Hokim yordamchilari – xalq orasida (“O‘zbekiston” mahallasidagi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“O‘zbekiston” mahallasidagi)

­— Mamlakatimizda ilk bor “mahallabay” tizimi joriy etilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?

— “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur o‘rin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratmoqda. Mamlakatimizda islohotlarning pirovard maqsadi aholi farovonligini oshirishdir. Shu bois, Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz turmushini yaxshilash yo‘lida juda katta vazifalarni amalga oshirishga kirishildi. Aholi uchun qulay shart-sharoit yaratib berish ulardagi “...bankka ishonmayman, bir yil yugursam ham kredit ololmayman”, degan ishonchsizlikka barham berdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Hokim yordamchilari xalq orasiga kirib borganidan so‘ng aholi huquqiy ongining oshishi, ulardagi takliflarni eshitish, yangi g‘oyalar maqsadlari yo‘lida mahalla fuqarolari orasida yetakchilik qilish orqali davlat idoralariga bo‘lgan ishonch paydo bo‘ldi. Ko‘plab masalalar ortiqcha qog‘ozbozliksiz, yugur-yugurlarsiz mahalladan chiqmay turib hal bo‘ladigan bo‘ldi, yana bir muhim jihatlardan biri – mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish orqali oilaviy sharoitlarni yaxshilashga erishildi.

Bir necha yillardan buyon yechimi topilmay kelayotgan muammolarga xonadonbay ishni tashkil etgan holda yordam berilmokda.

— O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Avvalgi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?

— Men 1996 yil 21 aprel kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Qirsadoq mahallasida ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Mutaxassisligim iqtisodchi.

Varshava menejment universiteti “Xalqaro biznes va marketing” fakulteti sirtqi bo‘limi talabasiman (Andijon filiali). Yosh tadbirkorman.

Hokim yordamchisi lavozimi joriy qilinguniga qadar tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida kadrlar bo‘yicha mutaxassis lavozimida faoliyat yuritganman. Faoliyatim davomida tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanib kelganim sababli tuman mahallalarida 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrov masalalari bo‘yicha fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, takliflarini ko‘rib chiqish, maktabgacha ta’lim tashkiloti yo‘q bo‘lgan mahallalarda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirilishi natijasida mazkur mahalla fuqarolariga tadbirkorlik qilishlari uchun tavsiya va yo‘nalishlar berish orqali ushbu mahallaning ijtimoiy holati bilan yaqindan tanishib qolgan edim.

Avvalgi ish joyimda aholi bandligi masalalari bilan hududlarga chiqib doimiy ravishda ishlaganligim sababli fuqarolar bilan muloqotga tez kirishib ketdim. Kadrlar bo‘limidagi faoliyatimda rahbarlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish olib borganligim esa aholi orasida mavjud bo‘lgan muammolarni aniq masalasiga qarab, mas’ullarga yo‘naltirish kabi muammolarni hal etishim uchun imkon bermoqda.

— Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, mahalla aholisi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi? Mahallada qanday ijtimoiy infrastruktura ob’yektlari bor (maktab, bog‘cha, tibbiy punkt va h.k.)?

— Mahallamiz tuman markazida joylashgan bo‘lib, jami 751 ta xonadon mavjud. Hududda 930 ta oila istiqomat qiladi, umumiy aholi soni bugungi kunga kelib 3 015 tani tashkil etadi. Shulardan 1 010 tasi yoshlar. 2022 yil xatlov natijalariga ko‘ra, 78 nafar ishsiz fuqaro aniqlangan edi. Bugungi kun holatiga kelib, ularning 51 nafari o‘z ish joyiga ega bo‘ldi, kam ta’minlangan oilalar soni 18 tani tashkil etadi.

Mahallaning asosiy “drayveri” — tikuvchilik (kiyim-kechaklar tikish) hamda avtomobillarga xizmat ko‘rsatish. Mahalla hududida 2 ta xususiy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta xususiy klinika hamda 1 ta dorixona mavjud.

— Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, qancha aholi ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, tadbirkorlik qay darajada rivojlangan? Mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi?

— Mahallaning 40 foiz aholisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib keladi, yana 10 foiz aholi mahalla hududida tikuvchilik yo‘nalishida tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan. Xotin-qizlar o‘z uylarida yarim tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarib, sotishadi. Yana bir tadbirkorlik yo‘nalishida avtomobillarga texnik xizmatlar ko‘rsatish, ularga g‘ilof tikish hamda mashinalar uchun aksessuarlar sotuv do‘konlari mavjud.

— Mahalla aholisi bilan qanday aloqa o‘rnatdingiz?

— Hokim yordamchisi lavozimiga tayinlanganimdan so‘ng oila a’zolarim duolari ila ishni dastlab ko‘cha boshilari bilan tanishishdan boshladim. Mahalladagi eng faol, mas’uliyatli fuqarolar bilan hudud muammolari hamda kelajakda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan rejalarni belgilab oldim. Har bir xonadonga kirar ekanman, aniq va konkret masala hamda muammolarni bartaraf etishga bel bog‘ladim va ko‘tarilgan masalani uch kunga qolmay ijobiy hal qilinishiga erishdim. Shu sababli, aholining hokim yordamchisi faoliyatiga va bugungi kunda ilgari surilayotgan islohotlarga ishonchi ortishiga erisha oldim, deb ayta olaman. Quvonchli tarafi, bir yillik faoliyatim samarasi o‘laroq, mahalla aholisi meni o‘z qizlaridek yaxshi ko‘rib qoldi, Vatanim oldidagi burchimni faxr bilan bajarishda davom ettirib kelmoqdaman.

— Hokim yordamchisi sifatida mahallangizda bir qator tadqiq va so‘rovlar o‘tkazgansiz. Iltimos, ularning natijalari haqida bizga batafsil ma’lumot bering, nimalarni aniqladingiz?

— Xatlov jarayonida mahallamizda ishsizlik darajasi o‘rganilganida, buning sababi sifatida mahalladagi xotin-qizlarning hech qanday bilim-ko‘nikmaga ega emasligi va shu tufayli ularning ishsiz ekani namoyon bo‘ldi. Ayollar bilan suhbatlashganimda, ularning tekinga kasb-hunarga o‘qish imkoniyati borligini, uydan chiqmay ham daromadga ega bo‘lishi mumkinligini aytganimda ular menga ishonishdi. Yil boshida 13 nafar ayol tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitildi, buni ko‘rgan boshqa ishsiz ayollar ham uydan chiqmasdan turib daromadli bo‘lish mumkinligiga guvoh bo‘lishdi, o‘zlari qiziqtirgan kasb-hunarga o‘qish istaklarini bildirishdi. Bugungi kunga kelib mahallamizdagi ayollar tikuvchilik ishini boshlab yuborishgan, hattoki ustozlik qilib dars berayotgan ayollarimiz ham bor.

— O‘tkazilgan tadqiq va o‘rganishlar natijasida mahalla aholisi orasida kambag‘allikning qanday asosiy sabablari aniqlandi? Ularni bartaraf etish va mavjud muammolarni hal qilishda qanaqa yondashuvlar ishlab chiqdingiz? Ushbu sohalarda qanday chora-tadbirlar ko‘ryapsiz va amalga oshirishni rejalashtiryapsiz?

— Xatlov natijasida turli xil oilalar bilan tanishdim. Barcha oilalarning o‘z muhiti va dunyoqarashi bor. Fuqarolarning qiziqishlari, intilishlariga qarab ular bilan fikr almashdim, kerak bo‘lsa, ular bilan do‘stlashdim, yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z maslahatlarimni berdim. Kambag‘allikning asosiy sababi yetarli malaka va bilimning kamligida namoyon bo‘ladi.

Biz demokratik davlatda yashar ekanmiz, erkaklar va ayollarning ta’lim olish, ishlash, mehnat qilish huquqlari ham teng, ayollar uchun qator imkoniyatlar ko‘p, masalan, ularning ta’lim olishlari uchun foizsiz kreditlar ajratilishi, tadbirkorlik qilishlari uchun xech qanday garov ta’minoti talab etilmasli va boshqalar. Asosiysi, ularga motivatsiya berib, ishsiz aholining ongiga harakat qilish, yashash uchun kurashish, izlanish kerakligini singidirish zarur. Natijada xotin-qizlarda kelajakka intilish hissini uyg‘ota oldim va ko‘plab ayollar bepul kasbga o‘qitildi, kredit, subsidiyalar ajratildi, uyda o‘tirgan ishsiz ayollardan tadbirkor ayollar shakllantirildi. Masalan, bir oilada 9 nafar fuqaro yashasa, bitta erkak kishi uchun bu qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Yo‘qchilik esa oiladagi sog‘lom muhit, tinchlikning buzilishiga birinchi sabab bo‘ladi. Uyda bekor o‘tirgan ayollar uy sharoitida daromad topishi natijasida hozirgi kunda oilalar kambag‘allik darajasiga kelib qolishini oldini oldik, deb bemalol ayta olaman.

2023 yil uchun aniq rejalar tuzganmiz. Shulardan biri — mahallada bo‘sh turgan binodan mahalla fuqarolari uchun turli xil yo‘nalishda bilim olish mumkin bo‘lgan o‘quv markazi tashkil qilish, imtiyozlar joriy qilib, “Yoshlar”, “Ayollar” va “Temir daftar”da turadigan fuqarolarni bepul kasbga o‘qitish orqali barchani kasb-hunarga yo‘naltirish.

— Aytingchi, mahalla ahlini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

— Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon xalqning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Yurtimizda aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik mavjudligi birinchi marta e’lon qilingan kundan boshlab uni qisqartirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim — “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” joriy etildi. Har bir xonadonni o‘rganar ekanman, fuqarolarning o‘zida ham ozgina bo‘lsa-da harakat, tushunish, izlanish, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish uchun xohish yo‘qligidan gohida xafa bo‘ldim.

Mahallamiz fuqarolari uyda tadbirkorlik bilan bevosita shug‘ullanib kelgan bo‘lsa-da, tadbirkorlik sub’yekti tashkil qilmasdan ish yuritganligidan hadiksirab, eshigimni soliq xodimlarini taqillatib kelmasmikan, degan savollar bilan yashab kelganiga ham guvoh bo‘ldim. Fuqarolarga o‘zini o‘zi band qilish orqali ro‘yxatdan o‘tib, qo‘rqmasdan faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkinligi, bunda o‘zini-o‘zi band qilgan aholi topayotgan daromadidan soliq to‘lamasligini to‘g‘ri tushuntira oldim. Bu tizim orqali ko‘plab fuqarolarning bandligi ta’minlandi. O‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlari berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli ming-minglab fuqarolarimiz mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi.

— Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?

— Umumiy qilib aytadigan bo‘lsam, kambag‘allikning asosiy sabablaridan biri bu — harakatsizlik, dangasalik, kelajakka intilmaslik, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqning yo‘qligi deb bilaman. Oxir-oqibatda bular insonni botqoqlikka yetaklaydi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini o‘lchash uchun shunday yondashuv qo‘llanilganki, unga ko‘ra, kambag‘allar toifasiga aholining kam daromadga ega bo‘lgan, biroq mustaqil ravishda, jamiyat yordamisiz o‘zining moddiy ahvolini yaxshilay olmaydigan qismi kiritilgan. “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etildi.

Insonda bilim va ko‘nikmalarning yetishmasligi muammosini hal qilish va kambag‘allarning ta’limiga investitsiya kiritish rivojlanishning asosiy omilidir. Hozirgi kunga kelib ijtimoiy himoyaga muhtoj toifaga mansub fuqarolar uchun moddiy va ma’naviy tomondan barcha sharoitlar yaratib berildi.

Fuqarolarga kambag‘allikdan chiqish uchun ko‘plab imkoniyatlar, moddiy yordamlar, o‘z ishini boshlab, oyoqqa turib olish uchun subsidiyalar, soliq to‘lovlaridan bir qator imtiyozlar berib kelinayotgan bo‘lsa-da, biroq bu imkoniyatdan hamma ham to‘g‘ri foydalanmayapti, ya’ni “Bersang — yeyman, ursang — o‘laman” deb boqimandalikni o‘ziga kasb qilib olish holatlari ham uchrab turibdi.

Biz, avvalo, o‘zimiz o‘zgarsak, hech kimdan hech nima talab qilmay, o‘zimiz harakat qilsak – shundagina rivojlana olamiz. Kambag‘alga doim yordam berish kerak, degan tushunchani dangasa, boqimanda odamlar ongidan chiqara olsakkina, eng katta yutuqlardan biriga erishgan bo‘lamiz. Inson aybni o‘qituvchisidan, ota-onasidan, mahalla raisidan emas – aslida o‘zidan qidirishi kerak. Xatosini to‘g‘irlab, harakat qilishni boshlasagina, kambag‘allikning kelib chiqishi darajasi pasayadi. Shuningdek, ta’limga e’tiborni oiladan kuchaytirib borish, oilada sog‘lom muhitni yaratib berish ham farovon hayot uchun birinchi qadam hisoblanadi.

— Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada mahallangizdagi muammolarni qanday tavsiflab bera olasiz va ularni hal etish, mahallangizni obodonlashtirish borasida qanday ishlar olib boryapsiz?

— Mahallaga kelganimda mahallaning Taxtako‘prik ko‘chasiga 6 oy avval yangi transformator olib kelingan, ammo o‘rnatilib, ishga tushirilmagan edi. Mahalla aholisining qilgan murojaatlari natijasida o‘tgan yilning 14 mart kuni tuman Elektr tarmoqlari korxonasining yangi rahbari mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi ishtirokida transformatorni ishga tushirish uchun temir-beton tayanchlar o‘rnatib berishni xalq ichida va’da berdi. Men bu muammo hal bo‘lmagunicha, yangi rahbarni ikki kun “tinch quymadim”. Oradan ikki kun o‘tib, 2022 yil 16 mart kuni mahallaga temir-beton tayanchlar olib kelindi, eski transformator yangisiga almashtirildi.

Fuqarolar bilan birgalikda ichki yo‘llarni asfalt qilishni rejalashtirib, tashabbusli byudjet loyihasining 2022 yil ikkinchi mavsumida o‘z tashabbusimizni kiritdik va 1 mlrd 200 mln so‘m mablag‘ni mahalla ko‘chasining 2 500 metr ichki yo‘llarini asfaltlash uchun yutib oldik.

“Yashil makon” dasturi doirasida fuqarolar va homiylar tashabbusi bilan mahallaning bo‘sh turgan yerlariga mevali daraxtlar ekildi. Bundan tashqari, 2023 yilgi “Tashabbusli byudjet” loyihasining birinchi mavsumida ko‘chamizga transformator, beton tayanchlar hamda tungi yoritish chiroqlari zarur bo‘lganligi sababli 540 mln so‘m yutib olishga erisha oldik.

— Siz mahallangizning iqtisodiy rivojlanishini eng yaxshi ta’minlay oladigan asosiy “o‘sish nuqtalari” (drayverlari), tarmoq yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdingizmi? Agar o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu so‘rov nimani ko‘rsatdi? Bu haqda, shuningdek, aniqlangan “o‘sish nuqtalari”ni rivojlantirish uchun nima ishlar qilayotganingiz haqida ko‘proq gapirib bering.

— Mahallalarning o‘sish nuqtalarini aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, aniqlab oldim. O‘zbekiston mahallasida, asosan, xizmatlar sohasi rivojlangan. Misol uchun aytadigan bo‘lsam, Fortuna food ovqatlanish kafesida 48 nafar xodimlar faoliyat yuritadi, ulardan 32 nafari aynan shu mahalla fuqarolari. Avtomobillarga xizmat ko‘rsatish sohasida esa bizning mahalla avtoservislarining alohida o‘rni bor. 13 nafar tadbirkor tomonidan tashkil etilgan avtoservis xizmatlari xalq uchun faol rejimda faoliyat yuritadi. Xususan, mahallamizda tikuvchilik yo‘nalishida ham bir talay ishlar olib borilmoqda. Hududda 4 ta tikuv sexi mavjud bo‘lib, ularda ishsiz ayollar yarim tayyor mahsulotlarni tikib berish orqali o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

— Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?

— Fuqarolarni kredit olish, ishga joylashishida sarson qilmasak, ularga vaqtida xizmat ko‘rsata olsak, aholi tomonidan bizga “rozi qilish” kabi noma’qul takliflar tushishini kutib o‘tirmasdan, o‘z vazifamizni halol bajarsak – hech kim korrupsiyaga qo‘l urmaydi, deb hisoblayman. Lekin jamiyatimizda “sening otang meni do‘stim bo‘lgan, men uchun shu kreditdan tezlashtirib ber”, “kel kelishaylik, seni ham quruq qo‘ymayman” deydigan odamlar ham yo‘q emas. Biz, avvalo, o‘z nafsimizni jilovlay olishimiz, berilgan ishonchni oqlashimiz shart. Shuningdek, jamoatchilik nazorati va shaffoflik ham korrupsiyaning oldini olishga katta yordam beradi.

— Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi? Kelajak rejalaringiz haqida so‘zlab bering.

— Faoliyatim natijasida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholining turmush darajasi yaxshilandi, deb ayta olaman. Xususan, o‘tgan vaqt davomida mahalla fuqarolari uchun bo‘sh turgan sobiq supermarket binosidan maqsadli foydalanish taklifini kiritdim, natijada uning o‘rnida namunali xususiy bolalar bog‘chasi, qo‘shimcha savdo do‘konlari, tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha kichik sex tashkil etildi.

Bundan tashqari, universitetni tamomlagan talaba yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun ham yordam berildi. Bu ishlarni bir o‘zim qilmadim – mahallaning ahil faollari hamisha meni qo‘llab-quvvatlab kelishdi.

Bilasizmi, shu mahalladagi fuqarolarning ishonchiga kira olganim, ulardagi samimiyat doimo olg‘a intilishimda motivatsiya beradi. Hattoki, meni “...agarda sen yuqori lavozimga ko‘tarilib ketsang ham, biz seni mahalla deputati etib saylab, baririb o‘zimizda olib qolamiz”, degan gaplari faoliyatim davomida erishgan yutuqlarimning eng kattasi deb e’tirof eta olaman.

— Samimiy javoblar uchun tashakkur!

Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2023

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar