Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat Respublika Ishchi guruhi a’zolari viloyatlarda sharoiti og‘ir bo‘lgan eng chekka qishloqlarda tunab, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish va o‘z joyida hal etish bo‘yicha ishlarni boshlagandi.
Tajriba sifatida ilk manzil Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani tanlangan edi. Mazkur tajriba ko‘plab o‘zining ijobiy natijalarini bergach, ushbu amaliyotni boshqa hududlarda ham davom ettirish kerakligi belgilandi.
Navbatddagi manzillar esa Andijon viloyatining Asaka tumani hamda Farg‘ona viloyatining Beshariq tumani tanlab olindi.
Xo‘sh, o‘tgan uch kunda ushbu hududlarda qanday amaliy natijalarga erishildi? Aholi roziligi uchun nimalar qilindi?
Asaka tumanida Ishchi guruh a’zolari tomonidan tumandagi 70 ta mahallada uyma-uy yurilib, 3 434 ta xonadon, 27 ta ijtimoiy soha ob’yektlari o‘rganildi. Jami 1 892 ta muammo aniqlanib, hozirga qadar 100 ga yaqini joyida hal etilgan bo‘lsa, qolganlari bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi tuzilib, yechimi bo‘yicha manzilli tadbirlar rejalashtirib olindi.
Jumladan, o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz 177 nafar fuqaroga kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun “Har bir oila tadbirkor”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi qator dasturlar bo‘yicha deyarli 3.5 milliard imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi.
Beshariq tumanidagi 50 ta mahallada “xonadonbay” o‘rganish ishlari boshlangan bo‘lib, hozirga qadar 5 622 ta xonadon sharoitlari bilan tanishildi. Natijada 2 mingga yaqin muammo aniqlangan bo‘lib, ularning 150 dan ziyodiga joyida yechim topildi.
Xususan, 200 nafar aholini oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida 4.5 milliard so‘mga yaqin imtiyozli kredit hamda subsidiya mablag‘lari ajratib berildi.
Yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan “Beshariq”, “Usmonobod”, “Qiyat-Sartol”, “Chorbog‘to‘rong‘i” mahallarida yashovchi 14 nafar fuqarolarning uy-joylarini ta’mirlash uchun 500 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Izoh qoldirish