Timur Ishmetov tashqi qarzlarni jalb qilish uchun dastlabki muloqotlar boshlanganini ma’lum qildi

Timur Ishmetov tashqi qarzlarni jalb qilish uchun dastlabki muloqotlar boshlanganini ma’lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri Timur Ishmetov “O‘zbekiston” telekanaliga bergan intervyusida xalqaro moliya tashkilotlari rivojlanayotgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar ajratishi haqida aytib o‘tdi.

Bu mablag‘lar ishlab chiqarish, bandlikni ta’minlash, aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

“O‘zbekistonda so‘nggi uch yil davomida amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarning natijalarini butun dunyo ko‘rib turibdi. Xalqaro moliya institutlari mazkur islohotlarni takror-takror e’tirof etib kelmoqda. Bu islohotlar ana shu mablag‘larning tezkorlik bilan jalb qilinishiga zamin yaratgan. Ayni kunlarda dastlabki muloqotni boshladik. Xalqaro moliya tashkilotlari vakillaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonini shu kungacha dunyo mamlakatlari tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar orasida eng mukammali deb e’tirof etdi.

Ularni ayniqsa, farmonning ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan qismi hayratga soldi. Xalqaro moliya tashkiloti vakillarining ta’kidlashicha, ular bu farmonni qisqa muddatda, 4-6 hafta ichida ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘ning berilishiga kafolat deb hisoblashmoqda”, dedi moliya vaziri.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar