Qarshida Markaziy Osiyodagi eng yirik "Amerika burchagi" ochildi

Qarshida Markaziy Osiyodagi eng yirik

Qarshi shahrida AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi va Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari (AMERICAN COUNCILS) tashabbusi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Amerika burchagi ochildi.

Viloyat markazidagi “Barkamol avlod” maktabining ikkinchi qavatida joylashgan bu yangi maskan kutubxona, kompyuter laboratoriyasi, anjumanlar zali hamda AQShda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olmoqchi bo‘lgan yoshlarga bepul maslahat ko‘rsatuvchi EducationUSA markazi sinfxonasidan iborat. Umumiy maydoni 320, foydalanish maydoni esa 230 kvadrat metrga teng Amerika burchagi AQShdagi ta’lim dargohlariga mos uslubda qayta qurilib, zamonaviy kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi internetga ulangan.

Loyiha tashabbuskorlariga ko‘ra, Qarshi shahridagi Amerika burchagi Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan shu kabi maskanlardan eng yirigidir. Bu yerda barcha uchun ingliz tilidagi an’anaviy va elektron kitoblar hamda ta’lim va madaniyatga oid boshqa resurslardan, shuningdek, kompyuter laboratoriyalari xizmatidan bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ayni paytda yangi markazda ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha klublar tashkil etish, shu tildagi filmlar namoyishlarini o‘tkazish, AQShlik ekspertlar ishtirokidagi turli dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

- Qarshi shahrida Amerika burchagining ochilishi nafaqat ikki davlat, balki AQSh va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni ham mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi, - dedi maskanning tantanali ochilish marosimida AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum.

Marosimda ta’kidlanganidek, Qarshi shahridagi Amerika burchagi dunyoning 140 dan ortiq mamlakatlarida ochilgan 600 dan ziyod shu kabi markazlar tarmog‘iga qo‘shiladi. Maskanda tanlov asosida saralab olingan mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda Fulbrayt dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga kelib, bevosita Qashqadaryoda faoliyat yuritayotgan AQShlik o‘qituvchilar ham ta’lim beradi. Shuningdek, bu yerda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari va Amerikadan tashrif buyurgan taniqli shaxslar – yozuvchilar, musiqachilar va boshqalar ishtirokida ham turli tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

AMERICAN COUNCILSning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Uilyam O’Roarkning aytishicha, tez orada O‘zbekistonning yana bir qancha shaharlarida ham Amerika burchaklari ochilishi mo‘ljallanmoqda. Xususan, shu yilning oxirigacha bunday maskan Samarqand shahrida faoliyat boshlashi mumkin.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar