Yangi yilning ilk ish kunidan boshlab pasport o‘rniga ID-kartalar berila boshlaydi

Yangi yilning ilk ish kunidan boshlab pasport o‘rniga ID-kartalar berila boshlaydi

Biometrik pasport o‘rnini egallashi kutilayotgan shaxsni identifikatsiya qiluvchi ID-kartalari butun respublika bo‘yicha 2021 yilning ilk ish kuni 4 yanvardan berila boshlanadi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ulug‘bek Mirzaqambarov ma’lum qildi, deb yozadi "Gazeta.uz" nashri.

ID-kartalarini olish uchun hech qanday maxsus hujjatlar talab etilmaydi, faqat paspot, ariza va davlat boji — bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi (198 470 so‘m) to‘lanishi lozim. Ulug‘bek Mirzaqambarovning so‘zlariga ko‘ra, ID-karta bir ish kunida beriladi.

Doimiy yashash manzilida ro‘yxatdan o‘tish o‘zgargan taqdirda, kartani almashtirish talab etilmaydi.

«1 sentyabrdan Toshkent va Toshkent viloyatida ro‘yxatga olish tizimini raqamlashtirish jarayoni boshlandi. 1 yanvardan boshlab butun respublika bo‘yicha propiska jarayonlari raqamlashtiriladi. Propiska faqat tizimda o‘zgartiriladi. Kartaning o‘zida yashash manzili yozilmaydi», — dedi boshqarma boshlig‘i.

Ma’lumot uchun, Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, ID -kartalar bir yoshga to‘lmagan yangi tug‘ilgan bola uchun — 2 yil muddatga, 1 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar — 5 yil muddatga (ota-onalar, vasiylar, homiylarning qaroriga binoan), 16 yoshdan — 10 yil muddatga (O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — 5 yil muddatga) beriladi.

O‘zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti 2031 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari biometrik pasportlari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va chet davlat fuqarolarining yashash guvohnomalarini identifikatsiya ID-kartalariga almashtirish:

  • birinchi bosqichda 2021 yil 1 yanvardan 2022 yil 31 dekabrgacha ixtiyoriylik asosida 16 yoshga to‘lganda hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablarga ko‘ra;
  • ikkinchi bosqichda 2023 yil 1 yanvardan 2030 yil 31 dekabrgacha majburiy tartibda amalga oshiriladi.

Identifikatsiya kartasida egasining biografik ma’lumotlari, raqamli fotosuratlari, barmoq izlari (16 yoshga to‘lganida) va elektron raqamli imzo kalitining sertifikati (16 yoshga to‘lganda) saqlanadi. Shu bilan birga, egasining millati to‘g‘risidagi ma’lumotlar identifikatsiya kartasining chipiga ID-karta shaklida ko‘rsatilmasdan kiritiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar