Pandemiya davrida Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga olib kelish maqsadida O‘zbekiston Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati rossiyalik hamkasblari bilan muzokaralar olib borib, “Toshkent – Moskva – Toshkent” yo‘nalishida maxsus poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Transport vazirligi ma’lum qilishicha, joriy yil 14, 21, 28 dekabr kunlari “Moskva — Toshkent” yo‘nalishida dastlabki poyezdlar qatnovi amalga oshiriladi. Mazkur poyezdlar Moskvadan soat 22:28 da jo‘naydi.
Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida chiptalarning elektron sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Moskvada bo‘lib turgan fuqarolarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi bilan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining ye-ticket.railway.uz veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilishi ham mumkin.
«Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan olish mumkin», deyiladi Transport vazirligi xabarida.
Izoh qoldirish