.
Ehtimoliy ssenariy
Xudo ko‘rsatmasin, agar barchamiz qo‘rqqan ofat yuz bersa, ko‘lning suvi qayerga ketadi? Suv shiddat bilan tog‘ tepasidan pastga qarab oqib, dastlab Tojikiston hududidagi qishloq va shaharlarni bosib, Surxondaryo hududlarigacha yetib boradi va 17 km kub hajmdagi suv o‘z yo‘lida uchragan daraxtlar, uylar, odamlarni oqizib kelib, Amudaryoning o‘zaniga qo‘shilib oladi. Undan keyin suv daryo o‘zani orqali Turkmaniston hududlarida katta tezlikda oqib borib, Xorazm viloyatiga yetib boradi. Xorazm viloyati Amudaryoning chap qismida, ya’ni daryo sathidan quyida joylashgan hudud hisoblanadi. Bu degani, katta hajmdagi suv o‘z yo‘lida deyarli butun Xorazm viloyatini bosib, Orol dengiziga olib ketadi.
Agar "Sarez" ko‘li rostdan yorilib ketadigan bo‘lsa, uning ichidagi suvning Tojikistondan Orolgacha yetib borishi 1-4 kun orasida yuz berishi mumkinligi aytiladi. Ya’ni agar ofat yuz beradigan bo‘lsa, suv oqib borishi mumkin bo‘lgan hududlardagi 5 milliondan ortiq aholini butunlay xavfsiz joylarga ko‘chirish uchun vaqt yetarli bo‘lmasligi mumkin va "Sardoba"dagi vaziyat uning oldida hech narsa bo‘lmay qolishi mumkin.
Yechimlar va choralar haqida
Sarez muammosi shunchalik dolzarb ekan, nima sababdan u maummo 100 yildan beri hal qilinmay kelgan? Buning sabablari ko‘p. Sobiq sovet ittifoqi davrlarida ko‘lga bir necha bor ekspeditsiyalar yuborilgan va xavfning mavjud ekanligi tasdiqlangan. Biroq ko‘l tog‘ning cho‘qqisida joylashganligi va u yerda ulkan miqdorda suv to‘planganligi sababli uni yechish uchun ulkan moliyaviy, ilmiy-texnik vositalar kerak bo‘lgan. Bunday serharajat va bosh og‘riqli loyihani amalga oshirish uchun albatta davlat rahbarlari darajasida siyosiy iroda ham kerak bo‘lgan.
Shu sababdan, muammoni hal etish doim ortga surib kelingan.
Mustaqillik yillarida bir tomondan Tojikistonning siyosiy va iqtisodiy ahvoli bu muammoni yechishga imkon bermagan bo‘lsa, boshqa tomondan o‘zbek-tojik munosabatlarining yaxshi bo‘lmaganligi muammoni birgalikda yechish imkoniyatini yo‘qqa chiqargan.
Hozirga kelib, Tojikiston bilan aloqalarimiz yaxshi va agar barcha vositalar ishga solinsa, muammoni birgalikda hal qilish imkoniyatlari mavjud.
"Sarez" ko‘lining suvini ikki xil maqsadda ishlatish ko‘zda tutilgan:
- Ko‘lning suvini drenajlar (so‘rdirib olish) yordamida chiqarib olib, sun’iy kanal qazib, Amudaryogacha olib kelib, uni Orol dengiziga yuborish.
- Ko‘lning suvi chuchuk suv bo‘lganligi sababli uni drenajlar yordamida chiqarib olib, suv qadoqlash zavodlari tashkil qilib, suvni aholiga ichimlik suvi qilib sotish.
Ikkala ssenariy ham juda qimmat va murakkab hisoblanib, ularni amalga oshirishda xatolarga, ayniqsa siyosiy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak bo‘ladi.
Birinchi ssenariy muammoni tezroq va samaraliroq hal qilishi mumkin, biroq u "insonparvar" chora bo‘lganligi sababli suvni "Sarez"dan Orolga olib borish loyihaga pul tikuvchilar uchun foydali bo‘lmasligi mumkin. Bu chorani moliyalashtirishdan O‘zbekiston va Tojikistonning o‘zlari ham manfaatdor bo‘lmasliklari mumkin. Ya’ni bu loyihani amalga oshirish eng to‘g‘ri chora bo‘lsa ham uning amalga oshirilish extimoli kamroq.
Ikkinchi ssenariy uzoq muddatlarda iqtisodiy tomondan o‘zini oqlashi va shu sababdan sarmoyadorlarni jalb etishi mumkin, ammo "uzoq muddatlar" zilzila va ofat yuz berishining oldini olmaydi. "Sarez" muammosi aslida 5 million insonning taqdiri bilan bog‘liq bo‘lgach, bu iqtisodiy loyiha foydali bo‘lsa ham bosh maqsadga xizmat qilmaydi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston tarafi aynan ikkinchi chorani tanlagan va uni amalga oshirish uchun chet ellik sarmoyadorlarni jalb etgan. "Sarez" ko‘li Tojikiston hududining ichida joylashganligi bu loyihaga O‘zbekistonni jalb etilmaganligini tushuntirishi mumkin, biroq bu loyihani amalga oshirish Xitoy tarafiga topshirilganligi bizni yanada hushyorlikka chorlashi kerak. Zero, "Sarez" ko‘liday taqdirimizni hal qilishi mumkin bo‘lgan strategik ob’yektni mintaqada siyosiy ambitsiyalarga ega bo‘lgan davlatga topshirish geosiyosiy xato bo‘lishi mumkin. O‘zi bunday ulkan loyihalarni Xitoy, Rossiya, AQSh kabi siyosiy, geosiyosiy va imperialistik niyatlarga ega bo‘lgan davlatlarga ishonish xato qaror deb o‘ylayman. "Sarez" ko‘li, AES qurilishiga o‘xshagan davlat taqdiriga dahldor loyihalarga siyosiy ambitsiyalarga ega emas yoki unday imkoniyatlarga ega bo‘lmagan janubiy Koreya, Yaponiya kabi yoki Yevropaning biron davlati orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq deb o‘ylayman.
Nima bo‘lgan taqdirda ham "Sardoba" falokati bizga saboq bo‘lishi kerak va "Sarez" ko‘li muammosiga yanada jiddiyroq yondashishimiz kerak. Aks holda, barchamiz qo‘rqqan ofat yuz beradigan bo‘lsa, oqibatlarni xayriyalar bilan bartaraf eta olmasligimiz mumkin.
Doniyor Ro‘zmetov, Fransiya
Manba: Human.uz
Izoh qoldirish