Temir daftar, Ayollar daftari yoki Yoshlar daftarida turuvchilarga qanday kreditlar ajratiladi?

Temir daftar, Ayollar daftari yoki Yoshlar daftarida turuvchilarga qanday kreditlar ajratiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 2021 yil 28 aprel, 250-sonli qarori tasdiqlandi.

Unga ko‘ra,

▪️«Temir daftar»ning yuritilishi bo‘yicha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi;

▪️«Ayollar daftari» yuritilishi bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi;

▪️«Yoshlar daftari» yuritilishi bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi mas’ul hisoblanadi.

«Temir daftar»

«Temir daftar»ga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari:

  • tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanishga ko‘maklashish — Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari;
  • tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va kredit olishga ko‘maklashish — Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari, tijorat banklari, xalqaro moliya institutlaridan jalb etiladigan kredit va grantlar hisobidan moliyalashtiriladi.

«Ayollar daftari»

▪️Xalq banki «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga kredit olishda ko‘maklashish, bu masalada respublikada ajratilgan kreditlarning statistik hisobotini yuritish va kredit ajratilgandan so‘ng ularning tadbirkorligini rivojlantirish uchun doimiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlarni muvofiqlashtirishga mas’ul hisoblanadi.

▪️Kreditlar «Ayollar daftari»ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

▪️Bunda kreditlar bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha miqdorda ajratiladi.

▪️Kreditlarning foiz stavkasi bo‘yicha, istisno tariqasida, 2022 yil 1 yanvarga qadar Markaziy bankning asosiy stavkasi belgilanadi.

▪️Kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi.

▪️Kreditlar qarz oluvchining ssuda hisobvarag‘idan kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun tegishli tashkilotlarning bankdagi hisobvarag‘iga pul o‘tkazish yo‘li bilan ajratiladi.

▪️Kreditlar Mikrokreditbank, Agrobank va Xalq bankining tuman (shahar) filiallari tomonidan «Ayollar daftari»da hisobda turgan xotin-qizlarning familiyasi, ismi, otasining ismi bo‘yicha alfavit tartibida shakllantirilgan qat’iy navbat asosida ajratiladi.

«Yoshlar daftari»

Prezidentning 2020 yil 13 noyabrdagi PQ-4862-son qaroriga ko‘ra, maxsus sertifikat olgan yoshlarga «Mikrokreditbank» tomonidan mikrokredit ajratiladi:

▪️tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi kreditlar ta’minotsiz ajratiladi;

▪️mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Jamg‘arma kafilligi va boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

▪️Kreditlarning foiz stavkasi MBning asosiy stavkasida belgilanadi.

▪️Kreditlar 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi.

▪️Tijorat banklari tomonidan yoshlarga baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, tikuvchilik, hunarmandchilik va boshqa ilg‘or sohalarda faoliyatlarini tashkil etish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar ajratiladi.

Kreditlarni ilgari olingan kreditlar yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga, shaxsiy ehtiyoj uchun avtotransport sotib olishga, ma’muriy xarajatlarni to‘lashga, jumladan, avtotransport vositasining ta’minoti, mebel, aloqa xizmatlari to‘lovi va uyali telefon sotib olishga hamda qonun hujjatlari va Markaziy bankning qoidalariga ko‘ra taqiqlangan faoliyatlarga ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar