AQSh banklari tomonidan 13 holatda O‘zbekistondagi kompaniyalarning to‘lovlari muzlatib qo‘yildi yoki musodara qilindi. Bu haqda 21 iyul kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zaxidov ma’lum qildi.
«Ushbu holatning barchasini o‘z sababi bor. 3−4 ta holatda to‘lovlar sanksiya e’lon qilingan kunda o‘tkazilgan. 4−5 ta holatda qabul qiluvchi tomon sanksiya ostida bo‘lmagan, biroq, qabul qiluvchilarning benefitsiarlari sanksiyaga tushgan odamlar bilan bog‘liq bo‘lgan. Xorijiy banklar shuni aniqlashdi va [тўловларни] muzlatib qo‘yishdi», dedi Botir Zaxidov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 3−4 ta holatda mahalliy kompaniyalar xavf-xatarlar haqida ogohlantirilgan, lekin shunga qaramay to‘lovlarni amalga oshirgan va yakunda ular muzlatib qo‘yilgan. Botir Zaxidov xorijiy banklar ushbu yo‘nalishlarni kuchaytirilgan rejimda monitoring qilib turganini qayd etdi.
«Bu hamma davlatda bor. 13−20 ta holat yuz minglab tranzaksiyalar orasida — hech nima emas. Bu tabiiy», dedi MB rasining birinchi o‘rinbosari.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ta’kidlashicha, Amerika banklari bilan aloqaga chiqilgach, mablag‘ning ma’lum qismi qaytarilgan. Uning baholashicha, bugungi kunga kelib, «138 ming dollar mablag‘ning masalasi hal etilmasdan qolmoqda».
Izoh qoldirish