O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo‘yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.
– Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi! – deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.
Biroq, joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotgani bildirilgan.
Yana bir misol, 2019 yilda iqtisodiy sudlarda apellyasiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rilgan ishlarning 2,5 mingdan ortig‘i, ya’ni 44 foizi bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan. Bu har ikki shikoyatdan biri bo‘yicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o‘zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo‘layotganidan dalolat beradi.
Mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.
Sud tizimida eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan “nazorat tartibida ishlarni ko‘rish” amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.
Izoh qoldirish