Davaktiv agentligi Poytaxt bank sotuvga chiqarilganini e’lon qildi

Davaktiv agentligi Poytaxt bank sotuvga chiqarilganini e’lon qildi

Xalqaro miqyosida tan olingan konsalting xizmatlari ko‘rsatuvchi kompaniyalardan Deloitte kompaniyasi (keyingi o‘rinlarda - Konsultant) “Poytaxt bank” AJni (keyingi o‘rinlarda - Bank) xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida tanlab olindi. Bu haqda Davaktiv xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020 - 2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida” 2020 yil 12 maydagi PF - 5992-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Davaktiv agentligi) “Poytaxt bank” AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiya paketlari narxlarini maksimal qiymatda, shu bilan birga kelgusida bankning moliyaviy holati barqarorligini oshirish va rivojlantirish shartlari bilan ommaviy savdolar orqali sotish (keyingi o‘rinlarda - Bitim) rejasini e’lon qildi.

Bank to‘g‘risida qisqacha ma’lumot

Bank O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 - 2021 yillarda Toshkent shahrida arzon uy-joylarni qurish ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 13 martdagi PF-2824-son Farmoni bilan aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2018 yil 29 dekabrida berilgan 84-sonli bank litsenziyasiga asosan, tijorat bank operatsiyalarini, qimmatli qog‘ozlar, xalqaro valyuta operatsiyalarini amalga oshirish, ssuda va kafilliklar berish, omonatlar qabul qilish va kredit berish, O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek yuridik va jismoniy shaxlarga boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatish Bankning asosiy faoliyati turlari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan Bank tasdiqlangan davlat sug‘urta qo‘yilmalari dasturida ishtirok etadi, litsenziyasi bekor qilingan holda ham qo‘yilmalar summasidan qat’iy nazar, qo‘yilmalar 100 foiz miqdorida qaytariladi.

Bankka “Ahbor-Reyting” reyting agentligi tomonidan uzB+ “Barqaror” kredit reytingi berilgan.

Bitimni amalga oshirish jarayoni

Davlat aksiya paketlarining sotilishi raqobat asosida, barcha manfaatdor ishtirokchilar uchun ochiq ariza topshirish yondashuvi asosida amalga oshiriladi. Bankni sotish mexanizmi va jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:

  • Ishtirok etishga qiziqish bildirganlar 1-3 ilovalarga muvofiq ishtirok etish uchun ariza, ishtirokchilarni saralash va g‘olibni tanlash mezonlari va nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha hujjatlar to‘plamini taqdim etish;
  • Dastlabki malakaviy tanlov;
  • Tijoriy va moliyaviy takliflarni tanlab olish;
  • Bitimni rasmiylashtirish;

Birinchi bosqichda ishtirokchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar to‘plamini o‘rganish natijalariga asosan, sotuvchi keyingi bosqichga o‘tkazilgan malakali ishtirokchilarning ro‘yxatini tuzadi (Long list) va ularga saralash natijasi bo‘yicha alohida xabar beradi.

Ikkinchi bosqichda ishtirokchilar bilan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risida bitim (NDA) imzolanadi. Shundan so‘ng ikkinchi bosqich ishtirokchilari bankka doir ma’lumotlarni ma’lumotlar bazasiga (Data room) va kelgusida belgilangan muddat davomida bank to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni olish uchun onlayn va oflayn sessiyalarga ruxsat beriladi. Ikkinchi bosqich ishtirokchilari tomonidan Bank to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rib chiqilgandan so‘ng bitimni imzolash uchun majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni (Non-binding offer) taqdim etish so‘raladi.

Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar ko‘rib chiqilgandan so‘ng, Agentlik konsultant bilan birga uchinchi bosqich ishtirokchilarini tanlab oladi. Tanlab olingan ishtirokchilarga Bankni qo‘shimcha o‘rganish (Due diligence) imkoniyati taqdim etilib unda bankka tashrif buyurish va menejerlar taqdimotida ishtirok etish uchun ruxsat beriladi.

Uchinchi bosqich doirasida, ishtirokchilar ma’lumotlarni o‘rganish natijalariga asosan majburiyatga ega bo‘lgan tijoriy va moliyaviy takliflarni (Binding offer) taqdim etadi. Tanlov natijasiga asosan ishtirokchilarning qisqa ro‘yxati (Short list) shakllantiriladi va ishtirokchilarga alohida bildirishnomalar yuboriladi.

Qisqa ro‘yxatga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining dastlabki ruhsatnomasini olgan to‘rtinchi bosqich ishtirokchilarga oldi-sotdi shartnomasi, dastlabki badal to‘lovni amalga oshirish uchun bank xisob raqami va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokalarni o‘tkazish uchun taklif yuboriladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokalar natijasiga ko‘ra sotuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan g‘olib bilan oldi-sotdi shartnomasi imzolanishini taklif etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar